Jahon | 22:47 / 07.08.2017
9301
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung rahbariga 12 yillik qamoq jazosi berilishi mumkin

Janubiy Koreya prokuraturasi Samsung vitse-prezidenti va rahbari Li Chjye Yenga 12 yillik qamoq jazosi berilishini talab qildi. Bu haqda euronews telekanali xabar berdi. 

Ta'kidlanishicha, 7 avgustda Seulda uning ishi bo‘yicha yakuniy eshitishlar bo‘lib o‘tdi. Tadbirkor poraxo‘rlik va pul mablag‘larini sarflab yuborishda ayblanmoqda. U Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Pak Kin Xe aralashgan ish figuranti hisoblanadi.   

Tergov versiyasiga ko‘ra, sobiq prezidentning dugonasi Chxve Sun Sil Li Chjye Yendan 38 mln dollar miqdorida pora olgan. Buning evaziga tadbirkor Samsung’ning bir qator bo‘limlari birlashishida ko‘mak olgan. Bu esa unga korporatsiya ichidagi mavqeini mustahkamlashga imkon bergan.

Jazo hukmi avgust oxirida chiqarilishi kerak. Li Chjye Yen fevraldan turmada saqlanmoqda. Sudda u "Men hech qachon birovdan, jumladan prezidentdan kompaniya yoki o‘zim uchun biror naf so‘ramaganman", deb aytgan.

Janubiy Koreyada sobiq prezident ishtirokidagi korruptsion mojaro 2016 yilda avj olgan. Unda asosiy ishtirokchilar sobiq prezident Pak Kin Xe va uning dugonasi Chxve Sun Sil hisoblanadi. Mart oyida mamlakat konstitutsiyaviy sudi parlamentning prezidentni impichment qilish qarorini tasdiqlagandi.

Mavzuga oid