Jahon | 15:48 / 14.06.2017
25644
7 daqiqa o‘qiladi

Putin NATOga javob, Snouden taqdiri va Ukraina haqida gapirib berdi

Foto: Showtime/Komandir

Rossiya prezidenti Vladimir Putin amerikalik kinorejissyor Oliver Stounga bergan intervyusida NATOga “mos javob”, Ukrainadagi vaziyat, AQSh maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snouden va Rossiyada demokratiyaning rivoji haqida so‘zlab berdi. Stounning filmi ikkinchi qismi Showtime telekanalida namoyish etildi.

NATOga javob

Putin NATO haqida gapirar ekan, Rossiya alyans xatti-harakatiga strategik muvozanatni saqlash uchun mos javob qaytarishini bildirdi.

"Biz uchun bu yerda ikkita xatar, Rossiya uchun. Birinchisi – bu bizning chegaralarga yaqin yerda raketalarga qarshi mudofaa tizimining joylashtirilishi, ikkinchisi esa – antiraketalarning ishga tushirish qurilmalari bir necha soat ichida zarba raketalarini o‘rnatishga qayta jihozlanishi mumkin. Sharqiy Yevropada, suvda, dengizda, kemalarda o‘rnatiladi, ular O‘rta Yer dengizi hamda shimoliy dengizlarda navbatchilik olib boradi, hattoki Alyaskada o‘rnatishmoqda", - deya ta'kidlab o‘tdi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hozirgi paytda RQM bilan deyarli butunlay o‘rab olingan.

"Aslida, bu bizning sheriklarning yana bir qo‘pol strategik xatosi, sababi Rossiya bu xatti-harakatlarning barchasiga mos javob qaytaradi, hamda bu yana qurollanish bo‘yicha poygani keltirib chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, bizning javob ancha arzonroq bo‘ladi. Texnika qo‘polroq bo‘lishi mumkin, biroq samarali bo‘ladi. Va biz strategik muvozanatni saqlab qolamiz. Muvozanat – bu juda muhim narsa", - deya ma'lum qilgan Putin.

Shuningdek, uning ta'kidlashicha, NATOni kengaytirish va Yevropada RQM tizimlarini joylashtirish Rossiyani bunga javob qaytarishga undamoqda. Putinning fikricha, alyansni kengaytirishni, agarda davlatlar o‘zlarini xavfda ekanliklarini his etishayotgan bo‘lsa, xavfsizlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi kelishuvlar bilan o‘zgartirish mumkin edi.

Putinning fikricha, sobiq Ittifoq parchalanib ketganidan so‘ng hamda Eron yadro dasturlardan voz kechganidan keyin, RQMni joylashtirish va alyansni kengaytirishda hech qanday ma'no yo‘q.

"Raketalarga qarshi mudofaa tizimini Yevropada rivojlantirish dasturi keng ko‘lamda davom etmoqda. Kimga qarshi? Demak, bu bizni javob qaytarishga undamoqda", - deya ma'lum qildi Rossiya yetakchisi.

Snouden – irodali inson

Suhbatning seshanba kuni e'lon qilingan qismi katta joyi Snoudenga bag‘ishlandi. Putini uni "irodali" inson, deb atagan.

Prezidentning ta'kidlashicha, Snouden Rossiyaga qandaydir ma'lumotni “berishni” rejalashtirmagan.

"U qo‘shma kurashga chaqirdi. Biz bunga tayyor emasligimiz aniqlangach, men – bu bizga kerak emas, dedim. Bizda AQSh bilan busiz ham murakkab munosabatlar, bizga yana qo‘shimcha qiyinchiliklar kerak emas. U shunchaki ketdi va g‘oyib bo‘ldi", - dedi Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Snouden bilan ilk aloqalar Xitoyda bo‘lib o‘tgan.

