«Buyuk vazifa». Zafar Hoshimov taassurotlari
O‘zbekistonlik taniqli tadbirkor, «Korzinka.uz» supermarketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov telegramdagi kanalida o‘z faoliyatining ilk yillari haqida hikoya qildi
Buyuk vazifa
1994 yil.
Kuz kunlarining birida Angliyada magistratura bosqichidagi tahsilimni tamomlagach, ko‘zga ko‘ringan Britaniya kompaniyalaridan biriga meni ishga taklif qilishdi. Kompaniya ofisi markaziy Londonning - Mayfair nomli mashhur go‘shasida joylashgan bo‘lib, uning dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi bir qancha ofislari, vakolatxonalari hamda sho‘'ba korxonalari bor edi. O‘sha vaqtda kompaniya hisobidagi aktivlari qatorida O‘rta Yer dengizi havzalarida suyultirilgan tabiiy gazni saqlovchi va tashuvchi eng yirik port terminali ham o‘rin olgan edi. Shu tariqa, kompaniya gaz va neft mahsulotlari bozorida, ayniqsa, Sharqiy hamda Markaziy Yevropada muhim rol o‘ynar edi. Ushbu dargoh menga begona emas, zero amaliyotimni aynan shu yerda o‘tab, undan olgan xulosalarim asnosida diplom ishimni yozgan edim.
Shu yerda muhim bir jihatni ta'kidlab o‘tmasam bo‘lmaydi. Buyuk Britaniya va G‘arb mamlakatlarining aksariyatida kompaniyalar o‘zlarining biznes vazifalarini hal etish maqsadida universitetlarga akademik yordam so‘rab murojaat qilishadi. Bu kabi amaliyotlar o‘ta samarali usul sanaladi.
Mazkur hamkorliklar doirasida universitetlar o‘qituvchilarning ilmiy rahbarligi ostida o‘z bitiruvchilari hamda talabalarini kompaniyalar oldida turgan muammolarni o‘rganish va hal etish uchun yuborishadi. Mazkur loyihalardan birida menga yetakchilik maqomi nasib etgandi. Berilgan vazifani u qadar qiyin, deb bo‘lmasada, kerakli javoblarni topishim uchun juda ko‘p ma'lumotlarni axtarishimga to‘g‘ri keldi. Loyiha doirasida kompaniya rahbariyati, xodimlari hamda ularning asosiy hamkorlaridan intervyular olish, biznes jarayonlarni o‘rganish, yechimlarning yo‘llarini taklif etish va tatbiq qilish, hisobotlar tayyorlashim lozim bo‘ldi.
Bir tekis ketayotgan kunlarimning birida meni to‘satdan bosh ijrochi direktor huzuriga taklif qilishdi. O‘sha vaqtga borib o‘zimizga topshirilgan loyihani muvaffaqiyatli topshirib bo‘lganimiz sababli taklif men uchun g‘ayrioddiy tuyular edi. Barchasi kutilganidek yaxshi o‘tgan, ayniqsa bunday yuqori darajadagi rahbarlarda ishimizga qandaydir savollarga o‘rin qolmagan deb bilar edim.
Meni sut qo‘shilgan mashhur ingliz choyi va qaymoqli shirinliklar bilan qarshi olgan (men esa talaba sifatida bunday siylovdan voz kechmasligim aniq edi) kompaniya direktori bo‘lajak rejalarim bilan qiziqa boshladi. Men unga yo‘limga ko‘z tikib o‘tirgan ota-onam, oilam va yaqinlarim oldiga, vatanimga qaytishimni aytdim. O‘sha kuzda o‘g‘lim Umid Hoshimov 2 yoshga to‘lganini ham qo‘shimcha qildim.
So‘zlarimni diqqat bilan tinglagach, firmaning asosiy sarmoyadori hamda prezidenti men bilan gaplashmoqchi ekanligini aytib uning ofisi tomon boshladi. Shu vaqtga qadar men uni faqatgina bir marta ko‘rib salomlashgan bo‘lsam, shaxsan suhbatlashmagan, buning ustiga, hech qachon ofisiga bormagan edim.
