O‘zbekiston | 23:00 / 10.09.2017
229436
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga qaytgan milliarder Fattoh Shodiyev haqida nimalar ma'lum?

Foto: Getty Images

O‘tgan haftada Adliya vazirligi bosh ofisi Lixtenshteyn knyazligida joylashgan Shodiyev xalqaro fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasini ro‘yxatga oldi. 2011 yil Forbes tomonidan Belgiyaning birinchi raqamli millarderi sifatida e'tirof etilgan, mazkur fond asoschisi Fattoh Shodiyev haqida nimalarni bilamiz?

Taniqli tadbirkor Fattoh Shodiyev 1953 yilning 15 aprelida Jizzax viloyatida ziyolilar oilasida tavallud topgan. Maktab chog‘lari a'lo xulqi, ziyrak tafakkuri va bilimga intilishi bilan doim ajralib turgan kichik Fattoh maktabni oltin medal bilan tamomlaydi. Otasi Qayum Shodiyev 1963 yildan boshlab Sirdaryo paxta trestiga rahbar etib tayinlangach, Fattoh Shodiyev ilk mehnat faoliyatini «Sirdaryo haqiqati» gazetasida korrektorlikdan boshlaydi. O‘zbek millatiga mansub bo‘lajak milliarder keyinroq Xalqaro Munosabatlar Institutida ta'lim olish maqsadida Moskvaga jo‘nab ketadi. U yerda Shodiyev Alisher Usmonov, Alijon Ibragimov kabi bo‘lajak tadbirkorlar bilan birga tahsil oladi.

1979 yil o‘qishni a'lo natijalar bilan tamomlagan Fattoh Shodiyev Yaponiyadagi sobiq Sovet hukumatining Savdo vakolatxonasida faoliyat yurita boshladi. Uning tahliliy fikrlashi, muhim qarorlarni qabul qilishda uzoqni ko‘ra bilishi kelgusida SSSRning Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining sovet-yapon savdo masalalari bo‘yicha eksperti etib tayinlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qildi.

Sobiq SSSR parchalanishi arafasida uning otasi Qayum Shodiyev «paxta ishi»da ayblanib, uzoq muddatli qamoq jazosiga mahkum etildi. Fattoh esa 1989 yildan boshlab «Promfininvest» kompaniyasida ish boshlaydi. O‘zbekiston mustaqilligining ilk yillarida Qayum Shodiyev bir qator nohaq ayblanganlar qatori oqlandi va ozodlikka chiqadi. Tugatilgan davlatdan qolgan meros hammaning oldiga qiyin vazifalarni qo‘yardi: Shodiyev Qozog‘iston fuqaroligida Brussels Research & Consulting kompaniyasi prezidenti sifati tadbirkorlik faoliyatini boshlaydi.

2012 yil Forbes tomonidan Qozog‘istonning to‘rtinchi raqamli boy kishisi sifatida e'tirof etilgan Alijon Ibragimov va Fattoh Shodiyev 1992 yildan boshlab iqtisodiy hamkorlik rishtalarini kuchaytira boshlagan. Bir necha ishlab chiqarish korxonalari va zavodlarini boshqaruvchi Eurasian Natural Resources Corporation (ENRC) kompaniyasiga asos solgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar asosan mineral va qazilma boyliklar savdosi bilan shug‘ullanib keladi. Uzoq yillik mehnati va ishonchli hamkorligi ortidan unga Belgiya fuqaroligi taqdim etilgan. Ayni kunda uning boshqaruv ostidagi kompaniya Kongoda joylashgan Central African Mining and Exploration (CAME, Markaziy Afrika qazib chiqarish va tadqiq etish) kompaniyasini boshqaruv tarkibiga qo‘shib olgan. Shuningdek, uning istiqbolli loyihalari Mozambik, Mali, Zimbabve va JARda faol ko‘rsatkichga ega.

Tadbirkor 2010 yilga kelib, Zambiyadagi Chambishi Metals PLC aksiyalarining 90 foizini sotib oldi, ortidan Dubayda joylashgan Commit Resources FZE savdo va marketing sohasida faoliyat olib borayotgan kompaniyaning 100 foiziga ega bo‘ldi. Yirik kompaniyalarga egalik qilishi va boshqaruvi haqidagi ma'lumotni hali uzoq davom ettirish mumkin. Siyosiy fanlar doktori, Qozog‘iston Tabiiy fanlar Akademiyasining haqiqiy a'zosi, «Barys» ordeni hamda Avraam Linkoln nomidagi «Demokratiya va iqtisodiy erkinlik» medali sohibi Fattoh Shodiyevning mablag‘lari 4 milliard AQSh dollari atrofida baholanadi.

Uning fondi va O‘zbekistondagi vakolatxonasiga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, ta'lim olgan MDXMI talabalarini qo‘llab-quvvatlash hamda yangi avlodni barkamol o‘sib-ulg‘ayishida yordam berish maqsadida 1996 yili Shodiyev xalqaro fondi tuzilgan. Uning uch tarmog‘i bo‘lib, birinchi galda, MDXMIni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishdek rejani oldiga qo‘ygan. Bundan tashqari, fondning mablag‘lari rus-yapon savdo va ilmiy-texnikaviy munosabatlarini rivojlantirishga, shuningdek, bolalarga beg‘araz yordam qilishga qaratilgan.

Fondning O‘zbekistondagi vakolatxonasining asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan bolalar uylariga gumanitar ko‘mak va aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish loyihalariga xayriya yordami ko‘rsatishdan iborat.

Mavzuga oid