Jahon | 09:49 / 06.06.2017
8215
2 daqiqa o‘qiladi

Qatar: arab davlatlari bilan munosabatlarni keskinlashtirmaymiz

Foto: RIA Novosti

Qatar Doha bilan barcha aloqalarni uzgan mamlakatlar bilan munosabatlarni keskinlashtirish niyatida emas. Bu haqda Qatar tashqi ishlar vaziri Muhammad Abdurahmon Al Tani ma'lum qildi.

"Qatar vaziyatni keskinlashtirishga yo‘naltirilgan choralarni qabul qilmaydi, sababi, bunday muammolar birodar davlatlar o‘rtasida muzokaralar stolida hal qilinishi kerak, deb hisoblaydi", - deya ma'lum qildi Qatar TIV rahbari “Al-Jazira” telekanaliga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qatar mamlakatga qarshi bir tomonlama qat'iy choralar qabul qilinib, ular Fors ko‘rfazi mamlakatlari fuqarolariga salbiy ta'sir ko‘rsatgan bo‘lsa ham, vaziyatni keskinlashtirish yo‘lidan bormaydi.

Dushanba kuni Misr, Saudiya Arabistoni, Bahrayn va BAA Qatar bilan diplomatik aloqalar uzilganini ma'lum qilishib, Dohani terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash va Yaqin Sharqdagi vaziyatni beqarorlashtirishda ayblashdi. Liviyaning sharqiy qismi hukumati, Yaman, shuningdek, Maldiv va Mavrikiy ham keyinchalik Qatar bilan munosabatlar to‘xtatilganini ma'lum qilishdi. 

Mavzuga oid