Jamiyat | 14:04 / 31.05.2017
21482
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik talaba koreys o‘quvchilari uchun o‘zbek tili darsligini yozdi

Koreya Respublikasi mahalliy universitetlardan biri bo‘lmish Hankuk chet tillari universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba Dilshod Akbarov chet elliklar uchun o‘zbek tili darsligi bugun nashrdan chiqardi. Kitob o‘zbek tili tarixida o‘zbek muallifi tomonidan yozilgan va koreyalik o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan birinchi darslikdir. Bu haqda Dilshod Akbarov “Feysbuk”dagi o‘z sahifasida ma'lum qilgan.

“Ancha yillar oldin koreys tilini birinchi marotaba o‘rganayotganimda o‘zim o‘qiyotgan darsliklarni ko‘rib, hayolimdan «Qachonlardir o‘zbek tilini ham chet ellarda o‘rganisharmikan? O‘zbek tilini o‘rgatuvchi darsliklar ham chop etilarmikan?», degan o‘ylar o‘tkani haligacha yodimda”, deb yozadi u.

Bugun o‘zbek tili hamda o‘zbekistonshunoslik jahonning bir qancha yetakchi oliy o‘quv yurtlarida, shuningdek, Moskva sharqshunoslik instituti Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati va tarixi fakulteti, o‘zbek tili kafedrasida, Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Indiana Universiteti Markaziy Osiyo va Ural xalqlari tili va madaniyati fakultetida, Italiyadagi Rim chet tillari akademiyasi turkiy tillar tadqiqot institutida hamda Hankuk chet tillari universiteti Markaziy Osiyo fanlari fakulteti O‘zbek tili kafedrasida o‘rgatilib kelinmoqda. 

“Kamina yozgan o‘zbek tili darsligi buyuk o‘zbek xalqi tili va madaniyatini dunyoga yanada tanitishda kichik bo‘lsada hissa qo‘shadi, degan umiddaman. Shuni ham ta'kidlash joizki, bu yil O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganligiga 25 yil to‘ldi. Ushbu munosabat bilan taqdim etilgan o‘zbek tili darsligi o‘quvchilar uchun ajoyib tuhfa bo‘ladi hamda ikki xalq o‘rtasida do‘stlik aloqalari yanada rivojlanishida hissa qo‘shadi, deb o‘ylayman”, deb qayd etadi Dilshod Akbarov.

 

Mavzuga oid