Fan-texnika | 17:55 / 19.08.2017
10763
4 daqiqa o‘qiladi

Alvido, Dodge Viper! Superkarning eng noyob namunalari

Kuni kecha, 18 avgustda Amerikaning mashhur Viper superkarining konveyeri to‘xtatilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Rejaga ko‘ra, u 31 avgustda to‘xtashi kerak edi.

Fiat Chrysler Automobiles alyansi Dodge Viper modelini ishlab chiqishdan butunlay voz kechishga qaror qildi. Keling, Amerika avtomobilsozlik sanoatining eng ko‘zga ko‘ringan namunalaridan birining turli modellarini yodga olamiz. 

«Vayper»larning ilk namunalaridan biri GTS-R sportkari 1990 yillar oxirida namoyish etildi. 

630 ot kuchiga V10 motorli avtomobilni Fransiyaning Oreca va Britaniyaning Reynard Motorsport firmalari jihozlagan. Mashina ancha omadli chiqdi: 1997, 1998 va 1999 yillarda «Vayper» GT2 tasnifidagi FIA GT birinchiligida eng yaxshi mashina bo‘ldi. 1998 yilda esa Jastin Bell, Devid Donaxyu va Luki Drudi boshqaruvidagi sportkar GT2 tasnifidagi «24 soat Le-Man» poygasida birinchi o‘rinni oldi.

 2003 yilda Dodge Viper Competition Coupe poyga namunasi paydo bo‘ldi. U SRT-10 fuqarolik modeli negizida barpo etildi.

Superkar 510 ot kuchli, 8.3 l V10 motorga ega bo‘ldi. Uning yordamida 4 soniyaga yetar-yetmas, tezlikni «yuz»ga chiqarish mumkin edi.

Avtomobil «mahalliy» kubok poygalari uchun ishlab chiqilgan edi. Shu boisdan ham mashina yirik poygalarda ishtirok etmadi.

Dodge Viper superkarining to‘rtinchi avlod trek namunasi – ACR – 2007 yilgi Los-Anjyeles ko‘rgazmasida namoyish etildi. 

2008 yilda Amerikaning Hennessey Performance tyuning atelesi Neiman Marcus to‘plami uchun to‘rtinchi avlod Viper modelining maxsus namunasini tayyorladi. 

Superkar 3,3 soniyada tezligini 96 kmga yetkazadi. Uning eng yuqori tezligi soatiga 342 kmni tashkil etadi. Narxi 179,5 ming dollarni tashkil etgan. 

2009 yili ACR modelining yanada kuchliroq ACR-X namunasi paydo bo‘ldi. U bozorga chiqarilgan vaqtda 110 ming dollardan sotildi.

2013 yil martida Nyu-York avtoko‘rgazmasida TA modifikatsiyasi havola qilindi. Time Attack deb nomlangan Viper TA atigi 33 nusxada ishlab chiqildi. 

Qator kompaniyalar jihozlariga ega bo‘lgan Viper TA odatdagi 8.4 l V10 dvigatelini saqlab qoldi. U 640 ot kuchiga ega edi. 3,3 soniyada 96 km/soat tezlikka erishadigan mashina dreg masofani (402 metr) 11,3 soniyada bosib o‘tdi. 

So‘nggi avlod Viper superkari ham o‘zining ACR trek namunasiga ega. Ushbu avtomobilning aerodinamik bosimi soatiga 283 kmda bir tonnaga yetadi. Bu seriyali superkarlar orasida eng yaxshi natija hisoblanadi. 

Trek superkariga 8.4 l benzinli V10 dvigateli o‘rnatilgan. 653 ot kuchiga ega motor olti bosqichli mexanik uzatmalar qutisi bilan Viper ACR mashinasini harakatga keltiradi. 

Hozirgi va so‘nggi «Vayper»ning poyga modifikatsiyasi – GTS-R deb nomlanadi. U 2012 yilda taqdim etildi. 

2013 yilda Viper GTS-R «24 soatlik Le-Man»da ishtirok etdi, ammo muvaffaqiyat qozona olmadi. Eng yaxshi «Vayper» LM GTE Pro tasnifida sakkizinchi bo‘lib marraga yetib keldi.

Mavzuga oid