Ofis, albatta, hashamatli: klassik intererga ega, bejirim pardozlangan, devorlar qizil daraxtdan qilingan, nafis ganchkor shift va karnizlar bilan bezalgan, ulkan antik globus, shinam kursilar hamda boy mallarang charmdan qilingan Chesterfild divanlari bilan jihozlangan edi. Ammo ularning ichida aynan o‘sha qizil daraxtdan ishlangan qoplamadan yasalgan yirik kamin ajralib turardi. Katta sinflardagi jamiyatshunoslik darslarida kapitalizm qurilishi to‘g‘risidagi mavzularni o‘rganganimizda monopolist-imperialistlarning ofisini aynan shunday tasavvur qilgan edim. O‘sha paytlarda kapitalistlar bizga haddan ortiq «qonxo‘r», ishchilar sinfi va dehqonlar mehnatini ekspluatatsiya qiluvchi johillar sifatida ta'riflangan edilar. Fikrimcha, bularning barchasi biz, o‘sha davrdagi sovet o‘quvchilarida kapitalistlarga nisbatan umumiy nafrat uyg‘otish maqsadida gapirilgan edi. Boshqa tengdoshlarimni bilmadimu, ammo ushbu hikoyalarni tinglaganim sari menda g‘azab o‘rniga, u zodagonlarning hayotiga qiziqish kuchayar, bir marta bo‘lsada ularning hayot tarzini o‘z ko‘zim bilan ko‘rgim kelar edi. Nimagadir qattiq qiziqsam, baxtga qarshi, odatda, atrof-muhitdan butunlay uzilib qolaman. Aynan shu sababli hatto yaqinlarim ham ba'zan kesatib, meni Tsezar, deb atashardi. Bu bolalikdan qolgan odatim. Menimcha, barcha yaqinlarim ushbu xususiyatimdan xabardor va undan har vaqt jafo chekishgan. Ayni damda mushohadaga cho‘mib o‘tirganimda ham direktor xonadan chiqqani, ofis xo‘jayini bilan yolg‘iz qolganimizni sezmay qolgandim.
- Haddan ziyod hashamdor va balandparvoz pardozlangan, to‘g‘rimi? – deya so‘radi mening hayratimga sababchi bo‘lgan ofis sohibi nigohimni ilg‘ab olib.
- Yo‘q, aksincha, umrim bino bo‘lib kirgan ofislar ichida eng chiroylisi shu bo‘lsa kerak, ser, - javob berdim.
- Men uchun bu interer juda og‘irlik qiladi. Buning ustiga changga allergiyam bor. Aksirmasligim uchun bularning barchasini har kuni artib turish kerakligini tasavvur qilayapsizmi? (Jilmaydi) O‘zimga qolsa, hammasini yangidan qildirgan bo‘lar edim, biroq ofis ham tarixning bir bo‘lagi. Bu bizning shaxsiy mulkimiz bo‘lishiga qaramasdan, listed building sanaladi, (davlat tomonidan qo‘riqlanadigan tarixiy arxitektura namunalari ro‘yxatiga qiritilgan bino), biz shahar rahbariyati ruhsatisiz devorga bir dona mix ham qoqa olmaymiz.
- Nega ofisingizni o‘zgartirmadingiz, axir binoda boshqa oddiyroq ofislar ham borku, - bexosdan og‘zimdan chiqib ketgan savoldan biroz uyaldim.
- Bilasizmi, bu binodagi eng yaxshi ofis, - lo‘nda qilib jilmayib javob berdi sarmoyador.
Bergan ahmoqona savolimdan yanada ko‘proq xijolat tortdim.
Ofis xo‘jayinining o‘qishimni qanday tamomlayotganim, Britaniya oliy o‘quv yurtidagi ta'lim sifati va bu yerda o‘tkazgan vaqtimga munosabatim bo‘yicha bergan savoli oraga cho‘kkan noqulay sukunatga barham berdi.
Shunday katta lavozimdagi odam menga haddan tashqari ko‘p vaqt ajratayotgandek tuyulgani uchun iloji boricha qisqa-qisqa javoblar bilan chegaralanishga qaror qildim. Savollarga qat'iylik bilan, Britaniya oliy o‘quv yurtlaridagi ta'lim sifatiga havasimni yashirmasdan javob berardim.
