O‘zbekiston | 17:00 / 15.06.2017
14386
3 daqiqa o‘qiladi

Senat vakillari erkin konvertatsiya haqidagi savolni ochiq qoldirishdi

15 iyun kuni «Taraqqiyot strategiyasi markazi» hamda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Harakatlar strategiyasini amalga oshirish borasidagi faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Senat qo‘mitalari raislari va ularning o‘rinbosarlari, senatorlar, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Sudyalar oliy kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi adliya, sog‘liqni saqlash, tashqi ishlar, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi vakillari, jamoat tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida «Kun» muxbiri Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasiga quyidagi savol bilan murojaat qildi: «Bizga ma'lumki, investitsiyalar oqimini oshirish uchun katta qadam konvertatsiya masalasini hal etish hisoblanadi. O‘zbekistonda erkin konvertatsiya qachon ochiladi. Bunga nima to‘sqinlik qilmoqda?»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakillari esa bu savolga aniq javobni Vazirlar Mahkamasining matbuot xizmatidan olish mumkinligini bildirishdi va savolga javob qaytarishmadi.

Mazkur savolga tadbir spikerlaridan biri quyidagicha javob berdi: «O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi doirasida yaqin uch yil davomida mazkur masala, jumladan, kredit siyosati, konvertatsiya masalasini liberallashtirish maqsad qilingan. Bugungi kunda bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan ishlar rejasi tuzib chiqilmoqda. Mazkur loyiha to‘laqonli pul kredit siyosatini amalga oshirish, erkin konvertatsiyaga o‘tish masalasini hal etishga yo‘naltiriladi. Ayni damda bu loyiha manfaatdor idoralar bilan birgalikda o‘rganib chiqiladi». 

Demak, erkin konvertatsiya masalasini hal etish chora-tadbirlari ayni damda tegishli idoralar tomonidan o‘rganilmoqda. Umid qilamizki, yuqorida qayd etilgan loyiha o‘z vaqtida amaliyotga tatbiq etiladi.

Mavzuga oid