Jahon | 20:00 / 22.08.2017
17492
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR: AQSh tufayli Koreya yarim orolida urush chiqishi mumkin

AQSh KXDRga bosim o‘tkazishni bas qilishi kerak, yo‘qsa Koreya yarim orolida urush boshlanadi. Bu haqda RIA Novosti agentligiga bergan intervyusi vaqtida KXDRning Rossiyadagi muvaqqat ishlar bo‘yicha vakili Zin Chjon Xep ma'lum qilgan.

«14 avgust kuni hurmatli o‘rtoq Kim Chen In Koreya xalq armiyasining Koreyalararo chegara yaqiniga joylashtirilgan qismlari qarorgohiga tashrif buyurdi va harbiy to‘qnashuvlarga tayyorgarlik holatini ko‘zdan kechirdi. Armiyamiz va xalqimiz dushmanlarning bu harakatlarini kuzatib turibdi hamda istalgan daqiqada, agarda fitnalar ro‘y beradigan bo‘lsa, ogohlantiruvchi zarba berishga tayyor», - deya aytib o‘tdi Zin Chjon Xep.

U amerikaliklar bir tomonlama bosim o‘tkazishni bas qilishi, o‘z harakatlari haqida o‘ylab ko‘rishi kerakligini ta'kidlagan.

«AQSh oqilona qaror qabul qilishi lozim. Koreya yarim orolida urush bo‘lish-bo‘lmasligi shunga bog‘liq», — deya qayd etgan u.

KXDR va AQSh munosabatlari shimolliklarning Guamga hujum qilish haqidagi keskin bayonotlaridan keyin yanada yomonlashdi. AQSh prezidenti Donald Tramp bunga javoban agar Kim Chen In Guamga nimadir qilsa, Shimoliy Koreyani misli ko‘rilmagan halokat kutishi haqida ma'lum qildi.

21 avgust kuni AQSh va Janubiy Koreya hamkorlikda Ulchi Freedom Guardian mashg‘ulotlarini boshlagan. Har yili o‘tkaziladigan 11 kunlik mashqlarga 67,5 ming harbiy safarbar etilgan.

Mavzuga oid