Jahon | 13:00 / 01.11.2017
104474
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik, haydovchi, IShID tarafdori. Nyu-Yorkdagi terakt haqida nimalar ma'lum?

31 oktabr, seshanba kuni Manhettenda yuk mashinasini boshqargan shaxs odamlarni qasddan urib yuborishi oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi, 12 kishi jarohatlandi. Kelib chiqishiga ko‘ra o‘zbekistonlik bo‘lgan Sayfullo Saipov terakt ijrochisi sifatida gumon qilinmoqda. U ayni vaqtda qo‘lga olingan. 29 yoshli bu terrorchi Uber haydovchisi sifatida ishlagan. Ayrim manbalarga ko‘ra, u mashinada teraktni IShID nomidan sodir etgani ifodalangan yozuv qoldirgan.

Bu voqeadan keyin AQSh prezidenti Donald Tramp migratsion nazorat choralarini qat'iylashtirishga chaqirdi.

Hujum haqida nimalar ma'lum

Avtomobil odamlar ustiga yurishi oqibatida Nyu-Yorkda 8 kishi halok bo‘ldi, yana 12 yo‘lovchi turli darajada jarohatlandi. Hodisa Manhettenda odamlar gavjum hududda, 11 sentabr terakti qurbonlari memoriali yaqinida sodir etildi.

Hujumni sodir etganidan keyin haydovchi furgondan chiqqan, odamlar uning qo‘lida qurolga o‘xshash buyumni ko‘rishgan. Nyu-York politsiyasi uni o‘qqa tuta boshlagan. 

«Gumonlanuvchi avtomobildan o‘qotar qurolni eslatuvchi buyum ko‘tarib chiqdi, politsiya unga o‘t ochdi», — deyilgan Nyu-York politsiyasi tvitterida.

Hukumat talqiniga ko‘ra, hujum qilgan shaxs — yosh erkak. Terrorchi haqida boshqa ma'lumotlar keltirilmayapti. Nyu-York politsiyasi boshlig‘i Jyeyms O'Nil terrorchining qo‘lidagi pnevmatik qurol bo‘lib chiqqanini aytdi. Bu peyntbol o‘ynaladigan vintovka edi.

Terakt oqibatida qurbon bo‘lganlarning 5 nafari Argentina fuqarosi, yana ikki kishi belgiyalik.

Uber haydovchisi IShIDga aloqador

Hukumat qo‘lga olingan shaxsning yoshidan boshqa ma'lumot bermayapti. Lekin OAV uning ismi-sharifini bilib oldi. Nyu-Yorkda begunoh odamlarni mashinada toptab o‘tgan shaxs 29 yoshli o‘zbekistonlik Sayfullo Habibullayevich Soipov. U 2010 yilda grin-karta yutib, Farg‘onadan AQShga kelgandi.

CBS telekanalining aniqlik kiritishicha, Soipov Florida shtatining Tampa shahrida yashagan. U shu shtatda haydovchilik guvohnomasi olgan.

FoxNews telekanali ma'lumotiga ko‘ra, u teraktni sodir etishidan oldinroq Nyu-Jyersida — Nyu-Yorkka qo‘shni bo‘lgan shtatda bo‘lgan.

Xabar qilinishicha, terakt ijrochiligida asosiy gumondor bo‘lib turgan bu shaxs Uber taksi xizmatida ishlagan. 

Internetda Nyu-Yorkdagi teraktga oid videolar tarqaldi

Pentagonning sobiq xodimi Maykl Maluf RT bilan suhbatda IShID Soipov bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lgan-bo‘lmaganidan qat'i nazar tez orada ushbu terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini taxmin qildi.

«Nyu-York politsiyasi bu hodisani terakt sifatida baholadi. Qo‘lga olingan shaxs diniy so‘zlar aytgan. Uning qo‘lida pnevmatik qurol bo‘lgan, u o‘zini politsiya otib tashlashini kutgan. Endi u avvalgi teraktlardan ilhomlanganmi yoki topshiriq bajarganmi, shuni bilish kerak. Lekin bu terakt uchun javobgarlikni baribir IShID o‘z zimmasiga oladi», — deb hisoblamoqda Maluf.

