Sport | 21:58 / 23.05.2017
9353
2 daqiqa o‘qiladi

Australian Open g‘olibi kelishilgan o‘yinda ishtirok etganini tan oldi

Foto: Bai Xue/ZUMAPRESS.com

2016 yil yoshlar o‘rtasidagi Avstraliya ochiq chempionati g‘olibi Oliver Anderson kelishilgan o‘yinda ishtirok etganini tan oldi. Avstraliya sudi uni 2 yillik shartli qamoq jazosiga mahkum qildi. 

Anderson 2016 yilgi Traralgon Challenger musobaqasidagi uchrashuvning birinchi setini ataylab yutqazib berganini tan oldi. 19 yoshli tennischi aybdor deb topilgan, biroq qamoq jazosidan qutulib qolgandi. 

Tennischining so‘zlashicha, unga reytingda o‘zidan 900 pozitsiya pastroq o‘rinni egallagan Xarrison Lombega qarshi uchrashuvning 1-setini yutqazib berish taklif qilingan. Tennischining 1-setda yutqazishiga Crownbet bukmekerlik idorasida 10 ming dollar qo‘yish rejalashtirilgan, biroq bukmekerlar faqat 2 ming dollarga stavkani qabul qilishgan. Tennischi 1-setni yutqazgan va uning sherigi bu stavkada 10 ming dollar ishlab olgan.

Anderson advokatining aytishicha, ushbu uchrashuvda tennischi jarohati bilan o‘ynagan, shuning uchun bor mahoratini ko‘rsata olmagan. Advokatning aytishicha, stavka qo‘ygan odam aynan tennischining jarohatiga umid qilgan.

Politsiya stavkani qo‘ygan odamga nisbatan ayblov e'lon qilinganini ma'lum qilishdan bosh tortgan. Shuningdek, ular tergov davom etishi borasida ham hech narsa ma'lum qilishmagan. 

Tennischining o‘zi sudda partiyani yutqazib bergani uchun pul olmagani va faqatgina do‘sti iltimosiga ko‘ra bunga qo‘l urganini aytgan.

Anderson 2016 yil 24 oktabrda o‘tgan uchrashuvning 1-setida 4:0 hisobida yuta turib, 4:6 hisobida imkoniyatni boy bergan. Shundan keyin u ketma-ket ikkita setni 6:0, 6:2 hisobida yutgan.

Uchrashuvdan 2 kun o‘tgach tennischi hibsga olingan. Politsiyada u aybini tan oluvchi ko‘rsatmalar bergan. 2017 yil yanvarda unga rasman ayblov e'lon qilingan.  

Sud Andersonga shuningdek 500 dollar miqdorida jarima solgan.

Mavzuga oid