Jahon | 09:20 / 29.10.2017
8027
2 daqiqa o‘qiladi

Iroq Kurdistonining ko‘p yillik yetakchisi iste'foga chiqadi

Foto: Azad Lashkari / Reuters

2005 yildan beri Iroq Kurdistonini boshqarib kelayotgan Mas'ud Barzaniy iste'foga ketishga qaror qildi. Barzaniy ushbu qarorni muxtoriyatning mustaqilligi bo‘yicha o‘tkazilgan referendum tufayli Bag‘dod bilan yuzaga kelgan keskinlik ortida qabul qildi.

Ta'kidlanishicha, Barzaniy o‘z lavozimini 1 noyabrda tark etadi. Muxtoriyat yetakchisi bu rejasini muxtoriyat parlamentiga yo‘llagan maktubida bayon qilgan. Barzaniy maktubda prezidentlik vakolatlarini muxtoriyat hukumati, parlamenti va sud organlari orasida taqsimlashni taklif qilgan. 

Barzaniyning prezidentlik muddati aynan 1 noyabrda poyoniga yetadi. Shu kunga prezidentlik va parlament saylovlari o‘tkazilishi belgilangandi. Biroq o‘tgan haftada saylovlar Bag‘dod bilan vujudga kelgan keskinlik sababli noma'lum muddatga qoldirilgani e'lon qilingandi.

25 oktabrda muxtoriyat hukumati hududda yuzaga kelgan keskinlikni yumshatish uchun mustaqillik referendumi natijalarini muzlatishni taklif qilgan.

Barzaniy kurd muxtoriyatiga 2005 yilda prezident bo‘lgan, 2009 yilda esa bu lavozimga qayta saylangan. 2013 yilda Barzaniy ikkinchi prezidentlik muddati yakunlanganiga qaramay, o‘z lavozimini tark etishdan bosh tortgan. Uning vakolatlari parlament tomondan dastlab 2015 yilgacha, so‘ngra yana ikki yilga uzaytirilgan.

Mavzuga oid