Jahon | 17:54 / 19.05.2017
49842
15 daqiqa o‘qiladi

Atambayev o‘rniga nomzodlar: Rus tili o‘qituvchisidan tortib «un qiroli»gacha

Foto: Sputnik

Nihoyat Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi mamlakat prezidentligi lavozimiga o‘z nomzodini aniqlab oldi. Partiya siyosiy kengashi mamlakatning ayni paytdagi bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov nomzodida to‘xtaldi.

Ilgariroq, sobiq hukumat boshlig‘i Temur Sariyev, «Respublika — Ota Yurt» fraksiyasi yetakchisi Omurbek Babanov, «Onuguu-Progress» partiyasi rahbari Bakit Torobayev va korrupsiyada ayblanib, Qirg‘iziston milliy xavfsizligi davlat qo‘mitasi yerto‘lasida hibsda saqlanayotgan «Ota makon» partiyasining o‘zgarmas rahbari Omurbek Tekebayev prezidentlik saylovi poygasida o‘z ishtirokini bildirib o‘tgan edi.

Ekspertlar agar prezidentlik saylovoldi kampaniyasi boshlanishidan oldin sud Tekebayevga nisbatan hukm o‘qimasa va uning nomzodi olib tashlanmasa, poyga aynan mana shu besh nomzod o‘rtasida bo‘lib o‘tishini bashorat qilishmoqda. Tahlilchilarning fikricha, qolgan nomzodlar statistlar sifatida saylovda qatnashishadi.

Qirg‘izistonning «24.kg» axborot agentligi nomzodlarning tarjimai holidagi eng e'tiborga molik jihatlarni yodga olib chiqdi.

Zootexniklikdan bosh vazirlikkacha

Sooronbay Jeenbekov 1958 yilda O‘sh viloyatining Qorakulcha qishlog‘ida tavallud topgan.

Jeenbekovlar urug‘i mamlakat janubida eng nufuzlilaridan biri sanaladi.

Foto: Sputnik

Uning otasi Sherip Jeenbekovning olti o‘g‘li, ikki qizi bor. To‘ng‘ichi — Kantoro Jeenbekov obro‘li olim bo‘lgan. U hayotini fanga bag‘ishlab, katta siyosatdan o‘zini tortib yurgan. Kantoro Sharipovich shu yilning aprelida Prezident ish yuritish boshqarmasiga qarashli kasalxonada vafot etdi. Uning o‘limiga insult sabab bo‘ldi.

Nomzodning kichik akasi — Asilbek Jeenbekov — yaqin-yaqingacha Qirg‘iziston parlamentida spiker lavozimini egallab kelayotgan edi. Agar Sooronbay Jeenbekov hukumatni boshqara boshlamaganida, u shu kunlarda ham parlament rahbari bo‘lib turgan bo‘lar edi. Asilbek Jeenbekov o‘z vazifasidan voz kechishga majbur bo‘ldi. Jusupbek Sharipovich yaqingacha mamlakatning Saudiya Arabistonidagi elchisi edi. Jirg‘albek Jeenbekov O‘sh viloyatida yashaydi. Janishbek Jeenbekov — amakivachchasi. Eng kenjasi Iskender Jeenbekov 28 yoshida O‘sh viloyati prokurori bo‘lgan edi, u ham vafot etgan. Sooronbay Jeenbekovning opa-singillari haqida ma'lumot yo‘q. Ular siyosatdan yiroq, oddiy hayot kechirishadi.

Qiziq fakt: bosh vazir Sooronbay Jeenbekov rus tilida juda yomon gapiradi va asosan qirg‘iz tilidan foydalanadi. Biroq, u o‘z mehnat faoliyatini 1973 yilda O‘zgan tumanida rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi sifatida boshlagan.

O‘zining oliy ma'lumot to‘g‘risidagi ilk diplomini u 1983 yilda Skryabin nomidagi qishloq xo‘jaligi institutini tugatgandan so‘ng qo‘lga kiritgan. Ancha yil zootexnik bo‘lib ishlagan.

Asqar Akayev iqtidorda bo‘lib turgan paytlarda Qirg‘iziston parlamentining xalq vakillari Majlisi deputati bo‘lgan.

Qurmanbek Bakiyev prezidentligi vaqtida qishloq xo‘jaligi vazirligini boshqargan.

QSDPga «Oq uy»ning qattiq bosimi uyushtirilgach, Sooronbay Jeenbekov siyosatdan voz kechib, o‘zini biznes sohasiga urgan.

