Jamiyat | 16:52 / 10.06.2017
21030
5 daqiqa o‘qiladi

“Tanqiddan litsenziyalanganmiz!” yoxud rahbarlarning OAV tanqidiga munosabati

Gazetada kommunal soha faoliyati tanqid qilindi. So‘nggi paytlarda aholidan tez-tez murojaat tushayotgan holat edi. O‘sha tizim rahbari bilan bir tadbirda uchrashib qoldik. Muomalasi sovuqqina.

— Shu maqolani berishdan avval bir og‘iz maslahatlashmabsiz-da, — dedi og‘ringanini yashirmay.

— Aka, muxbirlar sohangizdagi kamchiliklarni yoritib, aslida sizlarga naf keltirishyapti. Bahonada chekka-chekka hududlardagi muammolardan, xodimlaringizning oyoq bosishidan xabardor bo‘lyapsiz, — dedim.

Bu gapim rahbarga yoqmadi:

— Harqalay… gazetalaringizga ancha-muncha obuna bo‘lganmiz...

Qiziq, rahbar obuna bo‘lganini ro‘kach qilib, bizning sohadagi kamchiliklarga ko‘z yuming, demoqchimi yoki yegan og‘iz uyalar qabilida ish tutyaptimi? Bu iddaodan gazeta faqat obuna bo‘lmaganlarnigina tanqid qilishi mumkin, degan xulosa kelib chiqmaydimi?

Odatda biror firma mahsuloti reklama qilinayotganda «Xizmatlar litsenziyalangan» deb ko‘rsatiladi. Bu bilan mahsulotning sifatiga kafolat berishadi. Axir bunday ta'rifni davlat tashkilotiga qiyoslash kulgili emasmi? Hech birimiz kamchiliklardan xoli emasligimizni qarshimdagi odam tushunmadi.

Ikkinchi holat. Xalq ta'limi boshqarmasining matbuot anjumani o‘tkazilyapti. Boshqarma boshlig‘i sohadagi yutuqlar va qilinishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan tayyorlangan ma'lumotini o‘qidi. Shundan so‘ng jurnalistlar savol berdi. Rahbar bu savollarga ochiq chehra bilan javob qaytara boshladi. Savollarga aynan mutasaddi xodimlarning javobi ham olindi.

Tabiiyki, savol ham o‘rinli, javob ham ko‘ngildagidek bo‘lsa, ikkala tomonning ham kayfiyati ko‘tariladi. Bir-birini o‘zaro hurmat qila boshlaydi. Aslida bunday hurmatning bo‘lgani yaxshi.

Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, o‘sha anjumanda ommaviy axborot vositalari va tizim xodimlarining «yuzi isidi». Boshqarma boshlig‘i ham xursand holda jurnalistlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, axborot almashish lozimligi, tizim faoliyatini samarali yoritilishi tarafdori ekanligini bildirdi. Hatto soha faoliyatini eng yaxshi yoritganligi uchun OAV xodimlari o‘rtasida tanlov o‘tkazish taklifini o‘rtaga tashladi. Sir emas, bu taklif ayrim jurnalistlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi ham.

To‘g‘ri, rag‘bat ba'zida odamga kuch berar, ammo shu o‘rinda kishini mushohadaga undaydigan boshqa jihatlar ham bor. Masalan, ta'lim tizimini eng yaxshi yoritgan jurnalistlar rag‘batlantirildi, deylik. Tabiiyki, bu tashabbus tizimning o‘zidan chiqyapti. Demak, hakamlar hay'ati ham ta'lim sohasi xodimlaridan bo‘ladi. O‘z-o‘zidan soha xodimlari ijobiy ma'nodagi materiallarga xayrixoh. Bu degani — jurnalistni tanqidiy ruhdagi maqolalarni yozishdan, kamchiliklarni ko‘rishdan cheklab qo‘yadi. Natijada, yana yegan og‘iz uyalar, maqoli esga olinadi... Obuna bo‘lganlik to‘g‘risidagi iddaolar yuzaga chiqadi.

Masala shundaki, ko‘pchilik rahbarlar gazetaning, jurnalistikaning jamiyat hayotida tutgan o‘rni, jurnalistning huquq va vazifalarini to‘g‘ri tushunib yetmayapti. Ba'zan obuna bo‘lganligini pesh qilib, ba'zan boshqa yo‘llar bilan tanqiddan, ochiq gapdan qochishga harakat qilyapti. Kamchilik ko‘rsatilganda, jurnalist bilan ziddiyatga boryapti.

Qizig‘i, bugun shunday bir davrga keldikki, endi muammoni uzoq yashirib o‘tirishning imkoni yo‘q. Bunga xalqimizning kayfiyati ham moslashib boryapti. Muammoni ko‘tarishning o‘nlab yo‘llari paydo bo‘ldi. Jurnalistika bu usulning birginasi, xolos. Farqi shundaki, OAV nafaqat muammoni ko‘tarish, balki taklif berish, vaziyatni xolis va to‘g‘ri baholash imkoniyatiga ega. Bu albatta, jurnalistdan ham katta mahorat talab qiladi.

Hurmatli obunamizga hissa qo‘shayotgan rahbarlar! Sizning gazetaga obuna bo‘lishingiz — bu sizni tanqid qilmaslik uchun to‘lov emas, tushuning. Buning uchun gazeta ma'rifat tarqatadi, sizga kerakli bo‘lgan axborotlarni vaqtida yetkazib turadi. O‘z navbatida, minnat qilmaydi…

Isomiddin PO‘LATOV,
«Jomboy tongi» gazetasi muharriri v.b

Mavzuga oid