Light | 17:51 / 02.07.2017
61512
3 daqiqa o‘qiladi

Chanqoqni to‘g‘ri qondirish usullari

Yozda organizm o‘zidan ko‘proq namlik chiqaradi, bu esa uni ko‘proq suv bilan ta'minlash kerakligidan dalolat beradi. Ha, aynan suv bilan: gazlangan shirin ichimliklar, qahva va hatto katta porsiyadagi karam sho‘rva ham yordam bera olmaydi. Chanqoqni to‘g‘ri qondirish juda muhim, suv-tuz balansini nazorat qilishni o‘rganib olsangiz, organizmingizda jiddiy (ijobiy) o‘zgarishlar yuz beradi. Don't Panic shu haqidagi ma'lumoti bilan bo‘lishdi.

Qorin ochganda ham suv iching

Parhezning bunga aloqasi yo‘q. Ochlik va chanqoqlik hissi juda o‘xshash, shuning uchun qorningiz ochsa, suv ichib olishga harakat qiling. Sport bilan shug‘ullanganda suv ichish zarur. Yugurish yo‘lakchasida bir soatlik mashqdan keyin ham chanqamadingizmi?  Bu zo‘riqish natijasida tananing "dovdirashi" va miyaga signal yetkazishga ulgurmasligi tufaylidir, o‘zingizni zo‘rlab bo‘lsa ham suv iching.

Suvsizlik nazorati

Kuniga ikki litr suv ichish hammaga ham to‘g‘ri kelavermaydi. Organizm qancha namlik ajratsa, shuncha suv ichish kerak bo‘ladi. Favqulodda holatlarda uch litrgacha ter ajralishi mumkin, shundan ehtiyot bo‘ling. Hech qanday favqulodda holatlar kutilmayaptimi? Yanada yaxshi. Katta yoshli erkakning 1 kilogramm vazniga taxminan 40-45 ml suv kerak bo‘ladi. Bu sutkalik me'yor hisoblanadi. 

Kichik porsiyalarda

Ertalabdan bir litr suv ichib olib, me'yorning yarmi bajarildi, deb o‘ylash noto‘g‘ri. Bu holda oshqozoningizni cho‘zganingiz qoladi, xolos. Yaxshisi, ish o‘rnida yarim litrli gazlanmagan suvni qo‘yib qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Mana ko‘rasiz, organizmning o‘zi avtomatik ravishda signal berib turadi. 

Shunchaki suv emas

Suvni uyga buyurtma qilish yoki uni muntazam ravishda do‘kondan xarid qilishdan ko‘ra yaxshiroq variant bor. Bir marta yaxshi filtrga xarajat qilsangiz, u nafaqat suvni tozalaydi, balki uni foydali minerallar bilan ham to‘yintiradi. Fiziologik foydali suv talay foydali moddalarga boy bo‘ladi: kaliy, natriy, kalsiy, magniy, xloridlar, sulfatlar, bikarbonatlar va ftoridlar.

Qahvadan keyin suv

Aqlli misrliklar va yunonlar qahvani suv bilan ichishadi. Birinchidan, sovuq suv qahvaning tabiiy yoqimli aromatini kuchaytiradi. Ikkinchidan, suv kofeinning yurakka salbiy ta'sirini kamaytiradi (Spirtli ichimliklarni ham suv bilan ichish kerak, shunda organizm suvsizlanishdan himoyalanadi). 

Mavzuga oid