Light | 20:05 / 27.09.2017
22362
5 daqiqa o‘qiladi

Hamkasblarning hurmatiga qanday sazovor bo‘lish mumkin?

Foto: Layfxaker

Dunyo xayolparastlarga to‘la. Atrofga qarang - biznes va brendingga oid kitoblarni o‘qishga ko‘p vaqt va pul sarflaydiganlar yoki maxsus o‘quv seminarlariga qiziqib qatnayotganlar ko‘payib bormoqda. Shu kitoblar va seminarlarda foydali ma'lumotlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, aksariyat o‘zi orzu qilgan muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Buning sababi esa oddiy: ular boshqalar bilan munosabatlari ustida ishlashlari kerak. Agar siz "hammasini to‘g‘ri bajarib", hanuz maqsadingizga erishmaganlar orasida bo‘lsangiz, quyidagi tavsiyalar hamkasblaringiz orasida hurmatga sazovor bo‘lishingizda yordam beradi.

1. Qadr-qimmatingizni saqlang

Bu nafaqat nafis harakatlanish, balki omma oldida o‘zingizni qanday tutishingizni ham ko‘zda tutadi. Har qanday vaziyatda o‘zingizni munosib tutishingiz, boshqalar bilan xushmuomala bo‘lishingiz va ularni hurmat qilishingiz zarur.

Kimlar uchundir xushmuomalalik eskilik sarqiti va befoyda narsadek tuyulishi mumkin. Biroq aslida bunday emas. Agar siz yuqorida qayd etilgan sifatlar egasi bo‘lsangiz, u holda takabbur, xudbin va agressiv odamlar orasida ajralib turasiz. Bunday salbiy xislatlar egalarining esa hurmat qozonishi qiyin.

Qadringizni bilib harakat qiling, so‘zlang va ishlang. Mas'uliyatni his qiling va maqsad sari intiling.

2. Atrofingizdagilarni hurmat qiling

Boshqalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lsangiz, odamlar sizni ko‘rganidan xursand bo‘ladi. Ular so‘zlaringizga quloq tutib, sizning xatolarga yo‘l qo‘ysa-da, bundan saboq chiqara oluvchi inson sifatidagi huquqingizni hurmat qilishadi.

Boshqalarga o‘zligini namoyon qilishga imkon bering. Ular sizning yoningizda o‘zlarini qulay his qilishlari kerak. Hamkasblaringizning fikri va shaxsiy chegaralarini hurmat qiling. Rahbarlik lavozimini egallaganingizda ham, kimdir sabringiz sinayotgandek tuyulganda ham shuni yodda tuting.

Hurmat bildirish sizning har qanday xatti-harakatlarga chidashingiz kerakligini bildirmaydi, albatta. Bu o‘z "men"ingizga qadr-qimmatingizni oyoqosti qilish va obro‘ingizga putur yetkazishga yo‘l qo‘ymasligingiz kerakligini bildiradi. Ba'zan o‘zingizning haqligingizni oxirigacha isbotlashga urinishingizga hojat yo‘q, hatto haqiqat siz tomonda bo‘lsa ham.

3. Imidjingiz borasida qayg‘uring

Inson va professional sifatida qanday shaxssiz? Aqlli, tajribali va jozibali bo‘lsangiz-u, boshqalarga qo‘pol munosabatda bo‘lsangiz, yuqoridagi fazilatlaringiz ahamiyatsiz bo‘ladi. Odamlar sizdan yuz o‘giradi. Agar siz dangasa va tartibsiz bo‘lsangiz, hech kim siz bilan ishlagisi kelmaydi.

Tashqi ko‘rinishingiz qanday? Hamkasblaringiz bilan qanday muomala qilasiz? Nutqingiz ishonchli chiqadimi? Unda parazit-so‘zlar yo‘qmi? Birovlarning iltimosini kutib o‘tirmay, ishingizga qo‘shimcha kuch sarflaysizmi?

O‘ylab ko‘ring, boshqalar siz bilan muloqotni qanday qabul qilmoqda. Bu sizga zarurat tug‘ilganda o‘z xatti-harakatlaringizdagi xatolarni tuzatish imkonini beradi.

4. Boshqalarga oson deb o‘ylamang

Hatto mashhur odamlarda ham kundalik muammolar bo‘ladi. Har bir insonning hayotida parvozlar va tanazzul davri bo‘ladi. Muvaffaqiyatga erishgan hamkasbingizning hech qanday tashvishi yo‘q, uning omadi kelmoqda deb o‘ylamang. Barchamiz maqsadlarimizga erishish yoki boshqalarning tahsiniga sazovor bo‘lish uchun astoyidil mehnat qilamiz.

5. O‘z hayotingizga o‘zingiz xo‘jayin bo‘ling

Hayot har doim ham oson va tashvishsiz kechmasligini unutmang. Qiyinchiliklar oldida o‘zingizni qanday tutishingiz hamma narsaga ta'sir qiladi - salomatligingizdan boshlab to nufuzingiz va boshqalar bilan munosabatlaringizgacha.

O‘z hayotingiz uchun javobgarlikni o‘z zimmangizga oling. O‘zingizni qo‘lga olib, oldindan rejalar tuzing, shart-sharoitlarga moslashishni o‘rganing va o‘zingizni yo‘qotmang.

Sizni maqsadingiz sari olib boruvchi ishlarga kirishing va hech qachon ko‘zlagan maqsadingizdan ortga chekinmang.

Mavzuga oid