Krishtianu Ronaldu: Qirolning «tug‘ilishi»
Ronaldu va Messi. Ikki o‘zga sayyoralik. Olov va muz. Ular haqida aytilmagan gaplar qolmadi hisob, ularning faoliyatida o‘rganilmagan, hisob-kitob qilinmagan soha yo‘q. Ular o‘rtasidagi asosiy farq haqida gap borganida, avvalo, Messining ko‘proq iqtidor, Ronalduning esa, mehnat mahsuli ekanini aytishadi. Albatta, bu yerda Ronalduni «mehnatkash eshak»ka o‘xshatish noo‘rin, unaqa futbolchilar boshqa. Ronalduda ham yetarlicha iqtidor bo‘lganki, buni ayniqsa, uning ilk mavsumlarini kuzatgan muxlislar yaxshi bilishadi. Muhim nuqta boshqa yerda, Ronaldu xuddi shunday iqtidorli, chiroyli, o‘z muxlislariga ega bo‘lgan driblyor bo‘lib qolishi mumkin edi. Futbolchining mehnat mahsuli ekanini aytishayotganda, shu nazarda tutiladi, ya'ni, Ronaldu o‘z mehnati, qolaversa, murabbiylaring to‘g‘ri ko‘rsatmalari yordamida, yildan-yilga yaxshi tomonga o‘zgara bordi, yangi qirralarini ochdi, takomillashtirdi va oqibatda, dunyoning, shubhasiz, futbol tarixining eng yaxshi, o‘xshashi yo‘q futbolchilardan biriga aylana oldi.
FourFourTwo portali aynan o‘sha o‘zgarish yillariga e'tibor qaratdi:
«Qaranglar, u kimgadir ko‘zini qisdimi?» - 2006 yilning 1 iyulida Yan Rayt VVS studiyasida sochlarini yulmoqda.
«Yo‘q, unaqa emas deb aytinglar menga iltimos», - deb xo‘rsinadi Alan Xansen.
Krishtianu Ronalduning jinoyati? Ueyn Runi, Angliya terma jamoasi futbolchisi, jahon chempionatining chorak finali 62-daqiqasida Rikardo Karvaloning oyog‘ini bosib oladi va keyin, unga hakam tomonidan qizil kartochka ko‘rsatilib, futbolchi uchun eng qadrli bo‘lgan daqiqalarda maydonda futbol o‘ynash baxtidan mosuvo bo‘ladi. Aynan shu paytda Krishtianu zaxira o‘rindig‘iga qarab kimgadir ko‘zini qisayotgan edi.
«O‘ylaymanki, Runi «Manchester Yunayted»ning mashg‘ulot bazasiga borganida, bu ishni Ronaldu bilan ham takrorlaydi», - deb tishlarini g‘ichirlatgandi Alan Shirer.
Haqiqatan ham, Portugaliya terma jamoasi vingeri o‘sha vaziyatga hakam Goratsio Elizondoning e'tiborini qaratgandi, bu mayli, ammo Ronalduning keyingi ishi, sodda ingliz futbolchilari uchun yanada jirkanchroq tuyuldi - u penaltilar seriyasida to‘pga yaqinlashayotganda, go‘yoki inglizlar ustidan kulayotgandek edi.
The Sun qandaydir noma'lum manbadan Ueyn Runining so‘zlarini topdi - «ro‘paramdan yana chiqsa ikkiga bo‘lib tashlayman» degan ekan u klubdagi sherigi haqida. Jurnalistlar bu voqeani yetarlicha kattalashtirishdi, turli taxminlar, karikaturalar, tahlillar. Go‘yoki, hamma Angliya terma jamoasi mag‘lubiyatini unutgandek edi. Yoki unutmagandek.
Oradan o‘n kun o‘tib, yana bir xabar - hammasi Ronalduning joniga tegibdi. 137 o‘yinda 27 gol urdi, Angliya kubogi va Liga kubogini qo‘lga kiritdi, uch yil «Old Trafford»da juda yaxshi mavsumlar o‘tkazdi - ammo yakuniy natija yaxshi emas. Uch yildan buyon «Yunayted» ligani yuta olmayapti, Angliyada Joze Mourino o‘zining «Chelsi»si bilan hukmronlik qilmoqda.
