Fan-texnika | 10:20 / 27.10.2017
14817
3 daqiqa o‘qiladi

Smartfonlar uchun sinmaydigan ekran yaratildi

Sasseks universitetining professori Alan Dalton boshchiligidagi olimlar jamoasi smartfonlar ekrani uchun yangi material yaratishdi. Kumush va grafenning birlashmasi ekologik toza, sinmaydigan ekranlarni yaratishga imkon beradi. Bu ekranlar hozirda mavjud ekranlardan 10 barobar arzonroq turadi, deb yozmoqda Science Daily.

Bu sensor ekranlar kamroq energiya iste'mol qiladi, barmoq bilan tegishga aniqroq javob beradi, havo ta'sirida ocharmaydi va sinmaydi.

Foto: Dr Matthew Large

Daltonning aytishicha, hozirda smartfonlar ekranlari ishlab chiqarishda qo‘llanuvchi indiy-qalay oksidi mo‘rt va qimmat material hisoblanadi. Uni olish atrof-muhitni jiddiy ifloslantirish bilan kechadi. Bu materialga eng yaxshi muqobil material kumush hisoblanadi. U ham qimmat turadi, biroq yangi texnologiya evaziga juda kam miqdorda qo‘llanadi.

Olimlar kumush nanosimlarni grafen bilan birlashtirishdi. Natijada mavjud texnologiyalar beradigan samaradorlikdan ortda qolmaydigan yangi gibrid material olindi. Bu material o‘nlab marta arzon turadi va atrof-muhitni ifloslantirmaydi. Asosiysi, asfalt, beton va toshga tushish vaqtida sinmaydi. 

"Kumush nanosimlar avval ham sensor ekranlarda qo‘llangan, biroq hech kim ularni grafen bilan birlashtirishga urinmagan. Kumush nanosim to‘rga grafenning qo‘shilishi uning elektrni o‘tkazish qobiliyatini 10 marta oshiradi. Bu esa kamroq kumush ishlatgan holda o‘sha yoki undan yaxshiroq samaradorlikka erishish mumkinligini anglatadi. Natijada, ekranlar barmoq bilan tegishga aniqroq javob beradi va kamroq energiya iste'mol qiladi", deb aytmoqda olim.  

"Kumushning muammosi shundaki, u havoda ocharadi. Biz grafen qatlami kumushni himoyalab, uning ocharishi oldini olishini aniqladik. Biz shuningdek yangi material bir necha marta bukilishiga qaramay, uning elektr xususiyatlari o‘zgarmasligini payqadik", deb aytdi universitetning yana bir olimi Metyu Larj.

Olimlar kumush nanosim va grafen bilan qoplangan sensor ekranning akril palstikdan ishlangan sinov modelini yaratishdi. Bu materialning foydalanuvchilar uchun foydali tomoni uning arzonligidan tashqari, elektr energiyani tejaydi va juda pishiqdir. 

Mavzuga oid