O‘zbekiston | 21:57 / 19.06.2017
19060
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 46 foiz bola ota mehridan mahrum – YUNISEF hisoboti

Foto: un.org

Dunyoning 74 mamlakatida 3 yoshdan 4 yoshgacha bo‘lgan bolalarning yarmidan ko‘pi, ya'ni 40 million bolakay ota mehridan mahrum o‘smoqda. Otalar, qoidaga ko‘ra, farzandlari bilan kam o‘ynashadi, ba'zan esa kichik yoshli bolakaylarga umuman e'tibor qaratishmaydi. Bu vaqtda esa ota bolaning erta kognitiv rivojlanishida juda muhim rol o‘ynaydi. BMT Bolalar fondi (YUNISEF) saytida taqdim etilgan yangi hisobotda shu haqida ma'lum qilindi

Ma'ruza mualliflari bu borada tadqiqot o‘tkazib, Belarusda – 32 foiz, Ukrainada – 29 foiz, Gruziyada – 40 foiz, Qozog‘istonda – 49 foiz kichik yoshli bolalar ota mehrisiz o‘sayotganini aniqlashdi. 

O‘zbekistonda esa 3-4 yoshli bolakaylarning 46 foizi otasi bilan o‘ynash imkonidan mahrum. 

Shunisi diqqatga sazovorki, ushbu murakkab davrda bolalar ona bilan birga otaning g‘amxo‘rligi, mehr-muhabbati, to‘g‘ri ovqatlanish, stress va zo‘ravonlikdan himoyalanishga ham muhtoj bo‘lishadi. 

Dunyoga kelganidan keyin ilk ming kunda bolaning miyasi shiddatli sur'atlarda rivojlanadi – unda har soniyada mingga yaqin yangi birikmalar paydo bo‘ladi. Ular asosan bolaning keyingi yillardagi fikrlash apparati imkoniyatlarini ta'minlaydi.  

“Bu raqamlar otalar har doim ham o‘z farzandlarining rivojlanishida faol rol o‘ynamasligini ko‘rsatmoqda”, - dedi YUNISEF vakili Lourens Chendi. 

U otalarga o‘z bolalariga ko‘proq vaqt ajratish, ularga mehr-muhabbat ulashish, birga o‘ynash, kitob o‘qib berish, hikoyalar so‘zlab berish, ular bilan birga qo‘shiq aytish va rasm chizishga halaqit beruvchi to‘siqlarni yengib o‘tishga chaqirdi. Lourens Chendi barcha otalarni farzandining erta rivojlanishida muhim rol o‘ynashlarini yoddan chiqarmaslikka chorladi. 

Qator mamlakatlarda iyun oyining uchinchi yakshanbasida nishonlanuvchi Otalar kuni arafasida jahon kino, sport va musiqa yulduzlari YUNISEFning “Super otalar” tashabbusiga qo‘shilishdi. “Super otalar” tashabbusi –bolaning erta rivojolanishi masalasiga e'tibor jalb qilishga qaratilgan YUNISEFning #EarlyMomentsMatter (erta rivojlanish muhim) kampaniyasining bir qismi. 

Mavzuga oid