Jahon | 17:20 / 28.05.2017
36125
13 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiya ulkan ko‘chishga hozirlik ko‘rmoqda

Shvetsiyaning butun boshli shahri vayron bo‘lish xavfi ostida qolgani sababli uning aholisi uylari bilan birga ko‘chishiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Kirunadagi birinchi uy ko‘chishi. Foto Noella Yoxansson

2017 yil mayida Shvetsiyaning Kiruna shahrida ayrim tarixiy binolar va uylarni transport vositalariga yuklab, boshqa joyga ko‘chirish ishlari boshlab yuborildi. Binolarning ko‘chishi bilan 18 ming kishi istiqomat qiladigan shaharchani 3 km sharqqa ko‘chirish rejasiga start berildi. Bu yaqin oradagi temir koni hududi kengayishi bilan bog‘liq. Gap shundaki, buning oqibatida poydevorlar yerga botib, vayron bo‘lish xavfi kuchayib borayotgani sababli, shahar yerga cho‘kib ketishi mumkin. Tjournal.ru shu haqda hikoya qiladi. 

Mana bir necha yildirki, konga egalik qiluvchi tog‘-kon kompaniyasi ko‘chish ishlariga 1 mlrd dollardan ortiq mablag‘ sarflab, shaharni qutqarib qolishga urinmoqda. «Ko‘chish» loyihasi mualliflari 3 ming xonadon va bir necha yuzlab uylarning barchasini birdek saqlab qolishning imkoni yo‘qligini yaxshi anglasa-da, — eskisining yaqinida yangi shaharga asos solishga harakat qilib, global iqlim o‘zgarishidan xavotir olayotgan aholiga namuna bo‘lishga urinmoqda. 

Doimiy xavf-xatar

Shvetsiyaning 19-asr oxirida tashkil etilgan eng shimoliy shahri – Kiruna taqdiri bevosita dunyoning eng yirik Kjeronavare temir koni bilan bog‘liq. Kiruna LKAB kompaniyasi bilan birgalikda shu yerga kelgan ishchilar uchun vatan bo‘lib qoldi.

LKAB uzoq vaqt mobaynida shahardan xavfsiz masofada temir rudalarini qazib olish bilan shug‘ullandi. Biroq, 1962 yili kompaniya ulkan shaxtani qurishni boshladi. Yil sayin u yiriklashib bordi. Ish shu darajaga bordiki, ishchilar ayni vaqtda deyarli Kiruna shahri ostini kovlab, temir rudalarini qazib olishmoqda. 

Bu esa, hamma uchun birdek muammo, bosh og‘riqqa aylandi. Rudalarni qazib olish vaqtida konchilar yer osti portlashlarini amalga oshirishadi. So‘ngra bo‘sh joylarni tuproq bilan to‘ldirishadi. Biroq, bunday mustahkamlash shahar xavfsizligini yetarlicha ta'minlay olmayapti. Poydevor asta-sekinlik bilan buzilmoqda va kun kelib, Kiruna shunchaki yer ostiga cho‘kib ketishi mumkin. 

The New York Times nashrining hisob-kitoblariga ko‘ra, Shvetsiya shahri ulkan fojia ro‘y berishidan avval yana 100 yillik muddati bor. Mahalliy aholining aytishicha, ular ehtimoliy oqibatlardan o‘tgan asrning 80-yillarida ogohlantirilgan, ammo bunga jiddiy e'tibor berishmagan. Uylar yonidagi ilk yoriqlar esa 2003 yildayoq qayd etila boshlangandi. 

Foto Vice

2004 yil aprelida Kiruna shahar hokimligi LKAB kompaniyasidan kon hududini navbatdagi kengaytirishi xususidagi ogohlantirish maktubini olgan. Bu shuni anglatar ediki, rudalarni qazib olish uchun yangi hudud ochilgudek bo‘lsa, 3 ming xonadon, 200ta xususiy uy va ko‘plab tarixiy, savdo va mehmonxona komplekslari xavf ostida qoladi. Kompaniya vakiliga ko‘ra, konning chuqurlashuvi fojia ehtimolini kamaytiradi, ammo Kiruna hukumati nimadir qilish kerakligini tushunib yetdi. 

“Ularning oldida esa 2ta yo‘ldan birini tanlash ixtiyori bor edi. Konni yopib, ommaviy ishsizlikka ega bo‘lish yoki shaharni ko‘chirish”, - deydi White Arkitekter kompaniyasi xodimi Mikayel Stenkvist. 

Aytish joizki, uncha yirik bo‘lmagan konchilar shaharchalarini ko‘chirish jahon amaliyotida amalga oshirilgan ishdir. Xususan, Xitoy va AQShda konlar aholi punktlariga yaqinlashganida ko‘chirish ishlari amalga oshirilgan. Bunday holatlarda, odatda shaharlar yangidan barpo etiladi, yangi uylar, maktablar va shifoxonalar uchun mablag‘larni davlat to‘laydi. 

