Fan-texnika | 22:05 / 24.09.2017
18924
7 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun iPhone 8 sotuvlari kutilganidek emas?

Foto: © Apple Inc. © flickr.com/Jared Keener

22 sentabr kuni AQSh, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Yaponiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda iPhone 8 va iPhone 8 Plus sotuvlariga start berildi. O‘tgan yillarda "olma" fanatlari yangi qurilmalarni birinchilar qatorida qo‘lga kiritish uchun uzoq navbatga turishardi, biroq bu safar kutilganidek bo‘lmadi. Apple kompaniyasining ko‘plab do‘konlarida avvalgidek navbatlar kuzatilmayapti. Masalan, Sidneydagi Apple do‘konida 30ga yaqin kishi yangi smartfonlar uchun navbat poylamoqda. Shuningdek Brisben, London, Lester va Ottavada ham navbat kutayotganlar u qadar ko‘p emas. Odatiy shov-shuv faqat Nyu-York va Singapurda kuzatildi. Shunisi qiziqki, Apple aksiyalarining narxi hafta boshidan buyon 5,2 foizdan ko‘proqqa pasaydi va bu bozor kapitalizatsiyasining 43 milliard dollardan ko‘proqqa tushishiga olib keldi. Xo‘sh, nima uchun sodiq muxlislar iPhone 8 smartfonini sotib olishga shoshilishmayapti?

1. Hech qanday yangilik yo‘q

Foto: REUTERS/Issei Kato

Aftidan, iPhone 8 va iPhone 8 Plus'ga bo‘lgan talabning kutilganidek yuqori emasligiga uning avvalgi modelga o‘xshashligi sababdir. 64 va 256 Gb xotirali IPhone 8 uchun 995,19 va 1204,74 dollar to‘lashingiz kerak bo‘ladi. 64 va 256 Gb xotirali IPhone 8 Plus uchun esa 1134,89 va 1344,44 dollar berishingiz kerak. Bunday pullar uchun kamida qandaydir katta yangilik kutasiz, shunchaki eski versiyaning apgreydini emas. Oxir-oqibat nimaga ega bo‘ldik?

iPhone 8 oltinchi "olma" davridan boshlangan eski dizaynga ega. Albatta, odatiy plastik o‘rniga endi shisha korpus bilan ta'minlangan. Biroq agar siz smartfonni g‘alofda olib yurishga o‘rgangan bo‘lsangiz, farqni yaqqol sezmaysiz.

iPhone 8 juda kuchli va bu, hoynahoy, uning avvalgi smartfondan ustunlik belgisi. Sakkizinchi "olma"da A11 Bionic chipi o‘rnatilgan va bu bugungi kundagi eng kuchli chipdir. Shunday bo‘lsa-da, bu siz uchun shu qadar muhimmi?

Davom etamiz. iPhone 7 va iPhone 8 kameralarining texnik xususiyatlarini taqqoslaydigan bo‘lsak, o‘zgarishlar u qadar katta emasligini tushunasiz. Endi videoni yangi chastotalarda yozishingiz mumkin (soniyasiga 30 yoki 60 kadr), soniyasiga 240 kadr chastotali sekinlashtirilgan video esa 1080P'da yoziladi. Bundan tashqari, iPhone 8'da ikki kamera hisobiga "Portret yoritgich" funksiyasi paydo bo‘ldi, vspishka yangilandi.

Ha, nihoyat inqilob —  simsiz tezkor zaryad. Albatta, bunday zaryad borasida Apple biroz kech qoldi, biroq hechdan ko‘ra kech. Faqat firmaning zaryad qurilmasi uchun qo‘shimcha to‘lov talab qilishi ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Yettinchi "olma"ning apdeyti uchun shuncha pul to‘lash — ko‘pchilik uchun ortiqcha tashvish.

2. Yangi "shirinlik" tayyor

Va bu shirinchlik — iPhone X. Ha, u qimmatroq, biroq nima uchun pul to‘layotganingizni anglab yetasiz. Boz ustiga uning sotuvlari yaqin - noyabrda. Unga qadar esa "sakkizinchi" ayfon va X smartfon narxlari o‘rtasidagi farqni to‘plashga ulgurish mumkin.

iPhone X'da ekran telefonning deyarli butun old panelini egallaydi. Unda odatiy Home tugmasi yo‘q. Asosiy ekranni ochish uchun barmoqlarni ekranning pastki qismidan yuqori tomon harakatlantirish, Siri'ni chaqirish uchun esa — yon tomondagi blok tugmasini bosish kerak bo‘ladi.

iPhone X smartfonining interfeysi mutlaqo yangicha: batareya zaryadi, tarmoqqa ulanish sifati va sana datchikli chiziqlarning chap va o‘ng tomonlarida aks etadi. Boshqaruv panelini ochish uchun ekranning yuqori qismi, o‘ng tomoni bo‘ylab barmoqlarni harakatlantirishning o‘zi kifoya. 

iPhone X'ning korpusi - shishadan, HDR'ni qo‘llab-quvvatlovchi, namlik va changdan himoyalangan 5,8 dyuymli  Super Retina ekran va ikki kamera bilan ta'minlangan. iPhone 8 Plus kamerasidan farqli o‘laroq, iPhone X'ning kameralari vertikal joylashgan. 

Touch ID barmoq izlari skaneri o‘rniga Face ID — foydalanuvchining yuzidan taniy oluvchi tizim o‘rnatilgan. Smartfon egasi unga qaraganida iPhone X blokdan yechiladi. Apple'da ta'kidlanishicha, bu juda muhim tizim, uni surat yoki niqob bilan aldash mumkin emas.

Bundan tashqari yana ko‘plab yoqimli jihatlari bor, lekin uning haqiqatda yangi qurilma ekanini tushunish uchun shularning o‘zi ham yetarli. Hoynahoy, iPhone fanatlarining uchdan bir qismi tanlovni X foydasiga amalga oshirib, sakkizinchi qurilma uchun shoshilishmayapti.

3. Raqiblar hushyor

Samsung xatolar ustida ishlamoqda va u Kupertinodagi ishlab chiqaruvchilarni taxtdan tushirishi ham ehtimoldan xoli emas. Janubiy Koreya kompaniyasi kelayotgan qish mavsumidayoq yangi Galaxy S9 flagmanini namoyish qilishni rejalashtirmoqda. Undan oldingi S8 modeli 2017 yilning yozida taqdim etilgandi. Samsung kompaniyasi Galaxy S9'ga qandaydir innovatsion funksiyalar yoki texnik xususiyatlar kiritsa, gadjyetsevarlar koreyaliklar tomonga o‘tib ketishi ham hech gap emas.

Boshqa ishlab chiqaruvchilar ham qolishmayapti. Apple konservatizm uchun tanqid qiluvchi Huawei doimiy tarzda raqobatbardosh qurilmalar ishlab chiqarish ustida ishlamoqda va darvoqe, ular Xitoy bozorida "olma" smartfonlarini siqib chiqarmoqda. Iyul oyida Apple'ning Xitoy bozoridagi ulushi qisqardi: Xiaomi bozordagi ulush ko‘rsatkichlari bo‘yicha Apple'ni to‘rtinchi o‘rindan beshinchiga tushirib yubordi. Ilk to‘rt o‘rin esa Huawei (23 million foydalanuvchi), Oppo (21 million foydalanuvchi), Vivo (16 million foydalanuvchi) va Xiaomi (15 million foydalanuvchi)ga tegishli.

Mavzuga oid