Sport | 15:58 / 30.09.2017
16316
9 daqiqa o‘qiladi

Chempionlar Ligasida APL hukmronligi qaytmoqdami? Tahlil

Foto: Twitter/Premierleague

Bu yilgi Chempionlar Ligasida ingliz jamoalarining o‘zgacha bir shijoati, salobati ko‘zga tashlangandek bo‘lmoqda. Besh jamoadan to‘rttasi ikki turdan so‘ng, yuz foizlik natija qayd etganining o‘ziyoq, barchasi jiddiy ekanini anglatadi. To‘g‘ri, turnirning haqiqiy favoritlari hali o‘sha, o‘zgarmagan, barchasi pley-offda o‘z o‘rniga tushishi ham mumkindir, bilmadik, lekin aynan ikki tur natijalarini tahlil qilib, sabablar haqida bosh qotirganimizda, bu ijobiy o‘zgarishlar tasodif emasligini ko‘ramiz.

APL ning besh klubi 10 uchrashuvda 26 ochko to‘pladi. Bu har bir jamoaga o‘rtacha 5.2 ochkodan deganidir. Endi o‘tgan mavsumlardagi ko‘rsatkichlarga e'tibor bering:

2014/15 – 2.75 ochko
2015/16 – 2.25 ochko
2016/17 – 4.25 ochko
2017/18 – 5.20 ochko

Yirik hisobdagi g‘alabalar soniga qarasak, butun guruh bosqichida inglizlar har mavsumda 4 tadan shunday natija qayd etishgan, bu safar esa, hali endi ikki tur o‘tganiga qaramasdan, bunday g‘alabalar soni 5tani tashkil qilmoqda. Bu ko‘rsatkich ham ingliz jamoalaridagi ishonchli o‘yindan dalolat qilmoqda. Keling, sabablar haqida to‘xtalib o‘tamiz.

MURABBIYLAR TARKIBI 

Foto: Twitter/Premierleague

Pep Gvardiola, Joze Mourino, Maurisio Pochettino, Yurgen Klopp, Antonio Konte. So‘nggi yillarda Yevropaning deyarli barcha kuchli murabbiylari APLda jamlanishgan. Albatta, bunday nomlarni taklif qilgan klub faqat milliy chempionat bilan kifoyalanmaydi, imkon qadar Yevropada ham zafar quchishni niyat qiladi. Ilgari, top murabbiylar o‘rtacharoq loyihalar bilan ham ishlashga rozi bo‘lishgan, jarayonning o‘zi ular uchun qiziq tuyulgan. Ammo so‘nggi yillarda murabiylarning imiji, muvaffaqiyati, rezyumesi sovrinlar bilan o‘lchanadigan bo‘lib qoldi. Cheklangan imkoniyat bilan har qancha yuqori natija qayd etilmasin, baribir o‘sha murabbiyga xulosa berishda – yulduzlar bilan qanday ishlaydi, bosimni qanday ko‘taradi, top jamoa bilan qanday ishlaydi, qabilidagi savollar ochiq qolmoqda. Top klub loyihasiga sarflanayotgan pullar kutilgan natijani berishi uchun ham, klublar murabbiy fenomeniga yanada jiddiy e'tibor qaratishmoqda va murabbiy tanlashda «tajriba» juda katta ahamiyat kasb etyapti. Birgina noo‘rin iste'fo klub ambitsiyalariga va amalga oshirilgan transferlarga salbiy ta'sir ko‘rsatishi tabiiy. Mana shu jihatdan, dunyoning eng yaxshi murabbiylarini yig‘ib olgan ingliz klublari Yevropada asta-sekin jiddiy maqsadlar qo‘ya boshladilar.

Bundan tashqari, yuqorida sanab o‘tilgan murabbiylar klublardagi ikkinchi mavsumlarini boshlashdi. Bu ham jamoalarning o‘tgan yilga nisbatan kuchayganini bildiradi. Murabbiylarning transferlari, uslublari nisbatan olganda, ikkinchi mavsumdan to‘laqonli ish berishni boshlaydi. 

JAMOALAR TARKIBI

Yuqorida aytilganidek, sovrinlar murabbiylarning tashrif qog‘oziga aylanar ekan, ingliz klublarining cheksiz imkoniyatlaridan kelib chiqib, transferlar sifatini oshganini ham ko‘rishimiz mumkin.

Ikki yildan beri transfer bozorida APL klublari bir milliard funtdan oshiq pul sarflashmrqda va bu summaning qariyb to‘rtdan uch qismi aynan mana shu YeChL ishtirokchilari tomonidan amalga oshiriladi. So‘nggi yillarda Angliya chempionati futbol yulduzlari uchun ham qiziqarli loyiha bo‘lib qolyapti. Hozirda «Real» yoki «Barselona»ning bu bozordagi yaqqol ustunligini ko‘rmaysiz, hatto «Tottenhem», «Liverpul» kabi jamoalar ham o‘z yetakchilarini saqlab qolishning uddasidan chiqishdi. «Arsenal»ni tark etmoqchi bo‘lgan Aleksis Sanches ham imkon qadar APL jamoasida to‘p surishni istadi.

