O‘zbekiston | 21:00 / 23.10.2017
117444
5 daqiqa o‘qiladi

«Narxoz» qanday qilib Osiyoning eng yaxshi universiteti bo‘lib qoldi?​

Oliy ta'lim vazirligi Axborot xizmati bergan ma'lumotga ko‘ra, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, jahonning nufuzli universitetlari, jumladan AQShning Boston, Stenford universitetlari va Vashington xalqaro o‘quv markazi qatorida e'tirofga sazovor bo‘lib, Osiyodagi «Eng yaxshi oliy ta'lim muassasasi»​ nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

Centyabr oyida Fransiyaning Nitstsa shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori «Yil boshqaruvchisi»​​ deya e'tirof etilgani barchani bir zumga bo‘lsa ham xursand qildi. Ammo...

Iyul oyida jurnalist Billi Kenber soxta mukofotlarni sotib kelayotgan Yevropa Biznes Assambleyasi haqida yozgandi. Unda aytilishicha, ukrainalik milliarder Ivan Savvov va uning o‘g‘li Anton Savvov bir necha o‘n ming AQSh dollari evaziga ochiqdan-ochiq «shon-sharaf»​ni sotadi. Bunday mukofotlar sirasiga assambleya tomonidan taqdim etiladigan «Xalqaro Suqrot mukofoti»​, «Qirolicha Viktoriya xotirasi sovrini»​ kiradi.

Ne ajabki, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ham aynan mana shu Yevropa Biznes Assambleyasi tomonidan e'tirof etilgan. Aslida UniRanking taqdim etgan reytingda mazkur oliygoh O‘zbekistonning ichida kuchli yigirmatalikka ham kiritilmagan. Bu o‘quvchida shubha paydo qilishi tabiiy.

Angliyaning Daily Mail nashri chop etgan maqolada YeBA «xizmatidan​» ko‘proq Yaqin Sharq va Rossiya vakillari foydalanishi aytiladi. Aslida YeBA'ning Oksford universitetiga hech qanday aloqasi yo‘q va uning ta'sirida boshqarilmaydi. Assambleya rasmiy saytida yozilishicha, bu turli soha vakillarining ixtiyoriy nodavlat birlashmasi sanaladi. Tashkilotning asosiy maqsadi a'zo birliklarini e'tirof etish, ularning faoliyatini yoritishdan iborat. Uning taqdim etadigan mukofotlari esa hech qanday yuridik kuchga ega emas, balki a'zo tashkilotlar orasidan saralanadi. Rasmiy saytning o‘zida mukofotning qiymati pul bilan o‘lchanishi belgilab qo‘yilgan.

Yevropadagi Jurnalistik surishtiruv markazi tarqatgan xabarga ko‘ra, Bosniya va Serbiyadagi ko‘plab oliy ta'lim muassasalari «xalqaro e'tirof»​ni sotib olib, ichki muvozanatni ushlab turishga harakat qiladi. Ya'ni, «quruq obro‘»​ bilan mahalliy sharoitda o‘zining ilg‘or ekani, yuksak yutuqlarga erishayotgani haqida maqtanadi. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov ishtirok etgan mukofotni egasiga topshirish marosimi, u haqda ovoza qilib xabar tarqatish nima uchun kerakligi ayon bo‘lgandek. Aslida O‘zbekistondagi oliygohlar dunyoning eng kuchli universitetlari 100taligi tugul, 500taligiga ham kirmaydi. Bunday reytingda ko‘rinish berish uchun, avvalambor, oliygoh talaba va o‘qituvchi-professorlar tarkibi yaxshilab o‘rganiladi. Shuningdek, fakultet va kempus, kutubxona, AKT jihozlari, laboratoriya ham nazardan chetda qolmaydi. Eng asosiysi, talabalarning yutuqlari, ish bilan ta'minlanganlik ko‘rsatkichi xalqaro reytingni tayyorlashda muhim omil sifatida ko‘riladi.

Bundan avvalroq, Kun.uz sayti xalq orasida «Narxoz»​ nomi bilan tanilgan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining davlat qabul imtihonlarida yuz bergan shubhali holatlar haqida bir necha bor maqola nashr etgandi.

«Narxoz»da test kuni «rektorskaya gruppa» ishlaganmi yoki bu bir tasodifmi?

Bunga javoban na universitet rahbariyati, na Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi izoh berdi.

Narxozdan nimaning isi kelmoqda?

Endi universitet mana shunday «e'tirof»​ga sazovor bo‘lganini ko‘rish kishini o‘ylantirib qo‘yadi: bu bilan rektor Bahodir Hodiyev o‘z «aybini» yuvmoqchimi?!

«Narxoz»ga kimlar kirgan o‘zi: Sxema qanday ishlagan?

 

Mavzuga oid