Sport | 09:53 / 11.09.2017
57340
7 daqiqa o‘qiladi

Hammasiga Babayan aybdormi?

Foto: Kun.uz

Hammasiga faqatgina Babayan aybdormi? Janubiy Koreya bilan uchrashuv yakuniga yetganidan so‘ng xayolimga kelgan fikrlarning eng birinchisi shu bo‘ldi. To‘g‘ri, Samvel Babayan futbolimizda asosan menejyerlik, jamoaning tashkilotchilik ishlari bilan shug‘ullanib yurgan. Biroq, O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqa olmaganida birgina Babayanning aybi bor, deb bo‘lmaydi. Bunga O‘zbekiston futbolidagi butunboshli tizim javobgar. Ha, obro‘liroq joyda ishlaydigan kishilarning erkatoy o‘g‘illarini iste'dodli bolalardan ustun qo‘yib, futbol jamoasiga qabul qiladigan, asosiy tarkibda maydonga tushiradigan, bolalar o‘rtasidagi musobaqalarda yoshni 2-3 barobarga kamaytirib ko‘rsatadigan shu tizim aslida hammasiga aybdor.

Futbol qachon rivojlanadi? Qachonki korrupsiya, tanish-bilishchilikdan xoli bo‘lsa. Qachon haqiqiy iste'dodlarga yo‘l ochib berilsa, qachon o‘sha yigitlarga xorijdan taklif tushsa, beriladigan mablag‘lar hisobidan o‘z cho‘ntagini qappaytirish payidan bo‘lmaydigan murabbiylar-u mutaxassislar ishlasa.

«Sport» telekanalidagi sharhlovchilar Janubiy Koreya bilan o‘yin yakunida Sambel Babayanni barchasiga balogardon qilib qo‘yishdi. To‘g‘ri, u ham juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydi. Sergeyev, Lobanov kabi «suyukli» futbolchilarini maydonga tushiraverib, muxlislarni bezdirib yuborgani bor gap. Ammo, agarda gap faqatgina murabbiyda bo‘lganida, nima uchun o‘z davrida maqtalgan, so‘ng esa yaxshilab so‘kilgan mutaxassislar bizni JChga olib chiqa olmagan? Ba'zi jurnalistlar aytganidek «futbolimizning go‘rkovi»ga aylangan Babayandan avvalgi mutaxassislar ham o‘z ishini uddalay olmagach, qancha haqorat va malomatlarga uchraganini ko‘pchilik yaxshi biladi, menimcha. Mirjalol Qosimovning o‘yindan so‘nggi matbuot anjumanida aytgan «Bolalarda ayb yo‘q, hamma ayb menda» degan gaplari kishilar orasida kulgi aralash tilga olinganida ham barchasiga faqatgina murabbiyni aybdor qilgandik. Abramov 2-3 o‘yinda salbiy natija qayd etganidan so‘ng uning iste'fosini talab qila boshladik. Balki hamma ayb o‘zimizdadir? Balki biz (qanchalik qo‘pol va og‘riqli bo‘lmasin - korrupsiya, tanish-bilishchilik kabi narsalarning kelib chiqishiga aslida o‘zimiz sababchimiz) aynan shunga loyiqdirmiz? Koreya bilan o‘yindan keyin Babayanni butun shaharga eshitiladigan qilib so‘kib ketgan muxlislar yana mag‘lubiyatga faqatgina bir kishini mas'ul qilib qo‘yishdi. Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob berish istagida bo‘lmay (chamamda – u ruhan bunga tayyor bo‘lmagan, umuman o‘zgacha kayfiyatda intervyu berishni rejalashtirgan), chiqib ketgan insonning ketidan «beg‘araz» deb so‘kkan jurnalistlar ham...

Aslida futbolimizda, hayotimizning barcha sohalarida bo‘layotgani kabi, tub islohotlar davri keldi. O‘FF prezidentligiga boshqa shaxs saylangani bilan u katta o‘zgarishlarni amalga oshirmas ekan, yangi kelgan murabbiyni ham «beg‘araz» deb so‘kishda davom etaveramiz. Tanish-bilishchilik, korrupsiya, deb atalmish narsalarni yo‘qotmas ekanmiz, «futbolimiz go‘rkovlari» haqida gapirishdan charchamaymiz.

Bir narsa meni hayron qoldiradi: nahotki shuncha yil mobaynida bolalar futboliga ajratilgan milliardlab so‘m mablag‘ evaziga O‘zbekiston sharafini munosib himoya qila oladigan, JChga chiqish kabi xalqimiz orzusini ro‘yobga chiqara oladigan 11 nafar azamat yetishib chiqmadi? Aslida aynan shu masala ustida bosh qotirish kerak!

Men Babayanni oqlash fikridan yiroqman. Yuqorida aytganimdek, u ham o‘ziga yarasha ko‘plab xatolar qildi. Milliy terma asosiy tarkibida maydonga tushishi savol ostida turadigan o‘yinchilarga ishonib qo‘ydi.

Biroq, men faqat bu masalaga sal o‘zgacharoq nazar tashlashni taklif qilayapman, xolos. O‘zbekiston o‘rtoqlik o‘yinlarida Osiyo, Yevropa, Afrikaning bir qadar saviyali (Yaponiya, Fransiya, Nigeriya haqida gapirish umuman orzu!) terma jamoalari bilan maydonga tushmaganida faqatgina u aybdor emasdir? O‘FFda bu masala bilan shug‘ullanadigan boshqa shaxslar nega qo‘l qovushtirib turishdi? Nima uchun aslida menejyerlik bilan shug‘ullangan insonni terma jamoaga bosh murabbiy qilib qo‘yishdi? Federatsiyada ishlovchi ba'zi shaxslar futbolimiz haqida jon kuydiradigan jurnalistlarning ustidan mazax qilib o‘tirishiga sabab nima? Balki, kimnidir so‘kish, nimadadir ayblashning o‘rniga shu haqda bosh qotirib ko‘rarmiz?!

Futbolimiz yana qachongacha shunday chalajon bo‘lib qoladi? Shu savol xayolimda qariyb 15 yildan beri bor. Yana kamida shuncha vaqt saqlanib qolsa ham hayron bo‘lmayman. Nahotki o‘zimizda qo‘lidan ish keladigan yaxshi bir murabbiy va 11 nafar jonini fido qilishga tayyor vatanparvar futbolchini topish mushkul? O‘z vaqtida o‘smirlar, yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida qatnashib kelgan yigitlar hozir qayerda? Nega ular inqirozga yuz tutdi? Bunga balki yana yuqoridagi narsalar sababdir?

Yaqinda Farg‘onaning «Neftchi» klubi sobiq bosh murabbiyi Yuriy Sarkisyanning KUN.UZ tahririyatiga bergan intervyusida bir jihat e'tiborni tordi. U stadionlar nega bo‘sh, degan savolga shunday javob berdi: «Odamlar futbol ko‘rish uchun kelishadi». Shu javobning zamirida juda katta ma'no, futbolimizdagi asl muammolar tub mohiyati yotgandek. 

Eng tashvishli jihati shuki, korrupsiya, tanish-bilishchilikka oyog‘i tugul butun gavdasi bilan botganlar bora-bora yuragida millionlar o‘yiniga mehri bo‘lgan yosh bolalarimizning ham ko‘nglini futboldan sovutib qo‘ymoqda. Bizning avlod O‘zbekistonni jahon chempionatida ko‘rmay o‘tmoqda, hech bo‘lmasa shu bolalar ishonchni yo‘qotmasin...

Otabek Nazar

Mavzuga oid