Foto: AP

«Real» va «Barselona» so‘nggi transfer darichasidan plyus balans bilan chiqishdi. «Bavariya»ning shu kungacha eng qimmat transferi 40 million yevroni tashkil qilmoqda xolos. Bu tomondan qaraganda, ingliz klublari tarkibni kuchaytirish borasida katta ishlarni amalga oshiryaptilar. Kuchli tarkib, kuchli murabbiylar baribir bir kun o‘z mevasini berishi tabiiy.

IShTIROKChILAR TARKIBI

E'tibor bering, hozirda YeChL da ishtirok etayotgan besh klub APL da 6 turdan keyin turnir jadvalida 1-5 o‘rinlarni egallab turgan jamoalardir. Ya'ni, bu safar turnirda rostan ham Angliyaning eng kuchli jamoalari qatnashishyapti va o‘tgan yilgi yetakchi klublar barqaror tarzda yangi mavsumga ham kirib kela oldilar.

O‘tgan yili chorak finalga borgan bo‘lsa-da, «Lester»dan ko‘p narsani kutish imkonsiz edi, avvalgi chempion «Chelsi» muvaffaqiyatsizliklar girdobida qatnashdi, «Tottenhem» uzoq tanaffusdan so‘ng, biroz «dovdirab» qoldi. Van Gaalning «Manchester Yunayted»i yoki Rojyersning Suaressiz qolgan «Liverpuli»i bu turnirda katta natijalar uchun tayyor emasdek edilar go‘yo.

Bugungi beshlik uchun esa, Chempionlar Ligasida qatnashishning o‘zi muvafffaqiyat sanalib qolmaydi, imkon qadar ushbu turnirda yaxshi natija ko‘rsatishga barcha imkoniyatlar yetarli. 

Foto: Twitter/Premierleague

Yana bir omil shuki, jamoalar har qancha kuchaymasin, APL g‘olibligi faqat bir klubga beriladi va qolganlar «quruq» qolishadi. Mana shunday holatni sug‘urtalash uchun ham, endi APL top klublari yevrokuboklarga jiddiyroq qarashga majbur. Bu jamoalar APLda chempion bo‘lishlari ham, yakunda oltinchi o‘rinni olib qolishlari ham mumkin.

Masalan, o‘tgan yili chempionatda Joze Mourino chempionatda juda muvaffaqiyatsiz qatnashdi, lekin aynan qo‘shimcha turnirlar va sovrinlar murabbiyga mavsumni yuqori notada yakunlashga zamin yaratib berdi.

GURUHLAR TARKIBI

Tan olish kerak, kuchsiz raqiblar ham yetarli. Ingliz jamoalari qatnashgan 10 uchrashuvdan faqat «Atletiko» – «Chelsi» o‘yinini haqiqiy top o‘yinlar qatoriga qo‘shish mumkin xolos. Shuningdek, «Liverpul» – «Sevilya» va «Tottenhem» – «Borussiya» o‘yinlari ham e'tiborga molik. Boshqa o‘yinlarda esa, inglizlarga har tomonlama kuchsiz raqiblar ro‘baru keldi. Manchester klublari hali jiddiy qarshilikni sezganlari ham yo‘q, «Qorabog‘», «APOEL» kabi klublar ham ingliz klublari uchun juda yengillik qilib qolmoqda.

Shu o‘rinda APL ning umumiy saviyasi oshganligini ham ta'kidlash kerak. Angliyaning o‘rtamiyona klublarining ham transfer bozoridagi faolligi YeChL o‘rtamiyonalari saviyasiga ham ta'sir qilishi shubhasiz. «Everton» yoki «Nyukasl» kabi klublar, YeChL ning doimiy ishtirokchilari «Bazel», «Feyyenoord» yoki «Sporting» klublari yetakchilarini sotib olar ekan, tabiiyki, YeChL da faqat top-klublar qoladi xolos. Qolgan jamoalar faqat ochko ulashish bilan band bo‘lib qoladilar.

Natijada «Sauthempton», «Stok Siti» yoki «Uotford» kabi klublar ham tarkib va saviya jihatidan YeChLdagi o‘rtamiyonalaridan ustun. Har hafta mana shu bosimni, qarshilikni yengib o‘tishga o‘rganib qolgan inglizlar uchun TsSKA yoki «Feyyenoord» kabi klublar juda osonlik qilib qolyapti.

Albatta, bu o‘tkinchi va juda erta hosil bo‘lgan xulosalar. «Real», «Barselona» yoki «Bavariya» hali ham turnirning asosiy favoritlari bo‘lib qolaverishadi, bahorgi o‘yinlarda bunga yana amin bo‘lishimiz ehtimoli katta. Lekin ingliz klublari bu safar ularga qattiqroq qarshilik qilishlarini va balki keyingi yillarda turnir ob-havosini belgilab beruvchi maqomga chiqishlarini ham taxmin qilsa bo‘ladi. Bunga sabab bo‘ladigan omillar yuqorida sanab o‘tildi.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid