Jamiyat | 13:41 / 23.08.2017
16611
8 daqiqa o‘qiladi

Uyni vositachisiz sotish usullari – ma'lumotnomalar

Avvalgi materialda uy oldi-sotdi jarayonini hujjatlashtirish xususida so‘z yuritilgan edi. Bu safar hujjatlashtirish uchun zarur bo‘lgan ma'lumotnomalarni to‘plashdek murakkab jarayonning har bir bosqichida yuzaga keladigan holatlarni birma-bir ko‘rib chiqamiz, deb yozadi Norma.uz.
 
Demak, notarial idora xodimi sizga uy oldi-sotdi shartnomasini tasdiqlatish uchun talab etiladigan hujjatlar ro‘yxatini bir parcha qog‘ozga yozib, qo‘lingizga tutqazdi. Ro‘yxatni olganingizdan keyin ma'lumotlarni o‘zingiz to‘playsizmi yoki muayyan to‘lov evaziga sizga ularni yig‘ib beradigan shaxsning nomiga ishonchnoma qilib berasizmi — shuni hal etishingiz kerak. Hujjatlarni tezda o‘zim to‘plab olaveraman-da, shuyam ish bo‘pti-yu, deb o‘ylasangiz, adashasiz. Ko‘pgina xizmatlar asta-sekin elektron shaklga o‘tib, ma'lumotlar to‘plash jarayoni elektronlashib borayotgan bo‘lsa-da, uy oldi-sotdisini hujjatlashtirish borasida hozircha idorama-idora yurib, hujjat to‘plashingizga to‘g‘ri keladi. Birinchidan, jarayon anchagina vaqtingizni oladi, yo‘lkira, taksiga sarflanadigan pullar bilan birga asablaringizni ham “yeydi”. Baribir o‘zingiz to‘plashga qaror qilgan bo‘lsangiz, quyidagi maslahatlar asqatishi aniq.
 
Hududiy kadastr boshqarmasidan ma'lumotnoma
 
Ma'lumotnomani olish uchun kadastr boshqarmasiga:

•  kadastr hujjatining asl nusxasi (uy rejasi, oldi-sotdi (hadya) shartnomasi va turar joyning boshqa hujjatlari jamlangan “kitobcha”);
•  uy egasining pasporti nusxasi va asl nusxasi;
•  STIR nusxasi (soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami) taqdim etiladi.
 
Ma'lumotnoma 3 kalendar kun mobaynida beriladi. U mutlaqo bepul. Faqatgina idora vakili ma'lumotnoma berishdan avval uyingizga kelib, qog‘ozdagilarning haqiqatga qanchalik to‘g‘ri kelishini tekshirib ketadi. Agar uy tarxini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirgan bo‘lsangiz (yerlarni qo‘shib olish, qo‘shimcha xonalarni qurish, devorlarni buzish, oshxona joylashuvini o‘zgartirish, oynalarni g‘isht bilan yopish), Vazirlar Mahkamasining 12.02.2009 yildagi 41-son “Aholi punktlarini kompleks qurishda shaharsozlik normalari va qoidalari qat'iy bajarilishini nazorat qilishni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mutaxassis huquqbuzarlikka yo‘l qo‘yilganligini aniqlaydi. Bu esa sudda ko‘riladigan ish bo‘lib, sud noqonuniy ravishda qurilgan inshootlarni buzish, qog‘ozda ko‘rsatilgan dastlabki holatga keltirish va mo‘maygina bo‘lgan ma'muriy jarimani to‘lash haqida ajrim chiqaradi. Buni yoddan chiqarmaslik zarur.
 
Arxitektura va qurilish boshqarmasidan mazkur bino yaqin 5 yil ichida buzilmasligi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma
 
Ushbu ma'lumotnomani olish uchun quyidagilar talab etiladi:

•  uy egasining pasporti asl nusxasi;
•  kadastr hujjatining asl nusxasi.

Ma'lumotnomani darhol 25-20 daqiqa ichida tayyorlab berishadi.
 
Turar joydan ma'lumotnoma
 
Mahalladan oila a'zolari va propiska qilingan boshqa shaxslar to‘g‘risida ma'lumotnoma olish uchun:

•  uy egasining pasporti
•  uy kitobchasi kerak bo‘ladi.
 
Tabiiy gaz 

Notarial idoraga gazdan ma'lumotnoma olish uchun uy joylashgan joy bo‘yicha gaz xizmati boshlig‘i nomiga ariza yozish kerak. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

•  pasport nusxasi;
•  propiska qilingan odamlar soni haqida ma'lumotnoma;
•  gaz hisoblagichi qiyoslanganligi to‘g‘risidagi sertifikat;
•  uy kadastri hujjati;
•  gaz uchun to‘lov hujjatlari  (so‘nggi 10 tasi).
 
