Jahon | 10:01 / 03.10.2017
14200
2 daqiqa o‘qiladi

Las-Vegasda otishma uyushtirgan qotilga tegishli 40dan ortiq qurol topilgan

© REUTERS / Las Vegas Sun/Steve Marcus

Las-Vegasda otishma uyushtirib, 59 kishining hayotiga zomin bo‘lgan Stiven Peddok 40dan ortiq quroldan foydalangan, degan politsiya vakili matbuot anjumanida.

«Biz Mandalay Bay mehmonxonasida 23ta o‘qotar qurol topdik, qotilning Nevada shtati Meskit shahridagi uyida yana 19ta qurol topilgan», — degan politsiya vakili.

Vakilning qo‘shimcha qilishicha, tergov hanuz 64 yoshli Peddokni yagona jinoyatchi deb hisoblaydi va uning bir o‘zi harakat qilgan, deb biladi.

«Biz ommaviy axborot vositalari orqali tarqalayotgan turli mish-mishlardan xabardormiz, lekin bu mish-mishlarni tasdiqlovchi birorta axborotga ega emasmiz», — degan politsiya zobiti.

Otishma Las-Vegas aeroporti va Mandalay Bay kazino-mehmonxonasi oralig‘ida bo‘lib o‘tayotgan musiqiy festival chog‘ida ro‘y bergan. O‘qlar mehmonxonaning 32-qavatidan turib uzilgan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, otishma natijasida 59 kishi halok bo‘lgan, 500dan ziyod kishi jarohatlangan. O‘sha paytda ochiq osmon ostida o‘tayotgan konsertni o‘n minglab kishi tomosha qilib turgandi. Bu o‘qotar qurol bilan o‘ldirilgan insonlar soni bo‘yicha AQSh tarixidagi eng yirik qonli voqea bo‘ldi.

Mavzuga oid