Jamiyat | 10:30 / 26.10.2017
23138
2 daqiqa o‘qiladi

"Forsaj" filmi marhum yulduzining qizi Porsche’ga qarshi sudni yutib chiqdi

"Forsaj" filmi bilan tanilgan, marhum aktyor Pol Uokerning 18 yoshli qizi Midou Uoker otasining o‘limida Porsche avtomobilsozlik kompaniyasi aybdorligini isbotlab, unga qarshi sudni yutib chiqdi. Aktyor 2013 yilda 41 yoshida xayriya poygasidagi ishtiroki vaqtida avariya tufayli hayotdan ko‘z yumgandi. Bu haqda People nashri xabar bermoqda

Midou Uoker Porsche ustidan 2015 yilda da'vo arizasi topshirgan. Qizning ta'kidlashicha, otasining o‘limiga Porsche Carrera GT mashinasi yo‘lovchi o‘rindig‘idagi nosoz xavfsizlik kamari sabab bo‘lgan. Uoker mashinada yo‘lovchi sifatida o‘tirgan, mashinani esa uning do‘sti Pol Rojyer Rodas boshqargan. Rodas ham mashina chiroq ustuniga urilib yonib ketgandan so‘ng do‘sti kabi halok bo‘lgan.

Midouning aytishicha, Porsche vakillari ularning 2005 yilda ishlab chiqarilgan mashinalarida nosozlik borligini bilishgan, biroq uni bartaraf etish uchun hech qanday chora ko‘rishmagan. Qizning advokatlari aktyor aynan nosoz xavfsizlik kamari tufayli mashinadan chiqib keta olmagani va tiriklayin yonib ketganini isbotlashga muvaffaq bo‘lishgan. 

Kompaniya endi aktyorning qiziga to‘lashi kerak bo‘ladigan tovon puli oshkor qilinmayapti. Shunisi ma'lumki, kompaniya va aktyorning qizi o‘rtasidagi sud tortishuvlari haqidagi ma'lumotlar sir saqlanishi kerak bo‘lgan, biroq ma'lumotlar sizib chiqish oqibatida matbuotda paydo bo‘lgan. Endi Porsche vakillariga avtomobillari xavfsizligi bilan bog‘liq ko‘plab savollarga javob berishlariga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid