O‘zbekiston | 17:50 / 10.09.2017
65194
7 daqiqa o‘qiladi

So‘mning valyuta debyuti: «Ko‘tarilib oldik, hozircha uchish me'yorida!» - Ekspert fikri

Foto: Ekonomicheskiye izvestiya

Ikki haftacha davom etgan qizg‘in bahslardan so‘ng, unda ko‘p narsani faqat taxmin qilish mumkin edi, albatta pul hokimiyati vakillarining avvalgi harakat yoki harakatsizliklaridan kelib chiqqan holda, endi ko‘p narsa aniqlashdi, oydinlashdi va qandaydir xotirjamlik paydo bo‘ldi. Bu haqda ekspert Zohid Zokir feysbukdagi sahifasida yozadi.

1. Eng yomon xavotirlar, ya'ni «manfaatdor tomonlarga» yon bosilib, devalvatsiyani yetarli darajada radikal qilmasdan, barcha xolis tomonlar uchun og‘ir va xatarli qilinishi mumkinligi o‘rinsiz bo‘lib chiqdi.

Yangi kursni «bozor» kursidan (tovarlarning joriy narxlari ma'nosida) sal baland kiritildi va shu bilan ham naqd valyuta ayirboshlash bozori tinchlantirildi, ham tovarlar narxlarining asabiy o‘ynashi oldi olindi. Bunga ko‘pchilik umid qilgandi, lekin juda kam odam ishongandi, shuning uchun ham ko‘pchilik uchun bu yaxshigina syurpriz bo‘ldi.

2. Boshqa xavotir tashkiliy ishkallar borasida edi, lekin bu borada ham hozircha hammasi yoqimli syurpriz maromida ketmoqda: banklar bemalol valyuta almashtirish operatsiyalarini boshlab yuborgani, hatto pasport ham talab qilinmasligi (katta summalardan tashqari), keyin shoxobchalarning hatto soat 22.00gacha (!) ishlashga o‘tishi — bular ashaddiy skeptiklarda ham optimizm uyg‘otdi, hatto biz bu sohada almisoqdan qolganimiz haqida piching qilib yurganlarda ham.

3. Ko‘pchilikda ba'zi texnik detallar savol tug‘dirmoqda, masalan, banklar topshirilayotgan va yig‘ilib boradigan naqd valyuta kupyuralarini nima qilishadi, agar faqat kartochkalarga valyuta berilsa, unda to‘yona, mashina va kvartiralarga qayerdan naqd valyuta olish mumkin va hokazo. Javob Qarorda berilgan — davlat ichki bozordagi pul aylanmasini dollarlashishini yo‘qotishga kirishdi. Lekin bu borada ham ma'lum qadamlar ketma-ketligi talab qilinadi va bu ishonch kreditini saqlab qolish uchun juda muhimdir.

4. Birinchi qadam — naqd valyuta berishni boshlashni cho‘zib yubormaslikdir — valyuta kupyuralari yig‘ilib qolgandan so‘ng bu banklar uchun tabiiy bo‘ladi. 90-yillarda bir bank rahbari mendan ombordagi naqd valyutani nima qilsa bo‘larkin deb so‘ragandi, chunki foyda o‘rniga nuqul katta xarajat keltirib chiqarmoqda (saqlash, qo‘riqlash, tashishga). O‘shanda men jismoniy shaxslarga mikrokreditlar berishni taklif etgandim — qisqa muddatga va katta foizga, uy, mashina va tilla buyum garovi bilan — hammasini supurib ketishadi, kerakli minimumni qoldirsa yetadi. Keyinchalik xuddi shuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (!) 2000-yillarda qilib, oyiga 4 foiz (yiliga 48 foiz!) mikrokreditlar berish bilan bizning kichik biznesni qo‘llab-quvvatladi (!?).

5. Ikkinchi qadam — kupyuralar kattaligi va to‘lovlar uchun qulayligi borasida dollardan tashabbusni ilib olish va pul aylanmasiga shu yil 100 ming so‘mlik, kelasi yil boshida 200-250 ming so‘mlik kupyuralarni kiritishdir. Shunda to‘yona va boshqa sovg‘alarni chiroyli, obro‘li va o‘zimizniki bo‘lgan kupyuralar bilan berish, yirik xaridlarni ham kichik hajmdagi va tashishga og‘ir bo‘lmagan o‘z pulimizda qilish mumkin bo‘ladi.

6. Men uchun eng tinchlantiruvchi xabar - bu yirik korxonalarga berilgan O‘zRRF valyuta kreditlari bo‘yicha to‘lovlar 4 yilga kechiktirilishi haqidagi qaror bo‘ldi. Agar valyuta birjasidagi yirik figuralar bo‘lgan kompaniyalarni qo‘llash uchun shu kabi choralar chet el kredit liniyalari bo‘yicha ham qo‘llanilsa, tobora o‘sib boruvchi inflyatsiya oldini olish maqsadiga bemalol erishish mumkin bo‘ladi. Axir juda katta miqdorda so‘m jamg‘armalari bo‘lgani uchun ular valyuta kreditlariga to‘lovlari uchun birjadagi valyuta jilg‘asini simirib yuborishi hech gap emas va kurs o‘ynashi xavfi katta edida. Endi bu muammoni yechishda ham tunnel oxirida chiroq ko‘rindi va ayniqsa, reformatorlarimizda bu tomondan keluvchi xavf borligini tushunishlari odamni tinchlantiradi.

7. Agar MB valyutani sotib olish uchun so‘m emissiya qilsa va keyin shu valyutani sotsa, tushgan so‘mlarni sterilizatsiya qilishi, ya'ni pul aylanmasidan chiqarishi, lozim. Bo‘lmasa yana avvalgi mashmasha takrorlanadi — 90-yillarda MB shuni qilmagani tufayli ham so‘mni, ham zaxiralarini barbod qilgandi. Bu borada ham yetarli tushuncha va ehtiyotlik bilan ish olib borilishidan umid qilamiz.

8. Va nihoyat, o‘rta va uzoq muddatlarda mening avvalgi xavotirlarim baribir saqlanib qoldi: yagona kurs so‘mdagi jamg‘armalar xarid quvvatini saqlab qolishni kafolatlamaydi va shuning uchun bunday milliy valyuta ko‘pchilik tomonidan jamg‘arma vositasi sifatida qaralmaydi, demak jamg‘armalar dollarda bo‘lishi oldi olinmaydi. Shu kabi naqd-naqdsiz pullarning farqi ham qoladi va joriy kurs o‘ynab turishiga ta'sir qiladi.

Xullas, bizning mahalliy moliyachi va bankirlarimiz — ular ustidan shu paytgacha faqat juda xotirjam chet ellikkina kulmagan edi — hozircha har biri o‘z dispetcherlariga ma'lumot berib, «Balandlikka chiqib oldik, uchish me'yorida!» deyishga haqli. Lekin, ularga bundan buyon katta mahorat, chaqqonlik va sezgirlik talab qilinadi, chunki o‘z kursi (!) bo‘ylab chiquvchi havo chuqurliklarini aylanib o‘tish, titroq va tebranishlarni kamaytirishlariga to‘g‘ri keladi va xotirjamlik bilan axborot berib, «Kursni (!) ushlab turibmiz, uchish bir maromda!» deya olishlari lozim.

 

Zohid Zokir.

Mavzuga oid