Urgut tumanida 3100 nafar giyohvand ro‘yxatga olingan
Urgut tumani Chep mahallasida yashovchi 1968 yilda tug‘ilgan fuqaro Shoista Suvonova, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro Hakimxon G‘oziyev va 1984 yilda tug‘ilgan Tojikiston Respublikasi fuqarosi Ibrohim Haydarov tomonidan noqonuniy ravishda giyohvand moddalarini O‘zbekiston xududiga olib kirish jinoyati sodir etilgan.
Ushbu jinoiy guruh o‘zaro til biriktirgan holda 9.5 kg. miqdordagi opiy giyohvandlik moddasini 30 ming AQSh dollari evaziga sotishayotganda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudida o‘tkazilgan sudda jinoyatchilar o‘zlarining noqonuniy harakatlarini tan olishib, o‘z ayblariga to‘liq iqror bo‘lishdi.
Sodir etilgan jinoyat ishi yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi tomonidan aybdorlarga nisbatan tegishli tartibda sud hukmi e'lon qilindi. Sud hukmiga ko‘ra sudlanuvchi Shoista Suvonova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari asosida 11 yil 6 oyga, Hakimxon G‘oziyev 14 yil 6 oyga, Ibrohim Haydarov 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Afsuski, giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatning jazosi og‘ir bo‘lsada Urgut tumanida giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar hamon uchrab turibdi. Mana shunday jinoyatlar oldini olish maqsadida Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat va Urgut tuman sudi, tuman prokuraturasi ishtirokida fuqarolar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda so‘nggi paytlarda tumanda giyohvandlik bilan bog‘lik jinoyatlar to‘g‘risida ma'lumot berib o‘tildi. Xususan, 2017 yil 6 oyi davomida tumanda 267ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, shundan 18ta jinoyat ishi giyohvandlik moddalari bilan bog‘liqdir. Bugungi kunda tumanda 3100 nafar giyohvand ro‘yxatga olingan bo‘lib, 38 nafar OITS kasalligiga chalingan fuqarolar aniqlangan. OITS kasalligi bilan og‘rigan bemorlarning 22 nafari aynan giyohvand moddalarni iste'mol qilish orqali mazkur kasallikni yuqtirgan. Achinarli jihati shundaki, 11ta oilada 11 nafar farzandga OITS kasalligi yuqqan bo‘lib, tumandagi markaziy shifoxonada 4 nafar chaqaloq aynan shu kasallik bilan tug‘ilgan.
Tadbirda giyohvandlik tushunchasi, uning salbiy oqibatlari aholiga keng tushuntirilib, mazkur jinoyatni oldini olish bo‘yicha barcha birdek ogoh bo‘lishi, bu borada mahallalarda, ta'lim muassasalarida va ayniqsa yoshlar o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib borish lozimligi tushuntirib o‘tildi.
Farhod NORBO‘TAYeV,
jurnalist
Mavzuga oid
08:10
Bojxonachilar to‘xtatib qolgan giyohvand moddalar miqdori 1 tonnadan oshdi
11:38 / 17.11.2024
Samarqandda 3 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga hukm o‘qildi
10:06 / 19.09.2024
“Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘idagi noqonuniy yo‘l: prokuratura jinoyat ishi qo‘zg‘atdi
19:00 / 13.09.2024