Jamiyat | 23:26 / 01.06.2017
159659
8 daqiqa o‘qiladi

Namunaviy uydagi «namunaviy» nuqsonlar

Tahririyatimizga Saidahmad Mo‘minov nomidan Zangiota tumani, «Turkiston» QFY, A.Ikromov massivi 37-namunaviy uy qurilishining borishidagi kamchiliklar haqida iztirobli maktub kelib tushdi. Albatta, suratlarga qarab, banklarning va shu uyni xarid qilgan insonning sarflagan mablag‘lariga ichingiz achiydi.

«Men 2015 yil 23 iyulda Zangiota tumani, Turkiston QFY, A.Ikromov massivida qurilishi rejalashtirilgan namunaviy uy uchun boshlang‘ich to‘lov amalga oshirganman. Bu massivda uchta pudratchi firma qurilishda ishtirok etib, ikkita firma 2016 yil noyabrlarida uylarni egalariga topshirishdi, ayrimlari ko‘chib ham kirishgan. Bizning uylarni qurayotgan pudratchi «Rangli Olam» firmasi qurilish ishlari esa hanuzgacha tugallanmayapti, qurilish esa mutlaqo sifatsiz va juda ko‘p joylarida tasdiqlangan loyihadan chetlashish, qurilish materiallaridan urib qolish holatlari mavjud», — deb boshlaydi S.Mo‘minov o‘z maktubini.

Deyarli bir yildan beri bank to‘lovlarini kechiktirmay, o‘z vaqtida to‘lab kelaman. Pudratchi hazm qilib yuborayotgan bu pullarni men hali yana 15 yil mobaynida maoshimdan, oilamning rizqidan orttirib to‘lashim kerak bo‘ladi.

Quyida qurilishdagi ayrim kamchiliklar keltirilgan:

  • Poydevor «yostiqchasi» enidan 5–6 sm, bo‘yidan 4–5 sm urilgan joylari bor. «Ham bo‘yidan, ham enidan urdi» deganlari shu bo‘lsa kerak. Ustunda loyihaga ko‘ra 16 mm diametrlik armaturalari foydalanishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, «yostiqchadan» 12 mmlik armatura chiqarilgan. Lentali poydevorga karkasli armatura to‘qish o‘rniga setkali tashlangan. 30 sm qalinlikdagi «yostiqcha» o‘rniga 25–26 sm quyilgan.

G‘isht terish qonun qoidalariga umuman rioya qilinmagan. Qing‘ir-qiyshiq terilgan. Devorning bir burchagi, Piza minorasiga o‘xshab, yuqoridan, yonga 12 sm og‘gan.

Loyihada 24 ta tom yopish plitasi belgilangan, pudratchi 22 ta plita qo‘ygan. Plitalar orasi beton aralashmasi bilan to‘ldirilmagan.

Lo‘mbozdan oldin izolondan qilingan 3 smlik paro-teploizolyatsiya tashlanmagan. O‘z hisobimdan qamish tashlatib yubordim. Lo‘mboz qalinligi 8 sm bo‘lishi kerak, 3–4 sm qilingan. Lo‘mbozga loyni esa pishirmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qilib yuborilgan.

Tomga ishlatilgan yog‘ochlar umuman loyiha talabiga javob bermaydi.

Loyihada «Stropila tizimi 50X150 mm to‘sinlarga, tashqi bo‘ylama devorlarga o‘rnatilgan kesimi 100X100 mm bo‘lgan maurlatlarga va kesimi 100X150 mm konyok va oraliq progonlarga stropilalarning tayanish yo‘li bilan hosil qilinadi», deb ko‘rsatib o‘tilgan.

Aslida 50x150 mmli stropila o‘rniga 40x130mm, 100x150 mm konyok va oraliq progon o‘rniga 70 mm terak xodasi qo‘yilgan.

Loyihaga ko‘ra, oraliq qadami 300–350 mm bo‘lgan 50X50 mm kesimli bruslar ishlatilishi belgilab qo‘yilgan esa-da, 40x40mm bruslarni 380–400 mm qadam bilan joylashtirishgan.

Suvoq umuman loyihaga to‘g‘ri kelmaydi. Suvoq tarkibi ham, tekisligi ham mutlaqo sifatsiz

Loyihada: «Suvoq mayaklarga ko‘ra amalga oshirilishi kerak», deb belgilab qo‘yilgan. Aslida esa: Deraza chetining pastki qismi 23sm bo‘lsa, yuqori qismi 18sm, deraza chetining o‘zida 5sm farq bor. Devor bo‘ylab esa 10 sm ga teng og‘ish bor.

Yozgi hojatxona ostida bo‘lishi kerak bo‘lgan 16-17m3 hajmli armaturalar yordamida bilan jihozlanishi kerak bo‘lgan handaq qilinmasdan, hojatxona va omborxona qurib yuborilgan.

Poydevor quyilgandan so‘ng, boshqa ishlardan oldin, fundamentni tuproq bilan yopilib turadigan qismini bitum (qora saqich) bilan 2 marta surib gidroizolyatsiya qilib chiqish kerak.

Aslida esa, hali hanuz poydevor osti tagi ochiq turibti. Qishi bilan tagiga suv sizib, oxiri o‘zim tarnovdan tushayotgan suv, fundament tagiga ketmasligi uchun, plastik quvurlar bilan chetga ketadigan qilishga majbur bo‘ldim.

Uy hali bitmasdan nurab, to‘kilib bo‘lyapti...

Uyning ayni vaqtdagi ahvoli — ariqqa suv kelsa, to‘g‘ri poydevor ostiga ketadi:

Yomg‘ir yog‘ganda tarnovdan toshib, yana ochiq poydevor osti suvga to‘ladi:

Uyning hozirgi ichki ko‘rinishi: elektr simlari devorlarga suvoqdan oldin montaj qilinishi kerak edi, vaqtida qilinmaganidan so‘ng hamma yoqni qaytadan o‘yishga to‘g‘ri kelgan. «Bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga!»

Tahririyatdan: Murojaat qilgan fuqaro S.Mo‘minovni nima deb yupatishni ham bilmaysan, kishi. U endi texnik ekspertiza tayinlab, sudga murojaat qilishi kerakmi? Agar sud barcha xarajatlarni — jumladan, uyni qayta buzib qurishni «Rangli olam» firmasi zimmasiga yuklasa, no‘noq qurilish firmasi u ko‘rgan zararlarni qoplab, uyni buzib boshqatdan barpo etib bera oladimi? Shunga qudrati, mablag‘i, qolaversa, vijdoni dosh beradimi?

Barchamizga ma'lum holat, boshqa resurslarda ham turli viloyatlarda barpo etilayotgan namunali uylarning sifatsizligi haqida bong urilgan chiqishlarni oldin ham o‘qiganmiz, yuqoridagilar tahririyatga kelayotgan birinchi shikoyat ham emas. Odamlar uyli-joyli bo‘laman deb, o‘z oilasi byudjyetidan qirqib 15 yillab pul to‘lashadi-ku, axir?! Nega endi haligacha «mendan ketguncha — egasiga yetguncha» qabilida ish tutishdan qutila olmayapmiz?

Firma qurilish ishlarini bajartirish uchun malakali kadrlar va ustalar yollaganida, o‘ziga berilgan topshiriqqa sidqidildan, vijdonan yondashganida shunday bo‘lmas edi, albatta. Davlat va hukumatimiz ana shunday tadbirkorlarga keng sharoit yaratib, ularda tenderda teng shartlarda ishtirok etib, o‘zini ko‘rsatib kelgusida yanada katta buyurtmalar qabul qilish uchun imkoniyat berganda, bunday insonlar ajratilgan mablag‘ni o‘zlashtirib, mijozning haqini «tuya» qilishnigina o‘ylashgani kishini o‘yga toldiradi.

Esiz mablag‘, esiz vaqt, esiz mehnat, esiz ishonch...

Bugun saytimizda Osiyo taraqqiyot banki qishloqlarda arzon namunali uy-joylar barpo etish uchun yana mablag‘ ajratgani haqida xabar berdik. O‘ylaymizki, bu sohada ham ishlarni tartibga solib, mablag‘larning xo‘jasizlarcha foydalanishiga, o‘zlashtirilishiga chek qo‘yib, buyurtmani faqat o‘z ishining ustasi bo‘lgan professional kishilargagina berish uchun fursat yetib kelgan.

Mavzuga oid