"Keyin esa menga janob Snouden Moskvada qo‘nishi kerak bo‘lgan samolyotda ekanini aytishdi. U boshqa samolyotga o‘tib, Lotin Amerikasiga uchib ketishi kerak edi. Biroq, ma'lum bo‘lishicha, u bormoqchi bo‘lgan davlatlar uni qabul qilishni juda ham istayotgan emas ekanlar, bundan tashqari, OAVda unga qayergadir uchib borishga imkon berishmasligi haqida ma'lumot paydo bo‘ldi", - dedi Putin

Shu tariqa MXAning sobiq xodimi Moskvada, tranzit yo‘lovchilar zalida paydo bo‘lgan. "Keyin esa biz unga vaqtinchalik boshpana berdik", - deya qo‘shimcha qilgan davlat rahbari.

U AQSh prezidenti Barak Obama Snouden yuzasidan qo‘ng‘iroq qilgani borasidagi savolga javob bermagan. "Men bu haqda gapirishni istamagan bo‘lardim. Bu maxfiy narsa", - deya ta'kidlab o‘tdi Putin.

Rossiyadagi vaziyat

Prezidentning tan olishicha, Rossiya demokratik va suveren davlat sifatida o‘ziga xos ijobiy jihatlar hamda kamchiliklarga ega. "Rossiyani qanchalik yomonlashmasin, Rossiya – demokratik davlat. Va suveren. Bir qator muammolar shu bilan bog‘liq, biroq buning yaxshi tomonlari ham yetarlicha", - deya hisoblaydi Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “o‘z suverenitetidan foydalanishi mumkin bo‘lgan davlatlar sanoqlidir”. "Ko‘pchilik mamlakatlar ittifoqchilik majburiyatlariga ega. Aslida, ular suverenitetini o‘zlarining tashabbusi bilan cheklab qo‘yishdi", - deya qayd etdi Rossiya yetakchisi.

Putinning aytishicha, Rossiyada demokratik hamjamiyat bosqichma-bosqich rivojlanishi kerak.

"Albatta, ertagayoq bizda AQSh, Fransiya yoki Germaniyadagi kabi tartib yuzaga kelishini tasavvur qilish mushkul. Jamiyat va davlat, istalgan tirik organizm kabi, bosqichma-bosqich rivojlanishi kerak. Aynan shu rivojlanishning normal jarayonidir", - dedi u.

Putinning aytishicha, Rossiyada partiyalarni erkin ro‘yxatdan o‘tkazish saylovchilarda tanlov muammosini keltirib chiqarmoqda. 

"Endi ko‘p partiyaviylik va partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati haqida... Biz yaqindagina bu imkoniyatlarni jiddiy erkinlashtirdik. O‘z siyosiy tashkiloti yoki partiyani ro‘yxatgan o‘tkazish imkoni shu darajada rivojlandiki, saylovchilarda boshqa – takliflar ko‘pligi bilan bog‘liq muammo paydo bo‘ldi", - dedi u.

Ukraina haqida

Suhbat davomida Ukraina mavzusiga ham to‘xtab o‘tildi.

"Amerikaning bu mintaqadagi xalqaro siyosati falsafasi shundan iboratki, Ukraina va Rossiyani yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, sababi kimdir bunda tahdidni ko‘rmoqda. Kimningdir fikricha, bu Rossiya qudratining o‘sishi manbasi, hamda nima bo‘lgan taqdirda ham Rossiya va Ukrainani yaqinlashishiga xalaqit berish kerak", - dedi Putin.

Shu bilan birga, Rossiya yetakchisining ta'kidlashicha, AQShda ham, Yevropa davlatlarida ham bunda ukrainalik fuqarolar pozitsiyasi e'tiborga olinmagan.

"Ukrainada radikal unsurlar, millatchilik kayfiyatidagi unsurlarni qo‘llab-quvvatlash bu nuqtai-nazardan mag‘lubiyatsizdir. Shuning uchun, buni qilganlar o‘z maqsadiga yetdi. Ular juda zo‘r ishlashdi", - deya ma'lum qildi Putin.

Mavzuga oid