Gaz inspektori uyga to‘rt kun ichida tekshiruvga kelmasidan ma'lumotnoma berilmaydi. Gaz idorasi vakili kvitansiyadagi to‘lovlarning gaz hisoblagichi ko‘rsatkichlari bilan mosligi, qarz mavjud emasligi, gaz nuqtalari sonining hujjatda ko‘rsatilganlari bilan bir xil ekani, hisoblagichning buzilgan-buzilmaganini tekshiradi. Gaz uskunalari joylashuvini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish, yangi nuqtalarni ruxsatsiz qurish kabilar uchun jarima solinadi. Chunki O‘zbekiston Respublikasi hududida gazdan uy-ro‘zg‘orda foydalanish qoidalarining 18.1 bandiga ko‘ra uy (kvartira, bog‘li uy)ni  o‘zboshimchalik bilan gazlashtirish, gaz uskunalarining joyini o‘zgartirish, almashtirish va ta'mirlash mumkin emas.
 
Suv
 
Avvaliga “Suvsoz”ning tuman bo‘limi inspektorini suv hisoblagichini tekshirish uchun chaqirish zarur. Agar suv hisoblagichda kamchiliklar aniqlanmasa, barcha hujjatlar joyida bo‘lsa, uy egasi tuman “Suvsoz” bo‘limiga quyidagi hujjatlar bilan murojaat etishi darkor:

•  kadastr hujjati nusxasi;
•  uy egasining pasporti nusxasi;
•  mulk egaligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
•  propiska qilinganlar soni haqida ma'lumotnoma;
•  uy kitobi nusxasi;
•  uch yillik to‘lov hujjatlari;
•  tuman inspektori tomonidan tuzilgan tekshirish dalolatnomasi;
•  hisoblagich sertifikati.
 
Elektr energiyasi   
 
Notarial idoraga beriladigan ma'lumotnomani olish uchun uy egasi hududiy elektr tarmoqlari tashkilotiga murojaat etadi. Tashkilot xodimlari ariza asosida uch kun mobaynida arizachining uyiga kelib, elektr energiyasi hisoblagichini va elektr energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitoblar holatini tekshiruvdan o‘tkazadi. Elektr energiyasidan foydalanish qoidalaritalablari buzilmagan bo‘lsa, uy egasining elektrdan qarzi bo‘lmasa, ma'lumotnoma 5 kundan oshmagan muddatda uy egasiga taqdim etiladi.
 
Telefon
 
Uyda shahar telefoni bo‘lgan taqdirda telefon tarmog‘idan foydalanganlik uchun qarzdorligi mavjud emasligi haqida ma'lumotnoma zarur bo‘ladi. Ma'lumotnomani olish uchun ariza bilan pasport taqdim etiladi.
 
Aytish joizki, telefon uyga o‘tkazilmagan taqdirda ham shunday ma'lumotnoma talab etilishi mumkin. Telefon o‘tkazilmagani to‘g‘risidagi ma'lumotnomani olish uchun uy egasininng pasporti va kadastr hujjati taqdim etiladi. Ma'lumotnomani ariza berilgan kunning ertasiga olish mumkin.
 
Yer solig‘i va mol-mulk solig‘i
 
Soliq organidan ma'lumotnoma olish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

•  uy egasi pasportining nusxasi va asl nusxasi;
•  uy egasining STIR nusxasi;
•  kadastr hujjati,
•  so‘nggi uch yil ichida yer solig‘i va mol-mulk solig‘ini to‘laganligi to‘g‘risidagi kvitansiyalar nusxasi.
 
Notariusda 

Notarial idorada barcha hujjatlar tayyor bo‘lganidan keyin notarius qabuliga yozilish mumkin. Shartnoma imzolanishidan bir necha soat oldin ko‘chmas mulk egasi notarial idoraga kelishi va barcha hujjatlarni tekshirish uchun topshirishi zarur.
 
Notarial idoraga to‘lanadigan davlat boji turar joyning har bir kvadrat metri uchun EKIHning 0,5% ni tashkil etadi.
 
Elektr energiyasi, suv, tabiiy gazdan qarzi yo‘qligi haqidagi ma'lumotnomalar bir kalendar oy mobaynida haqiqiy hisoblanadi. Shu muddat o‘tgunicha uy oldi-sotdi shartnomasi imzolanmasa, ularni yangilash talab etiladi.

Mavzuga oid