Jamiyat | 16:30 / 03.07.2017
16211
3 daqiqa o‘qiladi

"Porloq kelajak" oromgohi bolalarni chorlaydi

Vobkent tumanida “Porloq kelajak” oromgohi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. O‘quvchilarning yozgi dam olishi tizimli va samarali yo‘lga qo‘yilgani bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Porloq kelajak” oromgohida amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarida “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Buxoropaxtasanoat” hududiy filiali va uning tizimidagi qayta ishlash korxonalari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, "Buxorogazsanoatqurilish”, "Buxoroneftgazqurilishta'mir” aksiyadorlik jamiyatlari, “Vobkentmaxsusqurilish” mas'uliyati cheklangan jamiyati va boshqa ko‘plab pudrat tashkilotlari ishtirok etdi.

10 gektar maydonni egallagan oromgohdan 350 o‘rinli amfiteatr, minifutbol, basketbol, voleybol, badminton maydonchalari, suzish havzasi, ma'naviyat va ma'rifat markazi, 200 o‘rinli 4 yotoqxona, oshxona kabi inshootlar o‘rin olgan. Zamonaviy attraksionlar o‘rnatilgan. Maskan hududidagi 22 metrlik tarixiy tepalik saqlab qolingan holda zamonaviy qiyofa kasb etdi va oromgohning o‘ziga xos logotip-brendiga aylandi. Oromgohda mavsum davomida 800 ga yaqin o‘quvchi dam oladi.

Ayni paytda bu yerda viloyatning turli hududlaridan kelgan o‘quvchilar maroqli hordiq chiqarishmoqda.

Bu yerda jismoniy chiniqish barobarida kompyuter savodxonligi, tasviriy va amaliy san'at, o‘lkashunoslik, raqs, shaxmat-shashka to‘garaklari ham tashkil etilgani juda yaxshi, – deydi Buxoro shahridagi 2-umumta'lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Sakina Rustamova. – Kutubxonada kitoblar ko‘p. Amfiteatrda har oqshom yoshlarga mos kinolar namoyish qilinmoqda.

Oromgohning ochilish marosimi teatrlashtirilgan bayram tomoshalari, Vatan, tinchlik va baxtiyor bolalikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar va sho‘x raqslar bilan yakunlandi. Tadbirda shuningdek Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev ham so‘zga chiqdi. 

Mavzuga oid