«Men «Manchester Yunayted»da qolmoqchi emasman», - deb u Portugaliya nashriga intervyu berdi - «Runi bilan sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng, men u yerda o‘ynamayman. Shu kunlarda o‘z kelajagim haqida bir qarorga kelaman, Angliyada o‘ynashni davom ettirish niyatim yo‘q».
Bir yil o‘tib, Krishtianu Ronaldu Angliya Premer Ligasini yutadi, turli talqinlarga ko‘ra liganing eng zo‘r o‘yinchisi, liganing eng zo‘r yosh o‘yinchisi, «Manchester Yunayted»ning top darajadagi yulduzi.
O‘sha 2006 yilning yozida media nafaqat 21 yoshli Ronaldu, balki uning murabbiyi Aleks Fergyusonni ham tinch qo‘ymagandi.
Krishtianuning holatini ko‘rib chiqamiz: Fergyuson jahon chempionatidan keyin Ronaldu bilan gaplashmaganini aytdi. Tanish manzara, o‘sha «hamma bizga dushman» prinsipini ushlab olgandi shotlandiyalik murabbiy. Xuddi 1998 yilda David Bekhem bilan bo‘lgan voqea singari.
Aslida, bu shart ham emasdi. Ueyn Runi o‘zini erkaklarcha tutdi va murabbiyning mas'uliyatini ham o‘z zimmasiga oldi. Ular o‘sha Gelzenkirhendagi yo‘lakda gaplashib olishgan, keyinroq esa, Runi jamoadoshiga qo‘ng‘iroq qilib, hammasi joyida ekanini aytgandi. «MYu» va Angliya terma jamoasi bo‘lajak sardori hatto Ronalduga birgalikda intervyu berish va barcha gap-so‘zlarga chek qo‘yish taklifini ham bergan ekan.
Karringtondagi klub bazasiga Ronalduning qaytishidan ham ko‘ra, uning qanday ahvolda kelishi barcha uchun kutilmagan bo‘ldi. «Bolakay erkakka aylangandi», - deb eslaydi o‘sha daqiqalarni Gari Nevill, - «yengil vazndan o‘rta vaznga o‘tgandi». Runi ham bunga e'tibor berdi va Ronaldu yoz bo‘yi o‘z mushaklarini o‘stirish bilan shug‘ullanganini taxmin qildi.
Ammo Ronalduning ketishi haqidagi gaplar tinmas, masalan «Valensiya» prezidenti Xuan Soler futbolchini qo‘lga kiritishga qattiq bel bog‘lagan, ingliz muxlislari esa hali ham Ronalduni yomon ko‘rishayotgandi. Bu «Yunayted»ga xalaqit bermadi va jamoa mavsumni «Fulhem» ustidan qozonilgan yirik g‘alaba (5:1) bilan boshladi. Ronaldu o‘yinni o‘ng qanot yarim himoyachisi sifatida o‘ynadi, havodan ajoyib zarba bilan gol urdi va darvozabon Franku Kedruni tinmay bezovta qilib turdi.
«O‘zingiz ko‘rib turibsiz, Ronaldu va Runi - ajoyib do‘stlar. Odamlar doim aybdor qidirishadi, ammo jamoamizning muhiti tashqarida aytilgan bir ikki gap bilan izdan chiqadigan darajada emas. «Fulhem» muxlislari o‘yin boshidan oxirigacha Krishtianuga hushtak chaldilar, ammo ular ham ichlarida uning naqadar iqtidorli futbolchi ekanini bilib turibdilar», - dedi o‘yindan keyin Fergyuson.
Mana shunday hushtaklar va noroziliklar yomg‘iri ostida «Reding» jamoasi sardori Grem Murti Ronalduning o‘zgarib borayotganini tasdiqlardi. Hisobda orqada borayotgan «Manchester Yunayted»ning tinimsiz hujumlari foyda bermayotgan bir paytda, Krishtianu vaziyatni o‘z qo‘liga oladi va Murtini aldab o‘tib, darvozabonni dog‘da qoldiradi - 1:1.
