Jahon | 14:55 / 05.06.2017
38968
2 daqiqa o‘qiladi

Yettinchisi. Yana bir davlat Qatar bilan aloqalarni to‘xtatdi

Foto: Reuters

Maldiv hukumati Qatar bilan diplomatik munosabatlarni to‘xtatgani haqida ma'lum qildi. Bu haqda Al Arabiya telekanali xabar tarqatdi.

Shu tariqa, Fors ko‘rfazidagi arab davlati - Qatar bilan aloqalarni uzgan mamlakatlar soni 7taga yetdi. Bungacha Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn, Misr, Yaman va Liviya bu davlat bilan diplomatik munosabatlarni to‘xtatgandi. Pokiston munosabatlarni uzmasligini ma'lum qilgan, Eron hozircha voqealarga munosabat bildirmayapti.

Qatar Tashqi ishlar vazirligi bu qarorni «asoslanmagan fikrlarga tayangan hamda to‘g‘ri bo‘lmagan chora», deb baholadi.

AQSh Davlat departamenti rahbari bu vaziyatga munosabat bildirib, Reks Tillerson Fors ko‘rfazi mamlakatlarini birdamlikka chaqirdi.

Qatar va Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasidagi ziddiyat Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Fors ko‘rfazi mamlakatlari va AQSh sammitidan keyin yuzaga keldi. O‘shanda Qatar yangiliklar agentligi mamlakat amiri nomidan nutq e'lon qilgan, unda Eron bilan aloqalar o‘rnatish yoqlab chiqilgandi.

Keyinroq Qatar TIV rasmiy vakili agentlik saytiga xakerlar hujum qilib, nutqni ular joylashtirganini ma'lum qildi. Ammo Saudiya Arabistoni, BAA va Bahrayn bu raddiyani ishonchsiz deb hisobladi.

Mavzuga oid