Katta siyosatga 2010 yilning aprelida qaytgan. U o‘shanda O‘sh viloyati hokimi bo‘lgan. 2010 yili O‘shda yuz bergan fojiali voqealar aynan uning hokimligi davriga to‘g‘ri keladi. 

Lekin bu vazifada u 5 yil ishlab, 2015 yilning oktabrida davlat kadrlar xizmatiga yetakchilik qila boshladi. 2016 yilning aprelida bosh vazir etib saylangan. 2017 yilda uning iste'foga chiqishi kutilayotgan edi, biroq taqdiriga boshqa narsa yozilgan ekan shekilli, Sooronbay Jeenbekovni prezidentlikka nomzod sifatida ilgari surishdi.

Botinan muxolifatchi bo‘lgan muallim

Maorif sohasini siyosiy sahnaga o‘zgartirgan yana bir sobiq o‘qituvchi Omurbek Tekebayev bo‘ladi. U 1991 yilda «Erkin Qirg‘iziston» partiyasiga yetakchi bo‘lgach, siyosiy cho‘qqiga ko‘tarilishni boshlaydi. Tekebayev haqli ravishda Qirg‘iziston Respublikasi konstitutsiyasining tugash bilmayotgan tahrirlash jarayonining «faxriy»si hisoblanadi.

Foto: Sputnik

1991 yilda u Asosiy qonunni ishlab chiqish bo‘yicha komissiya a'zosiga aylangach, mamlakat bosh hujjatini qayta yozish ishida doimo ishtirok etib kelgan. 2010 yilda esa Konstitutsion majlisni butunlay boshqara boshladi.

Omurbek Tekebayev — ko‘p yillik stajga ega deputat. U to‘rtinchisini hisobga olganda, barcha chaqiriqlardagi parlament a'zosi, o‘shanda «Ota makon»ni parlamentga o‘tkazishmagan va quloqsiz sotsialistlarni sotsial-demokratlar va qat'iyatsiz kommunistlar bilan almashtirishgan.

2000 yildan Asqar Akayev bilan birgalikdagi davrdan boshlab Omurbek Tekebayev o‘z nomzodini prezidentlik saylovlariga qo‘yib keladi.

Yutqazgach, muxolifat safidan o‘rin olgan. «Oq uy»ning murosasiz raqibi sifatida u 2005 va 2010 yillarda ikkita davlat to‘ntarishini kutib oldi.

Butun siyosiy faoliyati davomida Tekebayev ortidan mojarolar izi qolib bormoqda. So‘ngisi — korruptsion mojaro uning hibsga olinishi bilan tugadi. Nima bo‘lganda ham, partiyasi o‘z yetakchisini prezidentlikka nomzod sifatida ilgari surishga qaror qildi. MSKda uni ro‘yxatga olishlarini va'da qilishgan.

«Un qiroli»ning orzusi

Bakit Torobayev prezidentlik poygasidagi o‘z raqiblariga qaraganda siyosat maydonida yangi kishi hisoblanadi. 2007 yilgacha u tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. Uni «un qiroli» deb ham atashadi. Chunki Jalolobod viloyatidagi eng yirik un tayyorlash korxonasi unga tegishli.

Foto: Sputnik

2007 yilda u Bakiyevning «Oq yo‘l» partiyasi tarkibida deputat etib saylanadi, 2009 yil oktabrida favqulodda vaziyatlar vaziri etib tayinlanadi. 2010 yil aprelida tushunarsiz sabablarga ko‘ra o‘z lavozimidan voz kechadi va Omurbek Babanovning «Respublika» partiyasiga qo‘shiladi. 2010 yilda yangi partiyasi bayrog‘i ostida beshinchi chaqiriq parlamentiga deputat etib saylanadi. Biroq Torobayev 2013 yilda o‘z boshlig‘i bilan «ajraladi» hamda Mirlan Bakirov va Tinchtik Shaynazarov bilan deputatlik guruhini tuzadi. O‘shanda u «Onuguu-Progress» partiyasiga asos soladi va u 2015 yilgi saylovlarda Oliy Kengashga to‘rtinchi partiya bo‘lib o‘tadi.

Bakit Torobayev 2016 yilda parlament spikeri lavozimi uchun muvaffaqiyatsiz kurashib ko‘radi.

«Onuguu-Progress» 2016 yilning noyabrida koalitsiyadan chiqib ketadi, chunki Bakit Torobayev va uning sobiq hamfikrlari QSDP tomonidan taklif etilgan, Konstitutsiyaga kiritilajak o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashmaydi. Fevral oyida esa Torobayev kattalarning g‘azabiga uchrab, hibsga olingan Omurbek Tekebayevni qo‘llashini ma'lum qiladi va o‘zi ham «katta»larning qora ro‘yxatiga tushib qoladi. Torobayevni, shuningdek, parlamentni tarqatib yuborish haqidagi fikrlari ham mashhur qilgan. U yana Bishkekni Singapur kabi rivojlantirish kerakligini ta'kidlab keladi.

Ambitsiyali oligarx

Qirg‘izistonning eng boy siyosatchilaridan biri Omurbek Babanov ham o‘zini prezidentlikka nomzod sifatida sinab ko‘radi. U ham Sooronbay Jeenbekov kabi dastlabki oliy ma'lumotiga ko‘ra qishloq xo‘jaligi xodimi. Hukumat tuzilmalariga kelgunga qadar ishbilarmonlik bilan shug‘ullangan. 2005 yilda parlament deputati bo‘ladi. 2006 yilda «Islohotlar uchun» muxolifatchi harakatga qo‘shiladi va Omurbek Tekebayev, Bolot Sher va Azimbek Beknazarov bilan birgalikda yangi Konstitutsiya qabul qilish hamda Kurmanbek Bakiyevning iste'foga chiqarilishini talab qiladi. O‘sha yilning noyabrida «Oq uy» oldida hokimiyat raqiblarining mitinglarini o‘tkazadi.

Foto: Sputnik

Mitinglar juda hissiyotlarga boy tarzda o‘tgani sababli jurnalistlar Babanovga «Inqilob Dijyeyi» laqabini berishgan.

2007 yilda Omurbek Babanov QSDP ro‘yxati bo‘yicha parlamentga kirishga urinib ko‘radi, biroq MSK uning Qozog‘iston fuqarosi ham ekanligini aniqlab, bu ishga to‘siq qo‘yadi. Babanov o‘z o‘rnini Roza Otunbayevaga bo‘shatib, o‘zini chetga oladi.

Aprel voqealari va Bakiyevning qochishidan so‘ng bosh vazirning birinchi o‘rinbosari sifatida Almazbek Atambayev hukumati tarkibiga kiritiladi. 2011 yilning oktabrida Atambayev prezident etib saylangach, bosh vazir vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lib ishlagan. 2012 yil 1 sentabrida, parlament ko‘pchiligi koalitsiyasi bo‘lingach, iste'foga chiqqan.

Bu iste'foga Babanovning ashaddiy do‘sti va adashi Omurbek Tekebayev sabab bo‘ladi. Aynan u Babanov turk biznesmenlaridan sovg‘a sifatida olgan ot haqidagi voqeani ommaga e'lon qilgan edi. 

2010 yilning iyunida tuzilgan Babanovning «Respublika»si ham chok-chokidan so‘kilib ketadi. 2014 yilning 20 oktabrida «Respublika» va «Ota Yurt» partiyalarining navbatdan tashqari qo‘shma qurultoyi o‘tkaziladi va unda delegatlar ko‘pchilik ovoz bilan «Respublika — Ota Yurt» yangi siyosiy kuchining yaratilishiga rozilik berishadi. Omurbek Babanov Qamchibek Tashiyev bilan birgalikda yangi partiyaning hamraisi bo‘ladi.

2015 yil yozida partiya Oliy Kengash uchun o‘tkaziladigan saylovlarga faol tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Biroq saylovoldi kampaniyasiga bir oy qolganda o‘zining jahldorligi bilan nom qozongan Qamchibek Tashiyev raqobatchi tashkilot — «Onuguu-Progress» shtabi vakili bilan mushtlashib ketadi. MSK Tashiyevni saylanish huquqidan mahrum etadi. Babanov sobiq safdoshi uchun ko‘p ham qayg‘urib o‘tirmaydi, biroq Babanov va Tashiyev bir-birining yog‘ bosgan yuzlariga qor ishqalashayotgani surati ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilib, «haqiqiy» erkakcha do‘stlik qanaqa bo‘lishi namoyish etiladi.

Qamchibek Tashiyev o‘z do‘stlari Axmatbek Keldibekov va Adaxan Madumarov oldiga ketadi, Omurbek Babanov esa deputat etib saylanib, «Respublika — Ota Yurt» fraksiyasini boshqara boshlaydi.

2017 yil martida «Respublika — Ota Yurt» partiyasidan nomzod sifatida prezidentlik saylovlarida ishtirok etish niyatini oshkor etadi. Biroq har xil gap-so‘zlar kelib chiqmasligi uchun, jurnalistlarga o‘z millionlarini qanday ishlab topgani-yu, qarindoshlaridan biri Rossiya-Qirg‘iziston rivojlantirish fondidan 17 million dollar kredit olganligini ham oshkor etadi.

Qalbda bahor va komsomol

Prezidentlikka nomzodlardan yana biri — sobiq bosh vazir Temir Sariyev. U o‘zining mehnat faoliyatini 1983 yilda Alamedin mo‘yna fabrikasida boshlagan. Keyinroq siyosiy hayotida yuz bergani kabi, o‘shanda ham katta qadamlar tashlab, 1987 yilda bosh iqtisodchi bo‘lib oladi. 1987–1989 yillarda yo‘riqchi lavozimini egallaydi, so‘ngra Alamedin rayon komsomol qo‘mitasining ishchi yoshlar bo‘limi mudiri bo‘lib ishlaydi.

Foto: Sputnik

1989 yildan 1991 yilgacha o‘zini partiya ishlarida namoyon etadi. SSSR tarqalgach, Temir Sariyev o‘zini biznesga uradi.

Ishbilarmonlik bilan shug‘ullanayotgan tajribali iqtisodchi sifatida Qirg‘izistondagi birinchi tovar-xomashyo birjasining prezidenti bo‘ladi va u yerda 1995 yilgacha ishlaydi.

2000 yildan boshlab Temir Sariyev o‘zini siyosatda sinab ko‘rishga qaror qiladi va parlament saylovlarida qatnashib ko‘radi hamda muvaffaqiyat qozonadi.

2005 yilgi davlat to‘ntarishini ham deputatlik mandati bilan kutib oladi. 2007 yilda uchinchi chaqiriq parlamenti muddatidan oldin tarqatib yuboriladi. To‘rtinchi chaqiriqqa Sariyev kira olmaydi va muxolifatga o‘tib ketadi. U «Islohotlar uchun!» harakatining hamraisiga aylanadi va bir vaqtning o‘zida «Akshumkar» demokratik kuchlar ittifoqi» partiyasiga ham hamraislik qiladi. 

2008 iyunida «Akshumkar»ga rais etib saylanadi.

2008 yilning 24 dekabridan Qirg‘iziston Respublikasining muxolifatdagi «Birlashgan xalq xarakati» siyosiy byurosi a'zosi.

Aprel voqealaridan so‘ng vaqtinchalik hukumat raisi o‘rinbosari etib tayinlangan va o‘rindoshlik asosida moliya vazirligini ham boshqargan. 2011 yilda parlament yig‘ilishida aprel va iyun voqealari sabablarini surishtirish milliy komissiyasining hisoboti eshitilayotgan chog‘dagi rostgo‘yligi uchun undan vazirlik lavozimi tortib olinishiga bir baxya qoladi. O‘shanda u turli banklardagi yopiq bank yacheykalari va hibsga olingan hisob raqamlardan pul olinganini bilganiga iqror bo‘ladi. 2014 yilda Temir Sariyev boshqatdan surishtiruv o‘tkazilishini talab qiladi, lekin u hanuzgacha o‘tkazilmagan.

Parlamentning beshinchi chaqirig‘iga ham u kira olmadi. 2010 yilning 10 oktabrida o‘tkazilgan parlament saylovlarida uning partiyasi uch foizdan kamroq ovoz to‘plagan edi.

2015 yilning 2 mayida Temir Sariyev iqtisodiyot vaziri kursisidan bosh vazirlik kursisiga o‘tkaziladi.

2016 yilning 11 aprelida, hukumatning navbatdan tashqari yig‘ilishida bosh vazir Temir Sariyev iste'foga chiqishini ma'lum qiladi. Avtomobil yo‘llarini qayta ta'mirlash bo‘yicha o‘tkazilgan tenderlar bilan bog‘liq mojaro uning iste'fosiga sabab bo‘ladi.

Mojaroni «Qirg‘iziston» fraksiyasi yetakchisi Qanatbek Isayev boshlab beradi. Biroq, Isayevning o‘zi ham keyinroq fraksiya ichidagi intrigalar qurboniga aylanadi va yetakchilikdan mahrum etiladi.

2017 yil yanvarida Temir Sariyev prezidentlik saylovlarida ishtirok etishini rasman e'lon qilgan edi.

Mavzuga oid