O‘zbekiston | 03:44 / 15.06.2017
38826
3 daqiqa o‘qiladi

Viloyatlarda yoqilg‘i yetishmovchiligi holatiga nima sabab bo‘lmoqda?

14 iyun kuni Xalqaro Press-klubda “O‘zbekneftgaz: yangi davrga yangi strategiya bilan” mavzusidagi navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi. Sessiya davomida O‘zbekistondagi neft va gaz sohasidagi mavjud vaziyat hamda sohaning istiqbollari, shuningdek yangi loyihalar muhokama qilindi.

Bizga sir emaski, mamlakatimizning chekka hududlarida yoqilg‘i taqchilligi holati mavjud. Bunga Kun.uz saytining muxbirlari ham viloyatlarga uyushtirilgan safarlarda guvoh bo‘lishdi. Yoqilg‘i sotish shoxobchalarida  benzin cheklangan miqdorda bo‘ladi. Benzin tamom bo‘lgach, mijozlar yoqilg‘i izlab sarson bo‘lishadi. 

Bu kabi holatlarga qachon chek qo‘yilishi barchani qiziqtirishi tabiiy, albatta.   

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri yuqorida qayd etilgan masala bo‘yicha mutasaddi tashkilot vakiliga murojaat qilib, kerakli javobni oldi. 

"Hozirda barcha viloyat hokimligi yoki mahalliy tuman hokimliklarida grafik joriy qilingan. Endilikda neft importini kamaytirish va o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan xom-ashyodan ekologik yoqilg‘iga o‘tish siyosati amalga oshiriladi. Ayni damda viloyatlarda 90 foiz avtotransport vositalari gazga o‘tgan. Shuningdek, hozirda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar ham gaz o‘rnatishga moslangan", - deya javob berdi "O‘zneftmahsulot" kompaniyasining boshqaruv raisi Muzaffar Fayziyev.
 
Olib borilgan tahlillar shuni ko‘rsatadiki, xususiy yoqilg‘i shoxobchalari belgilangan miqdorda va o‘z vaqtida benzinlarni sotsa, yoqilg‘i barchaga yetadi. Biroq ularning ayrimlari ko‘proq daromad olish maqsadida, yoqilg‘ini "olib-sotar"larga tarqatadi. Bu kabi vaziyatlar hamda shoxobchalarda yuzaga keluvchi navbatlar nazorati esa O‘zneftgaz inspeksiyasining vakolatiga kiradi.

"Shuningdek, yaqin kelajakda aholining yoqilg‘idan gazga o‘tishini ta'minlash uchun gaz narxini 5 yil ichida  oshirmaslik bo‘yicha yangi dastur loyihasi o‘rganilmoqda. Bu esa o‘z navbatida yoqilg‘i shoxobchalaridagi tirbandlik, benzinning ko‘chalarda "norasmiy" sotilishini oldini oladi hamda o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotdan oqilona foydalanishga imkon beradi", - deya qo‘shimcha qildi Muzaffar Fayziyev.  

Ma'lumot o‘rnida: Hozirda O‘zbekiston uch mamlakat - Rossiya, Qozog‘iston hamda Turkmanistondan neft sotib oladi. 

Mavzuga oid