Jamiyat | 15:06 / 01.08.2017
42367
7 daqiqa o‘qiladi

Prezident topshirig‘i asosida uy-joylar berildi

Dunyoga kelgan chaqaloqdagi bokiralik, poklik va beg‘uborlik aslida bir umrga saqlab qolish uchun beriladi. Ammo yaratgan in'om etgan umr keyinchalik qismat, taqdir, peshona deya izohlanuvchi ne-ne so‘qmoqlardan o‘tmaydi deysiz. Aslida esa u SINOV. Uni iroda bilan qarshilash, mashaqqatlar uchraganda yelkadosh bo‘lish ong va jamiyatning uyg‘unligiga bog‘liq. Taajjub, dunyoda necha milliard aholi bo‘lmasin, barchasining taqdiri o‘zgacha.

Farg‘ona tumanining O‘rta qishlog‘idan bo‘lgan Salimaxon Matkasirova oiladagi yetti farzandning biri edi. Onasi, otasi, boshqa yaqinlaridan ajrab qoldi. Yaxshi hamki akasi bor ekan. Bolalikdan ko‘zi og‘rir edi, 8-sinfni tugatish chog‘ida batamom ko‘rmay qoldi. Balog‘at yoshi arafasidagi qiz bolaning ko‘zi ojizligi kamxarj oila tashvishini ikki qildi. Na chora, taqdir ekan dedilar. Oradan yillar o‘tib Salimaxonga ham o‘z tenggi chiqdi. Oila qurdilar. Bitta farzand dunyoga keldi. Falakning kajraftorini qarangki salgina quvonchli kunlar xam uzoq cho‘zilmadi. Salimaxon qo‘lida o‘g‘li bilan beva qoldi.

– Endi qayoqqa boraman, degan xayol butun vujudimni tirnab tashlagan edi, o‘shanda, - deydi u. – Erimdan keyin uning ota-onasiga “ko‘zi ojiz” va boqimanda kelin kerak bo‘lmay qoldi. Ota hovlimizdagi to‘rtta chog‘-chog‘ xonalarda akam Abduqahhorning to‘rt o‘g‘li oilalari bilan yashardi. Bu xonalarda aqalli daxliz xol yo‘q edi. Oxir-oqibat oshxonani bo‘shatib berishdi, menga... Shu yerda o‘g‘lim ulg‘aydi, kasb-hunar kollejini bitirib qo‘shni qishloqdagi bir fermer qo‘lida suvchilik qiladi, hozir. Topganini arang tirikchilikka yetkazamiz...

Salimaxon yashaydigan hovlida ulardan tashqari 18 jon, 5 oila bor. Qishloqda ish o‘rni muammosi to‘liq yechimini topmagan. Norg‘uldek 4 yigit oilasi, bola-chaqasi, ota-onasini boqaman, deb duch kelgan ishni qilaveradilar.

Xudodan menga ato etgan ne'mati – aziz jonimni qaytarib olishini iltijo qilib so‘ragan tunlar xam bo‘ldi... 

Salimaxonning yorug‘ dunyoni butunlay ko‘rmay kelgan qorachiqlari yoshga to‘ldi. Keyin bir oz sukut qildida:

Bir kuni yig‘lab yotib uxlab qolibman, tushimda hovlimizga oq ot kirib kelib boshini sarak-sarak qildi, ortidan ergashdim, uzoqda bir nurni ko‘rdim. Ot yuraver ortimdan, degandek men tomon qarab qo‘yardi. Uyg‘onib ketdim. Qarangki, shu kuni uyimizga hokimiyatdanmiz, deb bir necha odamlar keldi. Men bilan suhbatlashib ko‘nglimga dalda berib, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev zoriqqanlarni panohiga olganini aytishdi. Keyin yana boshqalar kelishdi. Endi meni ishontirishdi. Menga yangi qurilgan uch xonali uy ajratishibdi. Dastlabki to‘lovini Prezident sovg‘asi deb qabul qilasiz, deyishdi.

Salimaxonning yuzlari yorishib ketdi.

