Sport | 16:10 / 28.08.2017
23309
9 daqiqa o‘qiladi

JCh-2018 saralashi. Bizni kutayotgan e'tiborga molik 7 uchrashuv

Kelasi yili Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati uchun saralash musobaqalari avj pallasiga kirib kelmoqda. Bor e'tiborimiz terma jamoamizning Xitoy va Janubiy Koreyaga qarshi bahslariga qaratiladi. Bundan tashqari, guruhimizdagi boshqa o‘yinlar, shuningdek, Osiyodagi parallel guruhdagi raqiblarning o‘yiniga ham befarq bo‘lmasligimiz tabiiy. Sababi, terma jamoamizning guruhda uchinchi o‘rinni olib, pley-offda qatnashish ehtimoli ham mavjud, demak, narigi guruhdagi vaziyatni ham ta'qib qilishga to‘g‘ri keladi. 

Shuningdek, boshqa qit'alarda ham kurash qizg‘in tus olganki, shu kunlarda bizni kutib turgan e'tiborga molik o‘yinlarni eslatib o‘tishni joiz deb topdik. Terma jamoamizning ajoyib o‘yinlaridan so‘ng, tinmasdan futbol tomosha qilgingiz kelsa yoki aksincha, salbiy natijadan keyin o‘zingizni chalg‘itmoqchi bo‘lsangiz, mana bu o‘yinlar sizga muntazir bo‘ladi. Yoqimli ishtaha.

FRANTsIYa – NIDeRLANDIYa

31 avgust, 2017 

Foto: elheddaf.com

31 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan ushbu o‘yin mehmonlar uchun hayot-mamot maqomida bo‘lishi tabiiy. Hozirda Daniya va Fransiya terma jamoalari 16tadan, Niderlandiya esa 10 ochko to‘plagan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma faqat guruh g‘olibiga berilishini e'tiborga olsak, har bir ochkoning bahosi yanada qimmatlashib ketadi. 

Niderlandiya terma jamoasi mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, qatorasiga ikkinchi marta yirik musobaqadan chetda qolishi mumkin. Dik Advokaat shogirdlari Bolgariyadagi mag‘lubiyatdan so‘ng, guruhda uchinchi pog‘onaga tushib ketganlar va navbatdagi tur yo‘llanma beruvchi o‘rin bilan farqni 6 ochkoga olib chiqishi mumkin. Qolgan uch o‘yinda bu farqni yo‘qqa chiqarish nihoyatda mushkul. 

Dik Advokaatning kutilayotgan o‘yinlarga jalb qilgan tarkibida yangi nomlarni uchratmaysiz. E'tiborga molik jihat – terma jamoadagi so‘nggi uchrashuvini 6 yil oldin o‘tkazgan Rayan Babel yana jalb etildi. Bu qarorga albatta, futbolchining «Beshiktosh» tarkibidagi ishonchli o‘yinlari sabab bo‘ldi. 

NIGeRIYa – KAMeRUN

2 sentabr, 2017 

Afrika mintaqasida ham so‘nggi bosqich bo‘lib o‘tmoqda. 20 terma jamoa 5 guruhga bo‘lingan va har bir guruh g‘olibi Rossiya-2018 da qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi. Boshqa o‘rin yo‘q. 

Qit'ning eng nomdor ikki jamoasi bir guruhga tushib qoldi. Oxirgi olti mundialning beshtasida ishtirok etgan Kamerun bu safar turnirni o‘tkazib yuborishi mumkin. Nigeriyaliklar o‘tgan 2 turda yuz foizlik natija ko‘rsatib, guruhni boshqarib turishgan bo‘lsa, Kamerunda atigi 2 ochko bor xolos. Mezbonlar bu o‘yinda g‘alaba qozonib, ikkinchi davra oldidan juda qulay imkoniyatga ega bo‘lib olishlari mumkin. 

Har qanday turnir holatida ham, Mozes, Musa, Ivobi, Ndidi, Ixeanacho, Abubakar, Mukandjo kabi taniqli futbolchilar o‘zaro to‘qnash keladigan o‘yin barchaning e'tiborida turishga haqli. 

DANIYa – POLShA

1 sentabr, 2017 

Foto: Getty Images

JChda UYeFA uchun 13ta (Rossiyadan tashqari) joy ajratilgan. Guruhlar soni 9ta ekanini e'tiborga olsak, reglament bo‘yicha, ikkinchi jamoalar ichida ham eng yomon ko‘rsatkich qayd etgan bittasi JChga borish imkoniyatini butunlay yo‘qotadi. 

Joriy hisoblashda, hozircha, aynan mana shu guruhning ikkinchi jamoasi eng yomon ko‘rsatkich (10 ochko) qayd etib turibdi. Nisbatan teng kuchli (Polsha, Daniya, Chernogoriya, Ruminiya) jamoalardan tuzilgan ushbu guruhda ochko olish qiyin bo‘lishi tabiiy. Demak, bugungi vaziyat kurashni yanada qizitib yuboradi. 

Daniya terma jamoasi guruhda yaqqol peshqadamlik qilayotgan Polshani mag‘lub etsagina, yo‘llanma uchun kurashni davom ettira oladi. Aks holda, 2-o‘rinlarning eng baxtsizini aynan shu guruhdan qidirsak ajab emas.   

URUGVAY – ARGeNTINA

1 sentabr, 2017 

Foto: notife.com

Saralash o‘yinlarini juda kuchli boshlagan urugvayliklar so‘nggi 3 o‘yinda mag‘lubiyatga uchradilar va xavfli chiziqqa yaqinlashib qoldilar. Argentinaning holatiga ham havas qilib bo‘lmaydi, demak birgalikda hisoblaganda 4 marta jahon chempioni bo‘lgan bu ikki mashhur jamoa aynan mana shu xavfli qizil chiziq atrofida kuch sinashadilar. 

Urugvay 23 ochko bilan uchinchi, Argentina esa, 22 ochko bilan beshinchi o‘rinda bormoqda. Suaresning jarohati Tabaresni cheklashi tabiiy, ammo yaqinda «Jirona» safida «Atletiko» darvozasiga dubl qayd etgan Stuani Kavaniga sheriklik qilishi mumkin. Argentina hujumchilarida hammasi joyida – Messi ham, Dibala ham tinmay gol urib turgan palla.  

ISPANIYa – ITALIYa

2 sentabr, 2017 

Foto: Sky Sports

18 imkoniyatdan 16tadan ochko to‘plagan bu ikki terma jamoa V guruhini peshqadam sifatida yakunlashlari aniq. Ammo pley-offga qolib ketmaslik uchun ham, guruh g‘olibligi uchun kurash qattiq bo‘ladi. Jamoalarning Turinda bo‘lib o‘tgan o‘yinida 1:1 hisobi qayd etilgandi. 

G‘alaba ayniqsa, Italiyaga ko‘proq zarur bo‘lsa kerak. Chunki hozirda to‘plar nisbati bo‘yicha ispanlar guruhda birinchi bo‘lib turibdilar. Ispaniya keyingi turda Lixtenshteynga qarshi o‘ynashini e'tiborga olsak, to‘plar nisbatini yanada yaxshilab olish imkoniyatiga egalar. Italiya esa, Lixtenshteyn bilan har ikki o‘yinni ham o‘tkazib ulgurgan. 

Yana bir e'tiborli jihat, Ispaniya terma jamoasiga uch yillik tanaffusdan so‘ng, hozirda MLSda to‘p surayotgan David Vilya qaytdi.   

UKRAINA – TURKIYa

2 sentabr, 2017 

Jahon chempionati saralash bosqichlarining eng omadsiz jamoalari sifatida aynan Ukraina va Turkiyani ko‘rsatish mumkin. 2002 yilgi jahon chempionatida bronza medallarni qo‘lga kiritgan turklar shundan buyon saralashlarda omadsizlikka uchramoqdalar. Ukrainani ham JCh-2006 da ko‘rsatgan o‘z tarixidagi eng yaxshi natija (chorak final) ko‘rsatganlaridan buyon, mundialda ko‘rmaymiz. 

Guruhda uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallab turgan bu ikki jamoaning o‘zaro o‘yini haqiqiy jangga aylanishi tabiiy. Ushbu o‘yinda g‘alaba qozongan jamoagina keyingi turlarda Islandiya va Xorvatiyani ta'qib qilish imkonini saqlab qoladi, xolos. Turklarning keyingi o‘yini Xorvatiyaga qarshi kechadi. O‘sha o‘yinga ham alohida e'tibor qaratish mumkin. 

KOLUMBIYa – BRAZILIYa

5 sentabr, 2017 

Foto: eltiempo.com

Qatorasiga 8 o‘yindan beri faqat g‘alaba qozonayotgan Braziliya terma jamoasini kim to‘xtata oladi? Albatta, eng yaxshi nomzod – guruhda ikkinchi o‘rinda kelayotgan Kolumbiya. Yakunda pentakampionlarga yetib olish imkonsiz bo‘lsa-da, kolumbiyaliklarning bo‘shashishga haqqi yo‘q, zero Chili, Urugvay, Argentina kabi jamoalar orqadan izma-iz ta'qib qilib kelmoqdalar. Bu jamoalardan biri yo‘llanma tarqatilayotganda chetda qolib ketishini o‘ylasak, bu o‘yinga ham ko‘p narsa tikilganini tan olishga majburmiz. 

Xose Pakerman bu uchrashuvga eng kuchlilarni yig‘di. Fransiyada mavsumni juda sermahsul boshlagan Radamel Falkaodan ham umid juda katta. 

BONUS: 
PANAMA – TRINIDAD VA TOBAGO, HONDURAS - AQSh

5 sentabr, 2017 

Kuchli beshlikda o‘yinlar ko‘proq bo‘ladi. Agar yuqorida sanab o‘tilgan o‘yinlar ham sizning odatiy futbol chanqog‘ingiz uchun kamlik qilsa, e'tiboringizni Panama – Trinidad Tobago supermatchiga qaratamiz. Yo‘q, bu yerda xazil yo‘q. Rostan ham asta sekinlik bilan AQSh, Panama yoki Honduras terma jamoalariga e'tibor qaratishni boshlasak bo‘ladi. Chunki, pley-offning so‘nggi bosqichida OFK ning beshinchi jamoasi KONKAKAFning to‘rtinchi jamoasiga qarshi bahs olib boradi va mundialning eng so‘nggi yo‘llanmasi taqdirini hal qiladilar. O‘sha yerda biz ham bo‘lishimiz ham mumkin.  

Q.Aslanov tayyorladi. 

Mavzuga oid