Biroq, Kirunada nafaqat LKAB kompaniyasi xodimlari istiqomat qiladi. Laplandiya shahri o‘zining tarixiy binolari bilan ham mashhur. Masalan, yog‘ochdan qurilgan qizil cherkov 2001 yili Shvetsiyaning eng chiroyli binosi deb tan olingan. Shunchaki bino va inshootlarni buzish bilan aynan shu kabi binolarni tomosha qilish uchun kelayotgan sayyohlar oqimini keskin kamaytirib yuborish yaramaydi. 

Bir necha oylik muhokamalardan so‘ng, Kiruna hokimligi «Biz shaharni ko‘chiramiz» deya e'lon qildi.

Buyuk ko‘chish

Rejaga ko‘ra, kelasi 20-30 yilda barcha 18 ming aholi kondan xavfsiz masofada bo‘lishi kerak. Albatta, Shvetsiya shahri barcha uylar va infratuzilmalarni to‘liq yangi joyga ko‘chirish imkonsiz ekanini anglab turibdi. Binolarning aksariyati buziladi, biroq hokimlik va LKAB «shahar tarixi»ni qanday saqlab qolish borasida hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Ko‘chish loyihasi 3 yil davom etdi. 2005 yili hukumat shimolda yangi tuman barpo qilishni taklif etdi. Biroq, u yerda bir necha o‘n yillar muqaddam faoliyat ko‘rsatgan eski konlar borligi bu fikrni yo‘qqa chiqardi. Tomonlar yangi shaharning joyi xususida uzoq vaqt kelisha olmadi, ammo keyinchalik loyihachilar sharqdagi tepalikka e'tibor qaratishdi. 

2007 yili shahar kengashi shahar markazi (temir yo‘l, trassa va ichimlik suv tarmog‘i) va asosiy tarixiy binolarni xavfli kondan 3 km shimoli-sharqqa ko‘chirishga qaror qildi. Bu loyiha 1 mlrd dollar deb baholandi, LKAB kompaniyasi xarajatlarning katta qismini o‘z zimmasiga olishga va'da berdi. 

Ko‘chish loyihasi

Ta'kidlash lozim, hatto LKAB ekspertlari ham loyihaning umumiy qiymati qancha bo‘lishini hatto taxmin qila olishmayapti. Chunki u bir necha 10 yilga mo‘ljallangan. Shunday qilib, shahar bosqichma-bosqich sharqqa ko‘chiriladi. Dastlab, bevosita konga yaqin tumanlar, so‘ngra Kirunaning boshqa hududi ko‘chadi. 

Arxitektor Mikael Stenkvist esa loyihani «xavfdan asta-sekinlik bilan qochishga urinadigan ulkan mingoyoq»qa qiyosladi. Birinchi bosqich 2015 yildayoq boshlanishi kerak edi, ammo bu vaqtga kelib, ishchilar ko‘chishi belgilangan uylarning bir qismini buzib bo‘lishdi, xolos. 

Ayni vaqtda, Kirunaning boshqa hududi vayron bo‘lishni boshladi. 60-yillardagi tuproqlarning cho‘kishi shaharning konga yaqin hududiga katta zarar yetkazdi. So‘nggi bir necha yil davomida shahar temir yo‘l vokzali, hokimlik binosini boy berdi. 

The New York Times gazetasiga ko‘ra, 400 oiladan ko‘proq xonadon o‘z uylarini tark etgan. Shahar aholisining asosiy qismi 2020 yildan ko‘chishni boshlaydi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, LKAB shaharliklar xonadonining 125 foiz qiymatini to‘lab ularni xarid qiladi. Ular bu pulga yangi tumanda uy xarid qilishlari mumkin bo‘ladi. 

Yangi hududda hokimlikning yangi binosi qurilishi boshlab yuborilgan. Yangi markazdagi turarjoylar joriy yil yozidan boshlanadi. 

Ko‘chish loyihasi

Yangi shahar

Shaharni ko‘chirish ishlari bilan White Arkitekter qurilish kompaniyasi shug‘ullanmoqda. Uning xodimlari shaharni yangi joyga ko‘chirishni «katta sinov» deb baholashdi va ko‘chirishning 20 yillik rejasini taqdim etishdi.

Arxitektorlarning aytishlaricha, eng murakkab jarayon binolarni ko‘chirish va ularning atrofida yangi shaharni barpo qilish barobarida mahalliy madaniyat va mentalitetni avvalgidek saqlab qolishdir. «Yangi Kiruna» quruvchilariga o‘z harakatlarida erkinlik taqdim etilgan bo‘lsa-da, ular shoshishga majbur. Chunki, eski shaharni istalgan vaqtda yer «yutishi» mumkin. 

Loyiha mualliflari shahar markazini jamoat joylari, maydonlar va do‘konlari bo‘lgan hamda kishilarni jalb eta oladigan hududga aylantirishni o‘ylashmoqda. Bunda eski shahardan ko‘chirib keltirilgan tarixiy binolar muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, buzilgan uylardan chiqqan qurilish materiallarining yaroqlilari yangi shaharni barpo etishda qo‘llaniladi. Konchilar faoliyati tahdid solmayotgan eski shahar hududlari parklarga aylantiriladi. 

Garchi reja bo‘yicha ko‘chish uchun 20 yil belgilangan bo‘lsa-da, White Arkitekter mutaxassislari loyiha 2100 yilda to‘liq tugallanishini aytishmoqda. Bu vaqtga kelib, Kiruna «zamonaviy ekoshahar»ga aylanishi kerak. 

Shaharning aksar aholisi allaqachon bir necha yildan so‘ng, boshqa Kirunada istiqomat qilishlarini tushunib turishibdi. Ammo, ko‘chish qarorini barcha birdek qabul qilmayotgan bo‘lsa ham, ularning hammasi boshqa yo‘li yo‘qligini yaxshi anglashmoqda. Nazariy jihatdan LKAB kompaniyasini konlarni yopishga majbur qilish mumkin edi, ammo bu holatda ishsizlik tufayli shahar huvillab qolardi. Hokim o‘rinbosari Niklay Siren The Atlantic muxbiri bilan suhbatda «konsiz shahar, shaharsiz kon yo‘q, ular o‘zaro uyg‘unlikda mavjuddir», degan fikrni bildirgan.

Kiruna aholisining ba'zilari, hatto, loyiha ishlab chiqarilayotgan yillarda ko‘chish amalga oshishiga shubha bilan qarashgan. Biroq, xavfsiz hudud barpo etilishidan avvalroq, muammolar paydo bo‘la boshladi. Shvetsiyaning Norrländska Socialdemokraten gazetasi yozishicha, «Yangi Kiruna» tuprog‘ida zararli moddalar: kobalt, mis, qo‘rg‘oshin va nikelning yuqori miqdorli aralashmasi borligi aniqlandi. Shu sababli yangi shahardagi yangi uylar qurilishi cho‘zilib ketishi mumkin.

Bundan tashqari, ayrimlar LKAB kompaniyasi yana bir marta kon hududini kengaytirishga qaror qilsa, 3 km.ga ko‘chish yetarli emas, deb hisoblamoqda. Yer xo‘jaligini rivojlantirish departamenti rahbari Yeva Ekelundning so‘zlariga ko‘ra, yangi shahar markazi ostida ham temir rudasi koni joylashgan. Bu esa, konchilar istalgan vaqtda bu yerda ham qazib olish ishlarini o‘tkazishi mumkinligini anglatadi. 

«Yangii Kiruna» markazi rejasi

Ayrim uylar qisman ko‘chiriladigan bo‘lsa, boshqalari to‘liq olib o‘tiladi. Shahar ko‘chishi e'lon qilinganidan 13 yil o‘tib, 24 may kuni LKAB xodimlari ilk bino — Kirunadagi ilk uylardan biri, shahar va tog‘-kon firmasi asoschisi Xyalmar Lundbom qurgan uy yirik yuk mashinasida yangi joyga ko‘chirildi. Muzeyga aylantirilgan uy ham ko‘chiriladigan binolar ro‘yxatiga kiritilgan edi. 

Foto Noella Yoxansson 

Umuman, 2017 yilda 8ta tarixiy bino ko‘chiriladi. Bunda ko‘chishning eng murakkab bosqichlaridan biri bu cherkovni ko‘chirishdir. Dastlab uning yog‘ochlarini olib, «Yangi Kiruna» markazida qaytadan tiklashni rejalashdi. Ammo, bu Shvetsiyaning eng chiroyli binosi uchun xavflidir. Stenkvistning ta'kidlashicha, cherkovga biror kor-hol bo‘lsa, uni fojia deyish mumkin bo‘ladi. Shu sababli uni bir necha yuk mashinalari va kranlar yordamida ko‘chirishga qaror qilindi. 

Shuningdek, yangi hududda beshta mehmonxona, shifoxona, boshlang‘ich maktab va sport markazi bo‘ladi. LKAB rejasiga ko‘ra, qizil cherkov tarixiy binolar orasida eng oxirida ko‘chiriladi. Shu bilan Kiruna «Yangi Kiruna»ga aylanadi.

Shvetsiya shaharchasining tajribasi dunyoning boshqa mamlakatlarini qiziqtirib qo‘ydi. Ular global iqlim isishi tahdid solgudek bo‘lsa, Kiruna tajribasidan foydalanishni o‘ylashmoqda. Shahar ma'muriyatining aytishicha, agar ular yangi joyda tez va muvaffaqiyatli joylashib olishsa, ekologik tashkilotlar va boshqa shaharlarga namuna bo‘la olishadi. 

Ta'kidlash lozimki, Kiruna shahri aholisi qator noqulayliklarga qaramay, ilk imkoniyat bo‘lgan vaqtdayoq, mamlakatning boshqa hududiga ko‘chib ketmadi. Konlardagi portlashlar va uy yer ostiga cho‘kib ketishi ehtimolida istiqomat qilib kelgan aholi birlashib, «Yangi Kiruna»da ham birga bo‘lishga shaydirlar. Shahar kelajagiga doir yig‘ilishlardan birida, Piter ismli fuqaro: «Biz 125 yil yonma-yon yashadik. Shuning uchun harakatlansak ham birga harakatlanamiz», degan balandparvoz, ammo haqiqat bo‘lgan so‘zlarni aytgan edi.

Mavzuga oid