Jamiyat | 18:47 / 12.09.2017
17820
2 daqiqa o‘qiladi

Tuhmat balosi

Gulnora Roziqova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) farzandi uchun 2 yoshgacha to‘lanadigan nafaqa berilishini so‘rab, Shahrixon tumanidagi Segaza MFY raisiga ariza bilan murojaat qiladi va kerakli hujjatlarni taqdim etadi. MFY qoshidagi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash komissiyasi uning hujjatlarini atroflicha o‘rganib chiqib, oila daromadi belgilangan mezondan ortiq ekanligini aniqlab, asosli ravishda nafaqa tayinlashni rad etadi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Bundan G.Roziqovaning turmush o‘rtog‘i Durbekning jahli chiqadi. Ko‘nglida g‘araz niyat tug‘ilib, o‘zining telefonidan prokuratura ishonch telefiga qo‘ng‘iroq qiladi va MFY kotibi farzandiga nafaqa tayinlash uchun 100 AQSh dollari miqdorida pora so‘rayotganini aytadi.

Biroq, tezkor o‘rganishlarda Durbek MFY kotibiga g‘arazgo‘ylik maqsadida tuhmat qilgani, telefon orqali bergan xabari yolg‘on ekanligi ma'lum bo‘ladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrixon tuman sudida D.Roziqovning jinoiy xatti-harakati ko‘rib chiqildi. Unda sudlanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, “Jahl kelganda, aql ketar” qabilida ish tutgani, prokuratura aralashuvi bilan farzandiga nafaqa undirmoqchi bo‘lgani, aslida MFY kotibi undan pul talab qilmagani, qilmishidan pushaymonligini bildirib, suddan yengillik berilishini so‘radi.

Sud aybdor, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalarini tinglab, jinoyat ishi bo‘yicha hujjatlarni atroflicha tahlil qilib, D.Roziqovga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jazo tayinladi. 

Mavzuga oid