Sport | 12:25 / 13.07.2017
33603
7 daqiqa o‘qiladi

Meyvezer-MakGregor jangi: taniqli sport sharhlovchisi Davron Fayziyev nigohi bilan

26 avgust kuni boks ixlosmandlari Konor MakGregor va Floyd Meyvezerning boks ringidagi jangiga guvoh bo‘lishadi. Kecha ikki sportchi ishtirokidagi ilk matbuot anjumani o‘tkazildi. Taniqli sport sharhlovchisi Davron Fayziyev o‘zining Feysbukdagi sahifasida ushbu matbuot anjumani va kutilayotgan jang haqidagi fikrlari bayon etilgan post joylashtirdi.

* * *

Boshlandi! Kecha birinchi matbuot anjumani o‘tkazildi va birinchi rekord qayd etildi. Jang rasman e'lon qilingandan keyin ular ilk marta yuzma-yuz uchrashishdi. Internetda esa onlayn translyatsiya rekordi o‘rnatildi. Hali yana bir necha matbuot anjumanlari bo‘lib o‘tadi. Ulardan biri Londondagi «Uembli» stadionida.

Shunchaki tasavvur qiling: MATBUOT ANJUMANIni tomosha qilish uchun internetda sotuvga chiqarilgan chiptalar 2 DAQIQADAYoQ SOTILDI! STADIONGA! Bu faqat matbuot anjumanining chiptalari hali. Jangga chiqarilgan chiptalarning rasmiy narxi 90.000 dollargacha.

Chunki, bunaqa voqea sport tarixida bo‘lmagan. Bir biriga raqobatchi ikki yo‘nalish — professional boks va MMAning mutlaq birinchi raqamlari uchrashishadi. Ikkalasi o‘z yo‘nalishida janglar orqali qo‘lga kiritilgan mablag‘lar va translyatsiyalar sotuvi bo‘yicha rekordchilar hisoblanishadi.

Konor MakGregorga qoyil qolish kerak. U sher bo‘la turib, akulaning hududiga o‘tib kurashadi. Jang to‘liqligicha boks qoidalari bo‘yicha o‘tkaziladi. Rasman Konor professional bokschi sifatida ringga chiqadi. Shu sababli, boks olami bir ovozdan «Konorning ringdagi hayotini 1 raunddan iborat», deya taxmin qildi.

Menimcha, shoshmaslik kerak. UFC oktagoni bu — sportning eng og‘ir hududi. U yerda rostdan ham insonning jismoniy imkoniyatlari yo‘l qo‘yadigan maksimum darajadagi atletlar kurashadi. U yerdan sog‘ chiqib ketishning o‘zi bir katta natija. Ana o‘sha hududdan Number one, Qirol unvoni bilan kelayotgani jangchini jiddiy qabul qilmaslik — katta xato.

To‘g‘ri, Konor favorit emas, bu fikrga qo‘shilaman. U anderdog bo‘lib keladi. Meyvezer — favorit, u — mashina. Floyd Meyvezerning faoliyatini taxminan 15 yildan beri kuzataman va biror jangini o‘tkazib yubormaganman. Shu vaqt ichida u yutqazish u yoqda tursin, hatto tizzasini yerga tekkizmagan, biror marta gandiraklamagan. Eng zo‘rlar bilan uchrashgan. Bunga u, shubhasiz, noyob qobiliyati va og‘ir mehnati bilan erishgan.

Yana bir tomoni, u — himoya qiroli. Reaksiya va tana harakati bilan raqiblar hujumini yo‘qqa chiqaradi. Zarbani ko‘tara oladi ham. Lekin, uning yoshi... Kecha matbuot anjumanida o‘zi ham tan oldi: «10 yil, 5 yil oldingi va hatto 2 yil avvalgi Floyd emasman, lekin Konorni nokautga uchratish uchun shuning o‘zi yetadi».

Bu kechagi gaplarning eng kamtaronasi. Bir necha iqtibos keltiraman:

FLOYD: «U yetti xonali songa loyiq jangchi (pul, summa ichidagi raqamlar soni nazarda tutilgan), xo‘p, mayli, u sakkiz xonali songa arziydi. Lekin, u o‘tgan jangida atigi 3 million ishladi. Mening mashg‘ulot lagerimning xarajati bu».

«21 yildan buyon raqiblar menga qarshi chiqadi va buzilib ketadi».

«U Mister Tapout». (MMAda uslub ishlatilganda yutqazganini tan oladigan)

«Sumkamni obkel, mana 100.000.000 dollarlik chek».

KONOR: «Bu soliq idoralari uchunmi?» ))

«Floyd kichik, tanasi, oyoqlari, boshi, hammasi kichik. Uni uzog‘i 4-raundda nokautga uchrataman. Shunchaki, eslab qoling!»

«U hamma raqiblari bilan bekinmachoq o‘ynagan. Boks qoidalari bu haqiqiy jangning yarmi, yo‘q, hattoki choragi. Haqiqiy jang emas. Haqiqiy jang o‘tkazsak, u birinchi raunddan uyog‘iga o‘ta olmaydi».

«U 20 yildan beri hech kimni toza nokautga uchrata olmagan».

«U matubot anjumaniga sport formasida kelibdi, hozir tuzukroq kostyum olishga ham puli yo‘q...»

Shunaqa gaplar bo‘ldi... Ayrimlarini yozdim. Aytgancha, Konor o‘sha kuni 50.000 dollarga buyurtma berilgan kostyumda keldi. Mayda chiziqlidek tuyulgan kostyumga agar yaxshilab qaralsa, har bir chizig‘i bu juda mayda yozuvlar bilan tushirilgan «F**k you» so‘zlari edi. Albatta, Floydga atalgan. Provokatsiyaning eng yuqori darajasi!

Bu endi birinchi press-tur. Boshlanishi. Birinchi tresh-bahsda Konor ustunlik qildi. Lekin, jang bu tresh-toking emas.

26 avgust kuni Las Vegasda sport tarixidagi eng katta voqealardan biri bo‘ladi. Uning qiziqarli tomoni, natija nima bo‘lishini umuman tasavvur etib bo‘lmaydi. Chunki bunaqasi bo‘lmagan. Yaqin yillar ichida bo‘lmasa ham kerak.

Yarim milliard dollar byudjyetga ega jang! Mutlaq rekord o‘rnatgan Floyd Meyvezer - Menni Pakiao jangi PPV ko‘rsatkichlariyam ortda qolib ketishi hozirdanoq aniq.

Bunaqa super-iventlarning bir jihati zo‘r: Hali janggacha ancha vaqt bo‘lsa ham mana shunday prevyu va turlar orqali ana shu vaqt mobaynida o‘sha jang kayfiyatini his qilasiz. Har bir yangilik, video, xabarni katta qiziqish bilan kuzatib borasiz.

Shaxsan men bu tortishuvlardan bir narsani kutaman: Ikkalasi o‘z mashg‘ulot lagerida to‘satdan sirpanib, yiqilib tushmasligi, vazn tashlashda mazasi qochib qolmasligi, sparringda qo‘li lat yemasligi va shu 26 avgust kuniga eson-omon yetib olib, gong chalinib, shu jang boshlanishini!

Davron Fayziyev,
sport sharhlovchisi

Mavzuga oid