Jahon | 00:24 / 19.08.2017
6409
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp o‘zining bosh maslahatchalaridan birini bo‘shatishga qaror qildi

Foto: Doug Mills/The New York Times

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z yordamchilariga strategik masalalar bo‘yicha maslahatchisi Stiv Bennonni iste'foga chiqarmoqchi ekanligini ma'lum qilgan. Bu haqda The New York Times  nashri xabar bergan. Keyinroq bu ma'lumot Oq uyda ham tasdiqlangan.

Oq uy Bennonning iste'foga chiqarilishi bo‘yicha kelishuvga kelingani haqidagi bayonotni tarqatgan. “Oq uy xodimlari apparati boshlig‘i Jon Kelli va Stiv Bennon bugun Stivning Oq uydagi oxirgi kuni ekanligi haqidagi kelishuvga kelishgan. Biz unga qilgan ishi uchun minnatdorlik bildiramiz va unga barcha ezgu niyatlarni tilab qolamiz”, deb aytilgan bayonotda.

NYT manbalarining ma'lum qilishicha, Tramp ma'muriyatining yuqori lavozimli amaldorlari Bennonni qanday qilib va qachon bo‘shatish mumkinligini muhokama qilishgan. Manbalarning ta'kidlashicha, Tramp Bennonning bo‘shatilishi sababli yaqin atrofida ixtilof yuz berishi mumkinligidan xavotirlanmoqda va Bennonni yana bir qancha vaqtga lavozimida qoldirishi mumkin.

Bu orada Bennonga yaqin bo‘lgan manbaning ta'kidlashicha, Oq uyning bosh strategi o‘zi iste'foga ketishni istab, 7 avgustda bu haqda ariza topshirgan. Biroq buni Sharlottsvilldagi tartibsizliklar tufayli keyinga qoldirishga to‘g‘ri kelgan.

Bennonning bo‘shatilishi haqidagi gaplar anchadan beri paydo bo‘lgandi. Avvalroq Axios nashri AQSh prezidentiga yaqin manbalarga iqtibos keltirgan holda Tramp maslahatchisini Oq uydan ma'lumotlar sizib chiqishiga aloqadorlikda gumon qilganini ma'lum qilgandi. Manbaning ma'lum qilishicha, Tramp Bennon borasidagi shubhalari xususida Oq uydagi hamkasblari bilan golf-klubda gaplashgan.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Tramp Bennonni milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Gerbert Makmaster borasidagi ma'lumotlarning sizib chiqishi tashabbuschisi deb hisoblagan. Bundan tashqari, Tramp Bennonning Bloomberg Businessweek nashri jurnalisti Josh Grin bilan yaqindan hamkorlik qilishidan norozi bo‘lgan. 

Mavzuga oid