«Uni to‘xtatib qolishning iloji yo‘q edi» - degandi Murti, - «u har tomonga harakat qila oladi, to‘pni sizning o‘ng tomoningizdan ham, chap tomoningizdan ham, boshingizning ustidan ham olib o‘tishi, ustingizdan kulishi mumkin. Unga qarshi o‘ynab, uning naqadar tez va shu bilan birga, chayir ekanini sezishingiz mumkin».
«Bolton»ga qarshi o‘yinda, 2003 yilda, yarim soatga tushib, hammani o‘ziga rom etgan bolakay ketgan, o‘rniga, g‘alabalarni to‘p bilan raqslar emas, gollar keltirishi mumkinligini anglab yetgan Krishtianu Ronaldu paydo bo‘lgandi.
Hatto, doimo Krishni himoya qilib kelgan Fergyuson ham uning ilk mavsumlarda ko‘proq o‘z iqtidorini namoyish qilmoqchi bo‘layotgan bolakaydek harakat qilganini tan olgandi. Noyabr oyiga kelib, nihoyat hovurlar bosildi. «Porstmut» darvozasiga jarima zarbasidan urilgan goldan so‘ng, u ligada haqiqiy ma'noda «ucha boshladi».
Keyin, «Chelsi» va «Everton»ga qarshi o‘yinlarda eng yaxshi o‘yinchi maqomi, keyin esa APLda oyning eng yaxshi futbolchisi sovrini Ronalduga tegdi.
«U «Manchester Yunayted»ga yangi kelganida, sirkchiga o‘xshardi», - deb eslaydi Rio Ferdinand - «u odamlarga o‘z fintlarini ko‘rsatmoqchi bo‘lar, o‘zining naqadat iqtidorli ekanini namoyish qilishga urinardi. Himoyachilarni yerga yotqizib qo‘yish sevimli mashg‘uloti edi. Keyin esa, yakuniy natijaga ko‘proq e'tibor bera boshladi, gollar urish, golli uzatmalar amalga oshirish, o‘yin taqdiriga ta'sir qilish muhimroq ekanini his qildi, boshqacha o‘ynay boshladi. U o‘zini o‘zi o‘zgartira oldi».
Balki ilk marotaba, Ronaldu o‘yindan-o‘yinga yaxshiroq o‘ynay boshlagandi. Noyabr oyida hamma uning salohiyatiga tan bergan bo‘lsa, dekabr oyi haqiqiy «portlash davri» bo‘ldi. Oyni Manchester derbisida gol va assist bilan boshlagan Ronaldu boksing-deylar oldidan, qatorasiga uch o‘yinda dubl qayd etdi. Bu gollar yordamida «MYu» turnir jadvalida peshqadam bo‘lib oldi. Ronaldu bu safar ham oyning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi va Denis Bergkamp va Robbi Faulerdan so‘ng, qatorasiga ikki marta oyning eng yaxshisi deb topilgan uchinchi futbolchiga aylandi.
Ronaldu bu bilan to‘xtamasdi. 2003 yilda 12.7 million funtga «Sporting»dan kelgan Krishtianu har yili murabbiy bilan 100 funtdan o‘ziga xos garov bog‘lashardi. Ilk mavsumda u 10ta gol urishi lozim edi - yutqazdi. 2004/05 yilgi mavsumida endi 15 gol talabi qo‘yildi, yana Krish yutqazdi. Keyingi mavsumda ham murabbiy garovni yutdi. Fergyuson yutuqlarini olishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, Ronaldu bu mavsumda 400 funtdan o‘ynashni taklif qildi va fevral oyidayoq nihoyat garovda g‘olib chiqdi.
Uning 15-goli «Fulhem»ga qarshi o‘yinning 87-daqiqasida ro‘y berdi. Hisobda ortda borgan «iblislar» o‘sha gol tufayli 2:1 hisobida g‘alaba qozondilar. Ronalduning goli xuddi mavsum boshida «Reding» darvozasiga urilgan golga o‘xshardi - chap qanotdan markazga kirib borib, darvozabonni dog‘da qoldirdi.
