O‘zbekiston | 22:30 / 19.10.2017
20333
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Almazbek Atamboyev bilan telefon orqali muloqot qildi

Foto: 24.kg

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 oktabr kuni Qirg‘iziston tashabbusiga ko‘ra Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Shavkat Mirziyoyev muloqot avvalida Almazbek Atamboyev hamda qardosh qirg‘iz xalqini 15 oktabr kuni prezidentlik saylovining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy muborakbod etdi.

Umumxalq saylovi natijalari Qirg‘izistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga mamlakat aholisi yuksak ishonch bildirishi va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashidan dalolat ekani alohida qayd etildi.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev O‘zbekiston Prezidentiga prezidentlik saylovi munosabati bilan samimiy tabrik uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Qirg‘iziston ikki mamlakat o‘rtasida keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni bundan buyon ham rivojlantirishga, do‘stlik va strategik sheriklik aloqalarini mustahkamlashga tayyor ekanini ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 15 oktabr kuni o‘tkazilgan saylovida Sotsial-demokratik partiya nomzodi, Atamboyev tomonidan qo‘llangan Sooranbay Jeenbekov g‘olib chiqdi. U qariyb 55 foiz ovoz oldi, ikkinchi asosiy O‘murbek Babanov esa 38 foizga yaqin ovoz to‘pladi.

Mavzuga oid