Sport | 11:26 / 02.09.2017
68679
10 daqiqa o‘qiladi

Tahlil: Sergeyev qanday hujumchi?

Terma jamoamiz saralash o‘yinlari so‘nggi bosqichida 9 o‘yinda atigi 6 gol ura oldi xolos. Ko‘pincha, jurnalistlar yoki muxlislar tomonidan terma jamoamiz asosiy tarkibida nega aynan Igor Sergeyev maydonga tushayotgani haqida savollar ko‘p yangraydi. Nafaqat terma jamoa, balki klubida ham gol urmay qo‘ygan futbolchi nega doim maydonda harakat qiladi?

Odatda, Samvel Babayan Sergeyevning to‘psiz juda yaxshi harakat qilishini, ko‘rsatmalarni to‘g‘ri amalga oshirishini, himoyalanishda jamoaga katta yordam berishini aytadi. Futbolni tushunmagan biz kabi odamlar, albatta, o‘yinlarni boshqacha ko‘z bilan ko‘ramiz, balki biz ilg‘amayotgan jihatlar bordir, deyishga majbur qilishadi doim. 

Qo‘shilaman, agar hujumchi himoyachilarga doimiy bosim uyushtirsa, to‘psiz harakatlari orqali, jamoadoshlariga imkoniyat yaratib berishni uddalasa, hujumchiga e'tirozlar kam bo‘ladi. Misol uchun, «Real»da Karim Benzema degan hujumchi bor. Qachonki, Ronaldu yoki Iskolar tinmay gol urib, qulay vaziyatlarga ega bo‘layotgan ekanlar, Benzemaga e'tiroz bildirish qiyin - u to‘psiz harakat qilyapti, sheriklariga zonalar ochib beryapti, jamoa g‘alaba qozonyapti. Ammo agar jamoada hech kim gol urmay qo‘ysa, eng avvalo hujumchidan so‘raladi. Endi, uning to‘psiz harakat qilishi, himoyalanashi, zonalar ochishi ikkinchi darajaga chiqadi. 

Xo‘p, keling, Babayanning gapiga ko‘ngan taqdirimizda ham, bir ikki holat orqali, Sergeyevning aslida qanday harakatlanishiga, uning maydondagi intelektual salohiyati - saviyasiga, vaziyatni his qilish qobiliyatiga nazar tashlab ko‘ramiz. 

Birinchi taymda terma jamoamiz tomonidan tashkil qilingan yagona xavfli vaziyatga e'tiboringizni qarataman:
  
Eldor Shomurodov chap qanotdan jarima maydoniga kirib bordi va himoyachini deyarli dog‘da qoldirdi. Ammo kichik zonada ta'qibdan butunlay qutulishning imkoni yo‘q, Eldor tezroq to‘pni sheriklariga yetkazib berish kerak. Xo‘sh, kimga?

Sergeyev Eldorning himoyachini aldab o‘tishini boshida kutmagandir, mayli, ammo mana shu rasmda ko‘rib turganingizdaqa holat yuzaga kelganida ham joyidan qimirlamadi. Sergeyev Shomurodov tomonga harakatlanishi va himoyachilardan birini ergashtirishi yoki undanam ideal variant, uzoq burchakka, bo‘sh darvozaga to‘pni kiritish uchun harakatlanishi kerak edi. Mana shu yerda Sergeyev turgan va qimirlamayotgan nuqta hujumchi uchun, zarba uchun ideal pozitsiyami?

Natijada, Eldor sheriklari ochilishini kutib to‘xtab turdi. Himoyachi ta'qibni davom ettirdi, natijada u darvoza tomon tepishga majbur bo‘ldi. Shunday bo‘lsa, ham, agar Sergeyev to‘g‘ri harakatlanganda, to‘pni bo‘sh darvozaga kiritishi mumkin edi. Qarang, to‘p tepildi, darvozabon to‘pga tashlandi, ana undan keyin Igor harakatni boshlamoqda. 

1-taymda boshqa vaziyat deyarli yaratilmadi. Xo‘p, nega bunday bo‘ldi? Bir qaraganda, Sergeyev yugurib yuribdi, bosim uyushtiryapti, harakat qilyapti. Yarim himoyachilar no‘noq bo‘lsa, hujumchimizni birga bir vaziyatlarga chiqaradigan paslar bera olmasa, unda nima ayb? Odatda shunaqa deb qo‘ya qolishimiz kerak. Lekin mana bu vaziyatga e'tibor bering: 

Server Jyeparov to‘pni maydon markazida egallab oldi va oldinga qarab harakat qilmoqda. Sergeyev ro‘parasida ikki himoyachi, u darvozaga qarab turgan holatda tezlik olmoqda. 

Jyeparov to‘p bilan harakatni davom ettirdi. Sergeyev o‘ng tomonga harakatlanishi mumkin edi - natijada markaziy himoyachilardan biri uning orqasidan ketar, Jyeparovning qarshisida bir himoyachi qolardi. Jyeparov bir necha variantlarga ega bo‘lgan holda hujumni davom ettirar va hatto chap tomondan kelayotgan Shomurodov ham hujumga qo‘shilishi mumkin edi. Yoki Sergeyev ham chap tomonga harakatlanish orqali, Serverga o‘ngga yurish imkonini yaratib, Shomurodov bilan birgalikda pasni kutishlari mumkin edi. Ammo Sergeyev qizil strelka bilan ko‘rsatilgandek, oldinga yugurishda davom etdi. Nima foyda? Jyeparov bir pas bilan uni yakkama-yakka chiqarib yuborishi imkonsiz, eng yomoni, Sergeyevning oldidagi har bir himoyachi erkin holda, Jyeparovga hujum qilishi mumkin. Bu rasmda ko‘rib turganingizdek, hujumchimiz umuman xavf solmayapti. 

Mana bunisi umuman boshqa vaziyat:
  
Maydon markazidan Ahmedov hujum boshlamoqda, Sergeyev oldinda.

Xuddi boyagi kabi vaziyat. Hatto bu safar Ahmedov raqib ta'qibidan qochib ketgan ham. Sergeyev zudlik bilan yo o‘ng tarafga yoki chap tarafdagi zonaga ochilishi, himoyachilardan birini o‘ziga jalb qilishi, Ahmedovning bir necha variantlarga ega bo‘lgan holda, hujumni davom ettirishiga sharoit yaratishi mumkin. Ammo u yana o‘sha qizil strelka yo‘nalishi bo‘yicha harakatni davom ettiraverdi. Odil mana shu yopiq zonaga to‘p uzatishga majbur bo‘ldi. 

Endi mana shu ikki vaziyatni boshidan oxirigacha tomosha qilishingiz mumkin.

Yuqorida variant, variant deb ko‘p takrorladim. Nega, bilasizmi? Futbolda driblinglarni ko‘p kuzatamiz, tan beramiz, nega bizning futbolchilar mana shunday aldamchi harakatlar qila olmaydi, qani bizda Messi, deymiz.

Ammo bilasizmi, har qanday dribling jamoaviy mehnatdir. Agar Messini ikki himoyachi bilan bir xonaga qamab qo‘ysangiz, ishonavering, himoyachilar bir tashlanishda to‘pni Messidan olib qo‘ya oladilar. Messiga dribling qilishga sharoit qilib beradigan omillar - jamoadoshlarining aqlli harakatlari, ochiq zonalarning paydo bo‘lib borishi. Ya'ni Messi himoyachi tomon harakatlanayotganda, unda aldab o‘tishdan boshqa bir necha variant bo‘ladi. Himoyachi Messi bu variantlar ichida qaysi birini amalga oshirishini, qaysi ochiq zona tomon harakatlanishini bilmagani uchun aldanib qoladi. Jamoaviy to‘psiz harakat ko‘ngildagidek bo‘lmas ekan, na driblinglarni, na kombinatsiyalarni ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. 

Endi e'tiboringizga master klass namoyish qilamiz. Namuna bo‘ladigan futbolchi Benzema yoki boshqa hujumchi emas, vazifasi asosan himoyalanish bo‘lgan Nemanya Matich. E'tiborimizda, «Manchester Yunayted»ning «Vest Hem» darvozasiga urgan goli. 

Reshford maydon markazidan to‘pni egallab oldinga harakat qilmoqda. Uning orqasida Matich. Oldinda Lukaku, orqaroqda Mxitaryan turibdi: aslini olsak, Matich o‘z o‘rnida qolib, vaziyatni davomini kuzatsa ham bo‘ladi, to‘g‘rimi?
Yo‘q, u qizil strelka yo‘nalishi bo‘yicha tezlik oladi. Nega? Reshford dribling qilishi uchun. Agar u joyida qolsa, ikki markaziy himoyachidan biri Lukakuni yopishi, ikkinchisi esa, Reshfordga peshvoz chiqishi mumkin - terma jamoamiz sharoitida bu hujum mana shu yerda tugagan bo‘lardi. 

Matich ochiq zona bo‘ylab harakatni davom ettirdi. Qarang, Reshford jarima maydoniga yaqinlashyapti hamki, biror himoyachi unga hujum qila olmayapti. Chap tomondagisi tashlansa, Matich ochiq qoladi, markazdagisi peshvoz chiqsa, Luka ro‘parasida katta zona paydo bo‘ladi. Reshfordda bir necha variantning borligi unga bemalol to‘p bilan harakatlanishi uchun zamin yaratmoqda. Chunki u qo‘rqmaydi, to‘pni yopishga, saqlashga harakat qilmaydi, kimdir yaqinlashishi bilan unda variantlar bor: 1) Matichga to‘pni yetkazib berishi; 2) Lukaku harakatlanayotgan zonaga to‘pni o‘tkazib yuborishi; 3) Markaz tomon harakatlanib, zarba berishi yoki Mxitaryanga yetkazishi mumkin. Aynan to‘psiz aqlli harakatlanish orqali, 3 futbolchi to‘rt himoyachini dog‘da qoldirmoqda, shaxmatdagi kabi qulay pozitsiya hosil qilishmoqda.

Markaziy himoyachilarning bir necha variant o‘rtasida aldanib qolganliklari tufayli, ularning oralarida ochiq joy yuzaga keldi va Reshford to‘pni Lukakuga yetkazib berdi. (Savol tug‘iladiki, Reshford kabi xilma-xil variantlar Shomurodov yoki Jyeparovda bor edimi?) Bu hujumda umuman to‘pga tegmagan Matich va Mxitiryanning xizmati ijrochi futbolchilardan kam emas, deb bemalol aytish mumkin. 

Ha, bu Yevropa. Ular falon falon sharoitlarda to‘p surishadi, falon oylik olishadi, boshqa saviya, ularni namuna qilish mantiqsiz emasmi? Yo‘q, chunki bu yerda «MYu»ga qarshilik qilayotgan himoyachilar ham Xitoy terma jamoasi emas, «Vest Hem»...

Buning ustiga, bular juda elementar narsalar. Mirjalol Qosimov aytganidek, hozir hamma futbol o‘ynashni o‘rganib oldi. Biz qachon o‘rganamiz?

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid