Fan-texnika | 00:05 / 03.06.2017
26154
5 daqiqa o‘qiladi

Bugungi kunda xarid qilish mumkin bo‘lgan 10ta eng chiroyli avtomobil

Avtomobil — bu A nuqtadan B nuqtaga yetib borish, harakatlanish vositasi. Ba'zan, albatta, ular o‘ziga xos san'at asari darajasiga chiqqan bo‘ladi. Business Insider zamonamizning eng yaxshi ishlab chiqaruvchilari tomonidan taqdim etilgan 10ta eng chiroyli avtomobil ro‘yxatini taqdim etdi.

10. Mazda MX-5: ‎25 790 AQSh dollari. O‘tgan chorak asr mobaynida Mazda MX-5 Miata barcha davrlarning eng ko‘p sotilgan sport mashinasi bo‘lgan edi.

Shunga qaramay, uning avvalgi modellari unchalik o‘z uslubi bilan ajralib turmas edi. To‘rtinchi avlod MX-5 esa — umuman boshqa avtomobildir. Bugun uning tashqi ko‘rinishi ajoyib: unda, sport, nafislik va chiziqlar uyg‘unligi mujassamlashgan.

9. Jaguar F-PACE: 42 985 dollar. Yo‘ltanlamaslar doim ham dunyoning eng chiroyli avtomobillari reytingiga kiritilavermaydi. Ammo Jaguar F-PACE haqida bunday deb bo‘lmaydi.

Jaguar kompaniyasining dizayn bo‘yicha direktori ser Yan Kallum ushbu mashinalarga xos bo‘lgan jihatlarni yo‘ltanlamasga o‘ziga xos ustalik bilan ko‘chira oldi.

8. Alfa Romeo Giulia: 38 990 dollar. Alfa Romeo, ta'bir joiz bo‘lsa, hech qachon “ko‘pni ichida yo‘qolib qolmaydi”. Xususan, yangi Giulia sedani borasida ham bemalol shu fikrni bildirish mumkin.

Unga bir qarashda kishini o‘ziga rom qiluvchi narsa uning uchburchak radiator qafasidir. Ikkita juft tutun quvurlari va keng diffuzor yanada ko‘rkamlik baxsh etgan.

7. Lexus LC 500: 92 975 dollar. Lexus’ning noodatiy radiator qafasi ko‘plab tortishuvlarga sabab bo‘lgan. Shunga qaramay, yangi lyuks toifasidagi kupeda u umuman boshqacha, ajoyib ko‘rinadi.

Avtomobilning umumiy ko‘rinishi nafislik va agressivlikni birlashtirgandek taassurot uyg‘otadi.

6. Ferrari LaFerrari Aperta: narxi noma'lum. Ko‘pchilik Ferrari jozibasidan lol qoladi. Chunki, u axir Ferrari. Ammo, tan olish kerak, kompaniya dizaynerlari so‘nggi 15 yil mobaynida bir necha bor xatoga yo‘l qo‘yishdi. Lekin, bu gap LaFerrari Aperta borasida emas.

U nimasi bilandir fazo kemasini eslatsa, boshqa jihati bilan Maranelloda ishlab chiqarilgan klassik superkar ekanini bildirib turadi.

5. Lamborghini Huracán: ‎203 295 dollar. Tanqidchilar Lamborghini Huracán juda oddiy ko‘rinadi, degan fikrni ilgari surishadi. Haqiqatdan ham uning tashqi ko‘rinishi hatto Aventador oldida ham unchalik ajoyib emas. Biroq, superkar bir qarashda juda ham zamonaviy ko‘rinadi.

Huracán dizaynida ham boshqa Lamborghini modellaridagi kabi buqaning o‘jarligi ko‘zga tashlanadi.

4. Aston Martin DB11: ‎214 820 dollar. Qachonlardir, Aston Martin motori o‘t oldirilganida ekranida «Kuch, go‘zallik va mohiyat» so‘zlari aks etar edi. DB11’da bu so‘zlar yo‘q. U tashqi ko‘rinishidan shu so‘zlarni ifodalab turgan tassurot uyg‘otadi.

DB11 tashqi ko‘rinishi ustida Marek Rayxman ishlagan. Aynan DB11 DB7’dan tubdan farq qiladi.

Endi e'tiboringizga Top-3likni havola qilamiz.

3. Pagani Huayra: 1 070 500 dollar. Huayra — Italiyaning Pagani Automobili kompaniyasining ikkinchi superkari bo‘lib, Zonda avtomobilining o‘rnini egalladi.

Kompaniya asoschisi Goratsio Paganini avtomobillar dunyosining Stiv Jobsi deyish mumkin. Ishonchingiz komil bo‘laversin, uning mashinalarida birorta ham mayda detal e'tiborsiz qolmaydi. Dizayndan aerodinamikagacha, barchasi alohida e'tibor bilan ishlab chiqiladi.

Natijada raketaga o‘xshab ketadigan giperkar paydo bo‘ldi. Uning eng yuqori tezligi soatiga 370 kilometrni tashkil etadi.

 

2. Ford GT: 453 750 dollar. Ford GT haqiqiy amerikacha superkar. Ha, unga o‘xshab bir qarashda avtomuxlislarning ko‘zini quvontiradigan mashinalar juda kam topiladi.

Bu superkar — poyga aerodinamikasi va jozibadorlikni o‘zida mujassamlashtirgan.

GT dizayni Yan Kallumning kichik ukasi Morey Kallumga tegishli ekanini qayd etish o‘rinli

 

1. Jaguar F-Type: 62 395 dollar. Ser Yan Kallum kunlarning birida “haqiqiy Jaguar bir vaqtning o‘zida chiroyli va oddiy bo‘lishi kerak”, - degan edi.

F-Type — aynan ushbu g‘oyaning amaldagi aksidir.

Superkar ilk marotaba 2014 yilda paydo bo‘ldi, ammo hamon dunyoning eng chiroyli avtomobillaridan biri bo‘lib qolmoqda.

 

Mavzuga oid