O‘zbekiston | 22:00 / 08.09.2017
24712
5 daqiqa o‘qiladi

Aviakassalar va mehmonxonalar yangi sharoitda qanday muammolarga duch kelishmoqda?

Foto: goldenpages.uz

2 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yurtimizda yagona va shaffof valyuta bozorini shakllantirishga yo‘naltirilgan «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5177-sonli Farmoni imzolandi. Biznes vakillari uni yuksak ko‘tarinkilik bilan kutib oldi.

Biroq ushbu farmon qabul qilingunga qadar bo‘lgan valyuta majburiyatlari bilan endi qanday ish tutish kerakligi haqida savollar paydo bo‘la boshladi. Jumladan, yo‘lovchi aviatashuvini amalga oshirish sohasida. Bank xodimlari Markaziy bankdan ko‘rsatmalar kutib turishibdi, vaholanki qonunchilik bu muammoni bemalol yecha oladi, deb yozadi Norma.uz eksperti.

Yo‘lovchilar aviatashuvini amalga oshirish Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 1 avgustdagi №224-sonli qaroriga ko‘ra tartibga solingan. Uning asosida harakat qilib, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK Rossiya Federatsiyasining shaharlari yo‘nalishida, xorijiy aviakompaniyalar esa barcha yo‘nalishlarga 2017 yilning 5 sentabriga qadar aviachiptalarni AQSh dollarida sotib kelishayotgan edi. Agentlar va subagentlar valyuta tushumining 50 foiz majburiy sotuvini amalga oshirishlari shart edi. 5 sentabrdan e'tiboran aviachiptalar so‘mga sotilmoqda va aviakompaniyalar agentlik bitimini qaytadan imzolashgan.

Biroq, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK agentlari, xorijiy aviakompaniyalar agentlari va subagentlari va ulariga xizmat ko‘rsatayotgan banklar o‘rtasida ba'zi muammolar vujudga kelgan.

Banklar:

- «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK hamda xorijiy aviakompaniyalarning O‘zbekistondagi agentlari va vakolatxonalari valyuta hisob raqamlariga 5 sentabrgacha bo‘lgan muddat uchun sotilgan aviachiptalar uchun mablag‘larni o‘tkazib berishi lozim bo‘lgan aviakompaniyalar agentlari va subagentlarining to‘lov topshiriqnomalarini bajarishdan bosh tortmoqda;

- 2017 yil 5 sentabrga qadar tushgan valyuta tushumlardan 50 foizini majburiy sotish to‘g‘risidagi to‘lov topshiriqnomalarini agent va subagentlardan qabul qilmayapti.

Banklar o‘zining bu xatti-harakatini 5 sentabrdan e'tiboran O‘zbekiston Respublikasi hududida barcha o‘zaro hisob-kitoblar milliy valyutada amalga oshirilishi, valyuta tushumidan majburiy sotish esa bekor qilingani bilan tushuntirishmoqda. Prezident farmoni ishga tushgunga qadar sotilgan aviachiptalar uchun mablag‘lar o‘tkazib berilishi va o‘sha davr uchun valyuta tushumini majburiy sotuvini amalga oshirish zarur ekani haqidagi tushuntirishlar esa naf bermayapti. Yozma ravishda rad javobi berish haqidagi talablarga esa, bank xodimlari Markaziy bankka murojaat qilish kerakligini aytishmoqda.

Normativ-huquqiy hujjatlar aks ta'sir kuchiga ega emas va ular amaliyotga joriy etilganidan keyingi paydo bo‘lgan jamoat munosabatlariga nisbatangina qo‘llaniladi, agar buning aksi normativ-huquqiy hujjatning o‘zida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘zda tutilmagan bo‘lsa. («Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 31-moddasi).

Binobarin, biz aytayotgan hujjat 5.09.2017 yilda kuchga kirgan bo‘lsa va unda u aks ta'sir kuchiga egaligi belgilab qo‘yilmagan bo‘lsa, bu sanagacha paydo bo‘lgan shartnoma munosabatlari va majburiyatlari avvalgi shartlarda amalga oshirilishi kerak.

Demak agent va subagentlar:

- hujjat ishga tushgan kungacha yig‘ilgan valyuta yig‘imining 50 foizini davlatga sotishlari kerak;

- 5.09.2017 yilgacha sotilgan aviachiptalar uchun valyutani «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK, xorijiy aviakompaniyalarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari va agentlari valyuta hisob raqamiga o‘tkazib berishlari kerak.

Aks holda, aviakompaniyalar debitor qarzdorlikni undirish huquqiga ega bo‘lishadi. Masalan, uni agentlarning aviakompaniya hisob-raqamlaridagi xorijiy valyutadagi depozitlaridan yoki agentlar aviakompaniyalarga taqdim etadigan bank kafolatidan undirishlari mumkin bo‘ladi.

Norma.uz tahririyatiga ko‘plab murojaatlardan ko‘rinib turibdiki, xuddi shunday muammolarga turizm sohasi tashkilotlari ham duchor bo‘lishgan.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning 1 yanvaridan mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositachilari xorijiy fuqarolardan va fuqaroligi yo‘q shaxslardan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun faqat erkin konvertlanadigan valyutada to‘lov qabul qilishlari mumkin (2016 yil 2 dekabrdagi PF-4861ning 10 bandi 1- va 2-xatboshisi). Biroq banklar hozir 5.09.2017 yilgacha realizatsiya qilingan turistik xizmatlar uchun xorijiy valyutadagi to‘lovlarni o‘tkazib berishmayapti va bu turistik operatorlar (turistik agentlar) va mehmonxonalar (otellar va boshqa joylashtirish vositachilari) o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

 

Azizaxon Toshxo‘jayeva,

«Norma online» MChJ eksperti.

Mavzuga oid