- Menga o‘zingiz, hayotingiz va oilangiz haqida so‘zlab bering, - dedi u.
Endi og‘iz juftlashim bilan:
- Keling, yaxshisi, bu haqda birgalikda tushlik qilib suhbatlashamiz,- deya taklif bildirdi.
- Bajonidil, ammo ko‘p vaqtingizni olib malol kelishni istamasdim...
- Hammasi joyida, men tushlik qilishim kerak, baribir. Buning ustiga, sizni biz taklif qilganimizni unutmang. Qaysi taomlarni xush ko‘rasiz?
- Menga farqi yo‘q, xinzir go‘shtidan bo‘lak hamma narsani tanovvul qilishim mumkin.
- Yaxshi, unda Livan restoraniga boramiz.
Haliyam mavjudmi yoki yo‘q, bilmadimu, biz «Grin Park» bekati ro‘parasidagi, «Ritts» mehmonxonasi qiyasida joylashgan «Faxretdin» restoraniga bordik. Menimcha, Livan oshxonasiga bo‘lgan mehrim aynan o‘sha paytda uyg‘ongan bo‘lsa kerak. Lanch chog‘ida u mendan yana bir bora universitetni bitirgandan keyingi rejalarim xususida so‘radi. Men esa yana bir bor oilam bag‘riga qaytmoqchiligim, hali kichkina o‘g‘lim borligini takrorladim. U esa bu hech qanday mushkulot tug‘dirmasligi, aksincha, istasam oilam bilan birga Londonga ko‘chib o‘tishim mumkinligini aytdi.
- Men sizga kompaniyamizda lavozim taklif qilmoqchi edim. Bilasizmi, olamning qaysidir burchagida, masalan, siz yashayotgan joyda bu kabi taklif kimlar uchundir umri davomidagi eng yaxshisi bo‘lishi mumkin. Hayotimizda bunday imkoniyat bir marta bo‘ladi.
Uning so‘zlari qaysidir darajada biroz menga tegib ketdi:
- Balki shundaydir, ammo siz men tug‘ilgan joylarni unchalik yaxshi bilmasangiz kerak, deb o‘ylayman. Uning tarixi haqida gapirib o‘tirmayman, istasangiz qiziqib ko‘rishingiz mumkin. Ammo ayni vaqtda bu ulkan iqtisodiy imkoniyatlar, savodli aholiga ega, atigi uch yil avval mustaqillikka erishgan yangi davlat sanaladi. U yerda qanday imkoniyatlar borligini tasavvur ham qila olmaysiz. Hozircha qat'iyan ayta olmasamda, ammo keyingi «katta sakrash» aynan mening vatanimda bo‘lish ehtimoli yuqori. Sizning o‘rningizda bo‘lsam, u yerda hosil bo‘layotgan imkoniyatlarga biroz qiziqib ko‘rgan bo‘lardim. Ammo agar bunga qiziqib ko‘rsangiz, ishonchingiz komil bo‘lsinkim, O‘zbekistonda siz yelkadosh, hamkor yoki shunchaki do‘stga ega bo‘lishingiz aniq.
U meni diqqat bilan tinglar edi. Men nutqimni tugatdim. Oraga kichik sukunat cho‘mdi.
- Bu yerda anor qaylasiga qorilgan juda mazali tovuq jigarini tayyorlashadi. Tatib ko‘rishingizni tavsiya qilaman, - dedi.
O‘sha kuni qaytib ish haqida gaplashmadik. Tushlikdan so‘ng xayrlashdik. U ofisgacha piyoda yurib ketdi. Men esa avvaliga metroning Viktoriya bekatigacha, undan tushib elektropoyezdda qadrdon Braytonimga yo‘l oldim.
Ikki kundan so‘ng kompaniya rahbari nomidan u yerdagi tashrifim va maroqli suhbat uchun yozilgan tashakkurnoma xati oldim. Biroz o‘ng‘aysizlandim. Menimcha, birinchi bo‘lib o‘zim unga yozib, tushlik uchun minnatdorchilik bildirishim kerak edi. Shu sababli darrov qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qildim. Go‘shakni judayam xushmuomala yordamchi Barbara Nadin oldi. Undan boshlig‘i bilan ulab bera olishi yoki shunchaki, uchrashuv hamda tushlik uchun minnatdorchiligimni yetkazib qo‘ya olish-olmasligini so‘raganimda:
- Bir daqiqa, agar unda vaqt bo‘lsa, ishonchim komilki, sizni eshitishdan xursand bo‘ladi. «Eliza» musiqasi ostidagi qisqa pauzadan so‘ng katta bossning o‘zi go‘shakni oldi:
- Salom Zafar, Braytonga yaxshi yetib oldingizmi? Hammasi joyida, deb umid qilaman.
- Rahmat, hammasi yaxshi. Men ajoyib tushlik va suhbatlashish imkoniyatini taqdim etganingiz uchun minnatdorchilik bildirmoqchi edim. Xatingiz uchun ham, albatta.
- Qo‘ysangizchi. Shart emas. Aytgancha, o‘ylab ko‘rdingizmi? Qolishni istamaysizmi?
- Yo‘q, ser. Men bu yerga o‘qishga kelgunimcha bir qarorga kelib bo‘lganman.
- Shunday deyishingizni bilgandim. To‘g‘ri qilasiz. Kontaktlarimni bilasiz. U yerga yetib borib, biz uchun qiziq bo‘ladigan biror nima topsangiz, xabar bering. Tanishlarimdan biri yurtingizda o‘z biznesini ochmoqda, u yerlarni maqtab gapirdi. Balki siz u yoki uning kompaniyasi haqida eshitgandirsiz?
Xo‘jayin o‘sha kompaniya nomini aytdi.
- Yo‘q, men anchadan buyon u yerlarda bo‘lmadim. Qaytganimda bilib berishim mumkin. Biror qiziq biznes g‘oya tug‘ilib qolsa, sizga xabar beraman.
- Kelishdik. Omadingizni bersin.
Endi bu voqealar men uchun o‘ta g‘aroyib va ertakdek tuyulmoqda. Yirik kompaniya egasining o‘zbekistonlik talabaga qiziqishi. Men hanuzgacha bu qanday va nega sodir bo‘lganini to‘liq anglay olmayman. Ammo bu muloqot davomi ajoyib ko‘rinish oldi. Aynan ushbu Britaniya kompaniyasi 1994 yilning oxirida men bilan hamkorlikda qo‘shma biznes ochdi va distribyutorlik kompaniyasini yaratdi, ular konsignatsiya orqali mahsulotlar bilan ta'minlash bilan birga menga nasiyaga mahsulot yuborishni yo‘lga qo‘yishdi.
Bizning o‘zaro samarali hamkorligimiz 1997 yilgacha, ya'ni O‘zbekistonda import hamda konvertatsiya cheklovlari o‘rnatilgunigacha davom etdi. Unda so‘ng esa hamkorlarim bozorimizga qiziqmay qo‘yishdi va korxonani bir o‘zimga qoldirib, hamkorlikdagi biznesimizdan chiqishdi.
Londonda ish taklif qilishganida uni qabul qilganimda hayotim qanday bo‘lishi mumkin edi, deb tasavvur qilish uchun, oxirgi 20 yil ichida men ko‘p bora o‘sha voqeaga xayolan sayohat qilganman. Lekin bir narsaga ishonchim komilki, garchi shu yillarda qiyin, hatto chidab bo‘lmasdek tuyulgan, gohida esa hatto ancha qo‘rqinchli lahzalarni boshimdan o‘tkazgan bo‘lsamda, o‘shanda uyga qaytishga qaror qilganimdan hech ham afsuslanmaganman.
Men bu tarixni O‘zbekiston Prezidentining Nyu-Yorkdagi vatandoshlarimiz bilan o‘tkazgan uchrashuvini tomosha qilish asnosida yana bir bor xotirladim. Shaxsan men uchun bu uchrashuv o‘ta ahamiyatli bo‘ldi, undagi nutqlari orqali mamlakatimiz, Prezidentimiz, ularning o‘tmishga, bugungi kunga va kelajakka bo‘lgan munosabatlari haqida ko‘p savollarimga javob oldim, ularning mamlakatda yangi turtki, o‘sish va va xalq farovonligi sari astoydil va samimiy xarakat qilayotganlariga guvoh bo‘ldim.
Men Nyu-Yorkdagi bu uchrashuvni darhaqiqat tarixiy voqea deb hisoblayman. Xorijda ko‘p vatandosh do‘stlarim bor. Hatto o‘sha uchrashuvda ham ulardan ikki nafari qatnashdi. Do‘stim Nodir Zokirov va ToshDU matematika fakultetidagi kursdoshim, og‘aynim Zoir Ibragimov.
Bugun esa Amerika universitetlaridan birining magistratura bosqichi talabasidan maktub oldim. Unda talaba o‘qishni tamomlab, AQShda qolishni istagani, lekin Prezidentimizning Nyu-Yorkdagi vatandoshlarimiz bilan uchrashuvini ko‘rgach, Vatanga qaytishga qaror qilgani haqida yozibdi. U xatida xususiy sektorda ish topmoqchi ekanini aytib, meni ijtimoiy tarmoqlardagi yozuvlarim orqali tanigani uchun unga ish taklif qila olishimni so‘rabdi.
Men «Albatta!», deb javob qildim. Hozir HR direktorimiz o‘sha yigit uchun ishga joylashish masalasida rasmiy taklif tayyorlayapti.
Aziz do‘stlar, mamlakatimiz muhim taraqqiyotlar va o‘zgarishlar ostonasida turibdi. Oldinda bizni ulkan vazifalar va muammolar kutib turibdi. Bizning eng muhim salohiyatimiz – o‘zimizning odamlarimiz, vatandoshlarimizdir. Dunyoning qaysi burchagida bo‘lmaylik, har birimizning hissamiz hamda ishtirokimiz hozirda o‘ta muhim ahamiyatga ega. Oxirgi qator yillar davomida men ilk marta kelajakka ulkan ishonch va xayrixohlik bilan boqayotgan insonlarni: ziyolilar, talabalar, universitet o‘qituvchilari, olimlar va tadbirkorlarning nurli ko‘zlarini ko‘rib quvonib yuribman! Aynan shu onlar bizning tarixiy imkoniyatimizdir. Uni amalga oshirish ham o‘z qo‘limizda.
Biz qilmasak, bu ishlarni kim qiladi? Hozir bo‘lmasa, qachon?
PS. Qaysidir vaqt mobaynida o‘sha Britaniya kompaniyasi xo‘jayini bilan muloqotni davom ettirib keldim. Men uni universitetda olgan bilimlarimdan ham ko‘proq narsani o‘rgata olgan buyuk ustozim va murabbiyim, biznes sohasini o‘zlashtirishimga asosiy sababchi bo‘lgan shaxs sifatida tan olaman. Bu inson biz uchrashgan o‘sha damlarda 60 yoshdan oshgan bo‘lishiga qaramasdan, o‘z yoshiga nisbatan mislsiz quvvat, ishonch va barcha yangiliklarga ochiq shaxs siymosida doim ko‘z oldimda gavdalanadi. Baxtga qarshi, bir necha yillar o‘tib, 2000-yillarning boshida u kishi Altsgeymer xastaligiga duchor bo‘ldi va bu kasallik uni hayotdan olib ketdi. Men uni har bir duoyimda tez-tez yodga olaman...
Mavzuga oid
20:49 / 21.12.2024
“Tannarxni tushirish – kengayish, hajmni oshirish bilan bo‘ladi” - Zafar Hoshimov
14:19 / 29.01.2024
“Konvertatsiyaning orqasidan milliarderlar paydo bo‘ldi” - Murod Muhammad Do‘st
23:09 / 18.01.2024
Konvertatsiyani davom ettirish uchun eksportni importga nisbatan barqaror ushlab turishimiz kerak - prezident
19:08 / 16.09.2023