Bu safar Ronaldu Fergyusonni «kechirdi» va yutuqni olishdan voz kechdi.
Aprelda Ronaldu jamoadagi o‘zining 50-golini urishga muvaffaq bo‘ldi. «Manchester Siti» darvozasiga penaltidan urilgan goldan so‘ng, jamoa chempionlikni nishonladi. Keyingi kuni «Arsenal»ni yenga olmagan «Chelsi» sovrin uchun kurashish imkoniyatidan nazariy tarafdan mahrum bo‘lgandi. Bu portugaliyalik futbolchi uchun ilk chempionlik edi.
Ajoyib mavsum va bir qator individual sovrinlarga qaramasdan, Ronaldu o‘zidan qoniqmasdi. O‘tgan mavsum katta yo‘lning boshlanishi edi xolos. 2007 yilning boshida «Yunayted»ga bir muddat tanaffusdan so‘ng jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy Rene Melensten qaytgandi. Hech qaysi murabbiy Ronalduni Melenstenchalik «qiynamagandi».
«Krishtianu, men sening o‘tgan mavsumdagi gollaringni ko‘rdim. Sen doim mukammal, chiroyli gollar urishga harakat qilasan, shuning uchun atigi 23ta urding xolos. «Menga qaranglar, qanday chiroyli gol urdim» - shumi sening maqsading? Eng muhim futbolchilar doim o‘zining emas, jamoa manfaatlarini yuqori qo‘yadi. Yo‘q, sen o‘ylaganingdek emas, sen jamoaga ishlasang, jamoa ham senga ishlaydi» - derdi Rene.
Bu juftlik tinmay shug‘ullanar, Ronalduning o‘yin uslubida rang-baranglik uchun Alan Shirer, Terri Anrining videolarini o‘rganib chiqishardi. Ular asosan uch zona bo‘yicha ishlashdi. Birinchisi - darvoza atrofi, ikkinchisi - jarima maydonchasining ikki yoni, uchinchisi - jarima maydoni tashqarisi. Va Ronaldu haqiqiy qotilga aylandi - kim aytgandi, goleador bo‘lib tug‘ilish kerak deb? Bo‘lmagan gap!
Melensten Ronaldudan yangi mavsumda nechta gol urmoqchi ekani bilan qiziqadi. «30 yoki 35ta» deb javob berdi futbolchi. «Yo‘q, sen 40ta gol urishga qodirsan» - deb so‘zini bo‘ladi Rene.
2008 yilning iyunida Ronaldu ikkinchi APL chempionligini, shuningdek, Yevropa Chempionlar Ligasini qo‘lga kiritgan, mavsumda barcha musobaqalarda 42 marta raqib darvozasini ishg‘ol qilgandi. Keyingi to‘qqiz mavsumning yettitasida ham Ronaldu 40tadan kam gol urmadi.
«Uning «Yunayted»dagi davri, ayniqsa, 2006-2008 yillarda, menimcha, futbolchining o‘yinga, jamoa yutug‘iga qo‘shadigan hissasi bo‘yicha o‘lchanganda, Krishtiauning eng yaxshi davri edi» - deya eslaydi Garri Nevill, - «Madriddagi faoliyati ham o‘ta yorqin, u yerda qo‘lga kiritilgan yutuqlarda uning beqiyos hissasi bor, ammo «Real»da u asosan e'tiborni ma'lum vaziyatlar uchun qaratardi, «Yunayted»da esa, u butun 90 daqiqa o‘yinda bo‘lardi».
Mavzuga oid
11:06 / 14.12.2024
Husanov transfer bahosi bo‘yicha Ronaldu bilan tenglashdi
13:29 / 17.09.2024
Ronaldu - «MYu»ni tark etishi, klub bilan hozirgi munosabatlari va o‘g‘lining futbolchi bo‘lish istagi haqida
10:49 / 13.09.2024
Ronaldu birinchi bo‘lib ijtimoiy tarmoqlarda 1 mlrd obunachiga ega bo‘ldi
11:38 / 12.09.2024