Jahon | 07:55 / 17.10.2017
10440
2 daqiqa o‘qiladi

ShHT missiyasi Qirg‘izistondagi saylovlar emin-erkin o‘tganini tan oldi

Shanxay hamkorlik tashkilotining Qirg‘izistondagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etgan kuzatuvchilari missiyasi 15 oktabrda o‘tgan saylovlarni ochiq-oydin, erkin va demokratik tarzda o‘tganini tan oldi. Bu haqda ShHTning bosh kotibi Rashid Alimov 16 oktabrdagi matbuot-anjumanda aytib o‘tdi. 

Alimovning aytishicha, saylovlar mamlakatning saylov qonunchiligi va xalqaro talablarga mos kelgan. Missiya saylovlar vaqtida ularning qonuniy o‘tganini shubha ostiga qo‘yuvchi qoidabuzarliklar yuz bermaganini ta'kidlab o‘tdi. 

ShHT kuzatuvchilari Qirg‘izistonning 7 ta viloyatidan 5 tasida kuzatuv olib borishgan. Ular Bishkek, O‘sh, Qant, Qora-Bolta, Cho‘lpon-Ota hamda Issiq-ko‘l, Norin va Jalolobod viloyatlarining aholi punktlaridagi 189 ta saylov uchastkasida monitoring o‘tkazishgan.  

"Saylovoldi kampaniyasi vaqtida adolatli raqobat uchun barcha sharoitlar ta'minlandi. Biz bu kampaniya qanchalik keskin, turfa bo‘lganiga baho bermaymiz. Biroq barcha nomzodlarda o‘z so‘zini aytishga imkon bo‘ldi. Muhimi, ma'lumotlarni avtomatik o‘quvchi qurilmalar yetib borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlargacha yetkazildi, ovoz berish bo‘yicha ma'lumotlarning onlayn rejimda uzatilishi mexanizmlari joriy qilindi", deb ta'kidlab o‘tdi Alimov. 

Mavzuga oid