Jamiyat | 11:42 / 28.10.2017
11322
5 daqiqa o‘qiladi

Firibgar mutaxassis 

Fuqaro Adham Mahmudovning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) tuman prokuraturasiga qilgan murojaatida keltirilgan holatlar tasdiqlanib, Yozyovon tumani “Yermulkkadastr” Davlat korxonasining mutaxassisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Aniqlanishicha, A.Mahmudov dehqonchilik bilan shug‘ullanib, amakisi Olimjon Mahmudovning Yangibo‘ston qishlog‘idagi “Bektosh Muhammadumar” fermer xo‘jaligida ishlagan.

2014 yilning kuzida amakisi fermer xo‘jaligini tuman zaxirasiga topshirmoqchiligini aytadi. Fermer bo‘lish istagida A.Mahmudov amakisi bilan tuman hokimining qabuliga kiradi. Amakisi fermer xo‘jaligini jiyaniga topshirmoqchiligini aytganida, hokim rozi bo‘ladi. Biroq xoli qolganlarida boshqacha suhbat bo‘ladi, ya'ni talabgorga “Yangibo‘ston Fayzli Bo‘ston” fermer xo‘jaligi yerlarini taklif qiladi. A.Mahmudov uning taklifiga ko‘ngach, “kadastr xizmati mutaxassisiga uchrashing”, deb tayinlaydi.

Hokimlik binosining ortida joylashgan korxona idorasida mutaxassis Ikromjon Jumayev tenderda qatnashish uchun zarur hujjatlar ro‘yxatini yozib berayotib, go‘yo “tenderda yutib olganday bo‘lib, ishni boshlayverasiz, 167 ming so‘m to‘lab qo‘ying”, deydi. A.Mahmudov unga pul va hujjatlarni keltirib beradi. 2015 yil yanvar oyida tender o‘tkaziladi. Biroq hokim tavsiya qilgan “Yangibo‘ston Fayzli Bo‘ston” fermer xo‘jaligining yerlari tenderga qo‘yilmaydi, o‘z egasining ixtiyorida qoladi. 

A.Mahmudov yana hokimga uchrashadi. “U boshqa yerlar bor”, deb huzuriga kadastr xizmati mutaxassisi I.Jumayevni chaqirtiradi va unga tuman zaxirasidagi 20 gektarlik yer maydonini ko‘rsatishni tayinlaydi. Kelasi kuni yerni borib ko‘rishadi. Biroq A.Mahmudovga yer maydoni ma'qul kelmaydi. I.Jumayev “Shoshmay turing, zaxiraga qaytarib olinadigan yer bor. Besh yuz ming so‘m bersangiz, o‘sha yerni sizga to‘g‘rilab beramiz”, deydi. A.Mahmudov kelasi kuni unga aytilgan pulni beradi. So‘ngra bir necha marta I.Jumayevga va hokimga uchrashadi. Bu orada hokim Toshkent shahriga o‘qishga ketadi. Qaytganidan so‘ng qabuliga kirganida, kadastr xizmati mutaxassisi I.Jumayevni huzuriga chorlab, ishini to‘g‘rilab berishni tayinlaydi. Biroq mutaxassis aytgan yer egalik bo‘lib ketgan edi.

A.Mahmudov yana hokimning qabuliga kirib, o‘sha “Bektosh Muhammadumar” fermer xo‘jaligining yerini bo‘lsa ham nomiga o‘tkazish berishni so‘raydi. Hokim “ishni boshlayvering”, deydi. I.Jumayev esa talabgordan ushbu fermer xo‘jaligi yerlarini nomiga o‘tkazib berish uchun yana 500 ming so‘m talab qiladi. A.Mahmudov unga kelasi kuni 450 ming so‘m beradi hamda hokimning va kadastr xizmati mutaxassisining va'dalariga ishonib, elektr simi tortadi, nasos o‘rnatib, suv chiqaradi. Ariqlarni ekskavatorda tozalatib, yerni chigit ekishga tayyorlab qo‘yadi. U bu ishlarga jami 7 mln. 500 ming so‘m mablag‘ sarflaydi. Biroq, mart oyida bo‘lgan tenderda boshqa bir dehqon g‘olib, deb topiladi. “Sarf-xarajatlarim nima bo‘ladi”, deb so‘raganida, tender komissiyasi raisi “tenderda yutib olgan yigit to‘laydi, agar to‘lamasa, yerni sizga olib beramiz”, deydi.

So‘nggi bor hokim unga baliq yetishtirish uchun 10 gektar yer maydoni berilishini va'da qiladi. A.Mahmudov “bas, hech narsa kerak emas”, deya kadastr xizmati mutaxassisidan pullarini qaytarib berishni so‘raydi. I.Jumayev, “boring, qayga borsangiz boravering” degach, prokuraturaga murojaat qiladi.

Firibgarlik bilan fuqaroning 3 mln. so‘mdan ziyod pullarini qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan mutaxassisga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudda ko‘rildi. Uning aybi qisman iqrorligidan tashqari, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari bilan ham isbotlandi. Aldab olgan pullarni sudgacha qaytarib bergan I.Jumayevga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid