Jahon | 20:24 / 20.05.2017
37050
9 daqiqa o‘qiladi

“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini Markaziy Osiyoda nima kutmoqda?

Foto: Sinxua

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston prezidentlari o‘tgan hafta dam olish kunlari Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumida ishtirok etishdi. Forum maydoni O‘zbekiston va Qirg‘iziston uchun uzoq vaqtdan beri bir joydan siljimayotgan “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi va uning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga qo‘shilishini muhokama qilish uchun qulay imkoniyat taqdim etdi. Mazkur tashabbusning uzoq istiqboldagi ustunliklari va mintaqaga kiritiladigan investitsiyalar borasida Qozog‘iston uchun dolzarb bo‘lgan masalalar kun tartibiga chiqmadi, deb yozadi The Diplomat jurnali What's Next for the Belt and Road in Central Asia? – “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini Markaziy Osiyoda nima kutmoqda? nomli maqolasida. 

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining turli sohalar bo‘yicha 23 mlrd dollarlik shartnomalar imzolangan Xitoyga uyushtirgan ilk davlat tashrifida, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi va unda Markaziy Osiyoning tutgan o‘rin borasida ajoyib fikrlarni bildirdi. “Men ishonamanki, bugungi kunda dunyo aholisining 60 foizdan ortig‘ini qamrab oluvchi ushbu yirik miqyosli loyihani amalga oshirish mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida tinchlik, faravonlik, taraqqiyot, hamkorlik va do‘stlikni rivojlantirishga omil bo‘luvchi yagona makonni shakllantirishga hissa qo‘shadi”, - dedi Mirziyoyev.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev ham mintaqada yangi imkoniyatlarni ochayotgan “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusiga yuqori baho berdi. U Xitoydan Yevropaga cho‘ziluvchi shisha tolali liniyalarning Qirg‘iziston orqali o‘tishi muhimligi, elektron tijorat va logistika markazlari barpo etilishini qayd etar ekan, “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘l liniyasi ko‘p imkoniyatlarga yo‘l ochishini bildirdi. 

Mirziyoyev, o‘z navbatida, bu boradi fikr yuritib, “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘l tarmog‘i (Afg‘oniston bilan birga) Pokiston va Erondagi portlarga chiqish imkonini beruvchi “Bir makon, bir yo‘l” dasturiga qo‘shilishiga umid bildirdi. O‘zbekiston rahbari, shuningdek, o‘zaro bog‘langan sanoat texnoparklari, ilmiy va innovatsiya klasterlari va Ipak yo‘li iqtisodiy hududi bo‘ylab erkin iqtisodiy zonalarni barpo etish umumiy ustuvor vazifalar bo‘lishi kerakligini ta'kidladi. 

Qozog‘iston yetakchisi esa, hamkorlik sohalari sifatida texnologik, ilmiy hamda qishloq xo‘jaligini ko‘rsatdi.
 
Toshkent va Bishkek “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lining “Bir makon, bir yo‘l” tizimiga qo‘shilishidan umid qilmoqda. E'tiborli jihati, “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusidan avvalroq ilgari surilgan edi. Xitoy tashabbusi, shubhasiz, avval mavjud loyihalarni ham o‘z ichiga oladi. Ammo, qayd etish o‘rinliki, birinchidan mazkur temir yo‘lni qurishga turtki Pekinning yangi tashabbusi bilan bog‘liq emas, ikkinchidan bir necha yillardan beri bu loyiha amalga oshirilmayapti. 

2012 yilda Atamboyev loyihani qo‘llab-quvvatlashini aytganida, tanqidchilar mablag‘lar yo‘qligi va Xitoy sarmoyalari hajmi o‘sishiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish fikrini ilgari surishgan edi. 2015 yilga kelib, Jyeymstaun jamg‘armasining Eurasia Monitor jurnali uchun maqolalar yozuvchi Fozil Mashrab, garchi loyihaning O‘zbekistondagi qismi – “Angren-Pop” temir yo‘li qurilishi borasida sezilarli olg‘a siljishlar ko‘zga tashlanayotgan bo‘lsa-da, “Qirg‘iziston hukumati “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lining o‘z hududidan o‘tuvchi qismini sekin va qat'iyatsizlik bilan qurayotgani, mamlakat prezidenti Almazbek Atamboyev loyiha xususidagi fikrini doimiy ravishda o‘zgartirishini” yozgandi.

Balkim, ayni vaqtda, Atamboyev, temir yo‘l qurilishi g‘oyasiga qaytgandir, biroq “jo‘jani kuzda sanashganidek” temir yo‘llar yotqizilmaguncha xulosa qilishga shoshilmaslik kerak. Mashrabning fikricha, muammolardan biri bu Rossiyaning ikkilanishi bo‘ldi. Ya'ni, Rossiya va Xitoy YeOII (YevroOsiyo iqtisodiy ittifoqi) va “Bir makon, bir yo‘l” – o‘zaro raqobat qilmasligini ta'kidlashsa-da, tahlilchilar bu bayonotlarga shubha bilan qarashadi. 

Qozog‘iston va ko‘plab savollar

Shu bilan bir vaqtda, YeOIIda muhim o‘rin tutuvchi Qozog‘iston “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusida ham o‘z o‘rniga ega. Chunki, XXR raisi Si Tszinpin 2013 yili aynan Ostonada ushbu loyihaning quruqlikka doir rejasini e'lon qilgan edi. Nazarboyev ham loyiha va uning jahon iqtisodiyotini tiklashdagi o‘rni xususida ijobiy fikrlarini bildirdi. 

Foto:russian.news.cn

“Siyosiy mohiyatga ega sanksiyalar va paternalizm iqtisodiy faollik va millionlab insonlar turmushi yomonlashuviga olib keldi. Buning natijasida jahon iqtisodiyoti va savdo ko‘rsatkichlari holati ham yomonlashdi. Bunday sharoitlarda jahonga xalqaro hamkorlikni kuchaytirish uchun yangi turtki kerak”, - dedi Nazarboyev va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini “yangi turtki” sifatida baholadi. “Ostona Times” axborot nashrining yozishicha, “Markaziy Osiyo o‘zining strategik ahamiyatini qaytarib olgan va yirik jahon bozorlari o‘rtasida asosiy ko‘prikka aylangan”.

Markaziy Osiyo, ayniqsa, Qozog‘iston bozorlar o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi mumkin, ammo tranzit to‘lovlaridan tashqari yana qanday foydalar bor? Xitoyning temir yo‘llarga kiritayotgan sarmoyalari va mintaqadagi o‘zaro qo‘shni iqtisodiyotlarni birlashtirishda foydali bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, poyezdlar tarkibi shunchaki Markaziy Osiyo hududidan o‘tib, mahsulotlarni Xitoydan Yevropaga eltishi ham mumkin. Infratuzilmalar va loyihalarga sarmoyalar kiritilganidan keyin nima bo‘lishi Pekinda muhokama qilinmadi. 

Markaziy Osiyo mintaqasining boshqa ikki respublikasi Turkmaniston ham, Tojikiston ham “Bir makon, bir yo‘l” forumidaa ishtirok etmadi. Bundan tashqari, “Markaziy Osiyo – Xitoy” gaz quvurining D yo‘lagi qurilishi xususida ham lom-mim deyilmadi. Turkmanistonni Xitoy bilan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston orqali bog‘laydigan gaz quvurining to‘rtinchi yo‘nalishi qurilishi shu yil noma'lum muddatga qoldirilgandi. 

Foto: AFP

Xitoyning Markaziy Osiyoga investitsiyalari ancha jiddiy. Buni yaxshi anglash uchun Pekin va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi so‘nggi yillardagi tovar aylanmasiga doir raqamlarga ko‘z tashlash kifoya. Shu bilan bir vaqtda, kelishuvlar ro‘yxati kengaygani sari amalga oshirilmagan loyihalar va takliflar soni ham oshmoqda. Albatta, Pekin va Moskva YeOII va “Bir makon, bir yo‘l” o‘zaro birlashishi mumkinligini ta'kidlayotganiga qaramay, hozircha, raqobat muhitida bunga qanday erishilishiga oydinlik kiritishgani yo‘q. 

Mavzuga oid