– Mendagi tushkunlik o‘rnini xayotga, kelajakka ishonch egalladi. Demak, men ham shu jamiyat a'zosi, shu davlatning to‘laqonli fuqarosi ekanmanda, deb quvondim. Bugun men dunyoga qayta kelgandek, qayta tug‘ilgandek his qilyapman o‘zimni!

Farg‘onaning mashxur Chimyon qishlog‘i tepasidagi Gulshan mahallasida Cho‘lponoy Soynazarova turmush o‘rtog‘i Ikromjon Soynazarov va ikki farzandi bilan olti sotixli xonadondagi to‘rtta xo‘jalikka qo‘shni bo‘lib yashaydi. O‘zi birinchi, eri ikkinchi guruh nogironi.

Ko‘zim g‘ira-shira ko‘radi, bir oyog‘imdagi o‘simta tufayli uni kesib tashlashgan. Men endi shu nogiron erimdan boshqa odamga kerak emasman, deb o‘ylardim. Davlatimizga, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga cheksiz rahmatlar aytaman, menga o‘xshagan g‘ariblar va ko‘ngli cho‘kkanlarni himoyalariga olishibdi.

Cho‘lponoy bolasini bag‘riga bosib yig‘lab yubordi. Ikromjon qadrdon ovoz kelgan tomon yurib ularning yelkasidan tutdi.

Men oila boshlig‘i bo‘lib biron vatan egasi bo‘la olarmikanman, deb ko‘p kuyunar edim, alloh Prezidentimiz qalblarini mehr, muruvvatga to‘latdi, bizga ham yangi qurilgan uch xonali uy ajratishdi. Mo‘'jaz hovlisi ham bor ekan. Parranda, chorva boqaman. Cho‘lponoyga tikuv mashinasi sovg‘a qilindi, u zehni bilan chok topib tikyapti... Ko‘makka, muruvvatga muhtoj edik, ming qulluq davlatimizga, lekin boqimanda emasmiz, ikkimizda xam yashashga ishtiyoq tug‘ildi, qo‘limizdan kelganicha ishlab, uyning qolgan qiymatini o‘zimiz to‘laymiz.

Toshloq tumani Jarqishloq mahallasidagi hovlilarning birida Dilafruz Qambarova ikki nafar farzandi bilan ota-onasining uyida yashaydi. O‘zi ikkinchi guruh nogironi. Atigi 3 sotixli hovli darvozasidan 4 xo‘jalik a'zolari kirib-chiqadilar... Yangi qurib foydalanishga topshirilgan uylarning biriga Dilafruz farzandlari bilan ko‘chib keldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga asosan mehnatga layoqatlilik darajasi cheklangan xotin-qizlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta'minlash va uy-joyga muhtojlarini boshlang‘ich badal summasi to‘langan holda namunaviy uy-joy bilan ta'minlash maqsadida viloyat hokimligi, viloyat “Xalq qabulxonasi” ishchi guruhlari tomonidan joylarda o‘rganishlar olib borilib, 27 nafar fuqaroning ro‘yxati shakllantirildi. Qisqa vaqt ichida ularning barchasi uchun uy-joy qurildi. Dastlabki uch xonadon egalariga uy kalitlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq qabulxonasi”, viloyat hokimligi, keng jamoatchilik tashkilotlari vakillari ishtirokida tantanali ravishda topshirildi.

Xar bir xonadon yotoq, mehmonxona, oshxona mebellari bilan, hatto uy-ro‘zg‘or buyumlarigacha jihozlab qo‘yilibdi. Televizor, tikuv mashinasi, hovlida boqish uchun ikki bosh qo‘y... Bir muhtojning boshini silash shunchalar bo‘lar-da! Ming tashakkur, Prezidentimizga, - deydi Gulshan MFY raisi Qirg‘izov Avazbek.

Biz Prezidentimiz topshirig‘i asosida kelgusi yilda mehnatga layoqati cheklangan xotin-qizlar uchun yana 38 ta shu kabi dastlabki badali to‘langan uy joylar qurib beramiz, - deydi Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev.

Muhammadjon Obidov

Mavzuga oid