Sport | 20:45 / 04.10.2017
22369
2 daqiqa o‘qiladi

13 yil o‘tib. APL tarixidagi eng mashhur sirlardan biri ochildi

«Chelsi» yarimhimoyachisi Fransesk Fabregas Sky 1 telekanali orqali efirga uzatilgan A League of Their Own ko‘rsatuvi orqali APL tarixidagi o‘z vaqtida eng mashhur bo‘lgan voqeani tan oldi.

Ko‘rsatuv boshlovchisi Jyeyms Korden futbolchiga 2004 yilning oktabrida sodir bo‘lgan voqeani eslatib savol bergan. O‘sha vaqtlarda Fabregas «Arsenal» safida to‘p surardi. «Manchester Yunayted»ga qarshi uchrashuvdan so‘ng (0:2) londonliklardan kimdir «MYu» bosh murabbiyi Aleks Fergyusonning yuziga qarata pitssa uloqtirgan.

«Arsenal»ning sobiq sardori, hozirgi kundagi ekspert Martin Kioun eslagandi: «Esimda bor, u ispaniyalik yigit edi, juda yaxshi texnika egasi bo‘lgan. Hattoki pitssa uloqtirganda ham u ajoyib texnikasini namoyish etgan».

Fabregas bu gaplardan keyin Fergyusonga pitssani aynan u otganini tan oldi. «Ha, men otgandim! Ammo Martin Kioun – aldayapti, axir men yaxshi eslayman, u menga orqasini o‘girib turgan holda kim bilandir gap talashayotgandi. Men esa o‘sha joydan turib pitssani uloqtirgandim. U Fergyusonga borib tekkandi», – deya gapirib o‘tgan ispaniyalik futbolchi.

Mavzuga oid