Tramp AQSh tarixidagi eng yirik "yalmog‘iz ovi" haqida so‘z ochdi
AQSh prezidenti Donald Tramp sobiq FTB direktori Robert Myullerning maxsus prokuror etib tayinlanishiga keskin munosabat bildirdi. Gap shundaki, maxsus prokuror Amerikadagi prezidentlik saylovlariga Rossiyaning aralashuvi masalasini o‘rganadi. BBC shu haqida xabar berdi.
"Bu - Amerika tarixidagi siyosatchiga nisbatan eng katta yalmog‘iz ovi", - deb yozdi u o‘zining Twitter'ida adliya vazirligi maxsus prokurorni tayinlaganidan bir necha soat o‘tib.
Ushbu lavozimni 2001-2013 yillar AQSh Federal tergov byurosiga rahbarlik qilgan Robert Myuller egalladi.
10 may kuni AQSh prezidenti FTB rahbari Jyeyms Komini iste'foga chiqarganidan so‘ng Amerikadagi saylovlarga Rossiyaning aralashuviga doir tergov ishini olib borish uchun maxsus prokurorni tayinlash talab qilindi.
Muxolifat prezidentning qarorini tanqid ostiga olib, uni o‘sha payt Komi boshqarib borayotgan tergovga bosim o‘tkazishda aybladi.
Tramp barcha ayblovlarni soxta, tergovning o‘zini esa "soliq to‘lovchilarning puli evaziga kelgan maynavozchilik" deb atagan.
Kuni kecha AQSh kongressi FTBdan Tramp va Komining uchrashuvlari yozuvlarini taqdim etishni talab qildi. Bu New York Times gazetasida chiqqan maqoladan keyin ro‘y berdi - unga ko‘ra, AQSh prezidenti endilikda sobiq FTB rahbaridan Rossiya bilan aloqalarda gumon qilinayotgan milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Flinn bilan bog‘liq voqealarni bosdi-bosdi qilishni so‘ragan.
Tramp Flinni ishdan bo‘shatgan. Nashrga ko‘ra, Komi prezident bilan bo‘lgan barcha uchrashuvlar va suhbatlarni izchil hujjatlashtirib borgan - kongressmenlar aynan shu hujjatlarni talab qilishmoqda.
Kongress bayonotida aytilishicha, agar shunday yozishma bo‘lgan taqdirda, bu Trampning FTBning Flinnga nisbatan tergoviga ta'sir o‘tkazish yoki halaqit berishga uringani masalasini qo‘yadi.
CNN telekompaniyasi ham New York Times kabi anonim manbalariga tayanib, ushbu yozishma mavjudligi haqida ma'lum qildi.
FTB rossiyaliklarning AQShdagi saylovlarga aralashuviga doir tergov ishini davom ettirmoqda. Payshanba kuni Reuters agentligi Trampning jamoasi 2016 yilning aprelidan noyabriga qadar kamida 18 marta Rossiya hukumati vakillari bilan aloqada bo‘lganini ma'lum qildi, FTB bu ma'lumotlarni ham o‘rganib chiqmoqda.
Oq uy Tramp jamoasi a'zolarining Rossiya hukumati bilan aloqalariga oid barcha ayblovlarni rad etmoqda. Kreml ham, o‘z navbatida, AQShdagi saylov kampaniyalariga aralashuvni inkor qilmoqda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin kuni kecha Tramp Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan uchrashuvda unga maxfiy sirni ochgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlarga keskin munosabat bildirdi. "Ko‘rib turganimizdek, AQShda siyosiy shizofreniya avj olmoqda", - dedi Putin.
Mavzuga oid
13:09
Migrantlar allaqachon Rossiyadan boshqa tomonga qaramoqda – rossiyalik gubernator
12:48
Bokudagi deputat: Rossiya samolyot halokati uchun uzr so‘rashi kerak
10:31
Rossiyaning Sumi oblastini o‘qqa tutishi: 300 dan ortiq portlash, bir kishi halok bo‘ldi
19:17 / 26.12.2024