O‘zbekiston Sayfullo Soipov haqidagi ma'lumotni tekshirmoqda

Trampning munosabati

AQSh prezidenti Donald Tramp Nyu-Yorkdagi terakt «kasal va ruhan nosog‘lom odam» tomonidan sodir etildi, deb aytdi. 

«Aftidan, Nyu-Yorkdagi terakt kasal va ruhan nosog‘lom inson tomonidan amalga oshirilgan. Huquq-tartibot organlari vaziyatni sinchiklab o‘rganishmoqda. Faqat AQShdagina emas!» — deya yozdi Tramp tvitterida.

Tramp, shuningdek, Ichki xavfsizlik vazirligiga Nyu-Yorkda yuz bergan terakt tufayli chegara nazorati choralarini kuchaytirish haqida topshiriq berdi.

«Hozirgina Ichki xavfsizlik vazirligiga choralar va tekshiruvdan o‘tkazish dasturini kuchaytirish haqida topshiriq berdim. Siyosiy boadab bo‘lish yaxshi, biroq bu holatda emas» — deya davom etgan Oq uy rahbari.

Nyu-York meri Bill de Blazio ham voqeaga munosabat bildirdi. «Bu terrorizm akti», — degan u.

AQSh Davlat departamentining sobiq vakili Jim Jatrasning hisoblashicha, bu hujumni sodir etgan shaxs radikal musulmon bo‘lgan taqdirda ham, bu voqea Donald Trampning muhojirlarning kelishini taqiqlash bo‘yicha qonuniga amerikaliklarning munosabatini o‘zgartirmasligi kerak.

«Menimcha, bu terakt musulmon mamlakatlari aholisining mamlakatga kirishini taqiqlash bo‘yicha qonunga ta'sir qilmaydi. Chunki, bu qonun ortida konstitutsiyani buzayotgan federal sudyalar turibdi. Axir konstitutsiya bo‘yicha, aynan prezident mamlakatga kimni kiritish-kiritmaslik bo‘yicha oxirgi so‘zni aytishi kerak. 1979 yilda Eronda amerikaliklar garovga olinganida, prezident Karter Eronga vizalarni bekor qilgandi. Xuddi shunday cheklov Barak Obama tomonidan ham qo‘llangan va o‘shanda hech kim e'tiroz bildirmagandi. Trampning qonuni bir sud tomonidan ma'qullanib, keyingisi tomonidan bloklanmoqda. Menimcha, bu sudyalar haqiqiy terroristik tahdidni sezishmayapti», — deya so‘zlagan Jatras RT telekanali efirida.

«AQSh siyosati mahsuli»

AQShda ushbu terakt Qo‘shma Shtatlarning Yaqin Sharqdagi siyosati bilan aloqadorligi haqidagi fikrlar yangramoqda. Virjiniya shtati senatori Richard Blek Vashington Yaqin Sharqdagi radikal ekstremistlarni qo‘llashi hududdagi terroristik xavf tashqariga ham keng yoyilishiga olib kelishi haqida fikr bildirgan.

«Shunisi qiziqki, bu hujum 3 ming amerikalik halok bo‘lgan 11 sentabr voqealariga o‘rnatilgan memorial yonida sodir etildi. Men umid qilamanki, AQSh nihoyat Yaqin Sharqdagi davlatlar hukumatlarini ag‘darishda davom etish orqali Pandora eshigini ochib yuborib, terroristik hujumlar to‘lqiniga sabab bo‘layotganini tushunadi», — degan senator.

Nyu-York universiteti professori Deniel Shou ham ushbu terakt AQSh Davlat departamenti va Pentagon tomonidan «o‘ziga ma'qul» ekstremistlarni qo‘llash siyosati oqibatlari ekani haqida gapirgan.

«Bunday teraktlar, albatta, AQShning Yaqin Sharqda olib borayotgan siyosati bilan bog‘liq bo‘ladi. Biz terrorizmning har qanday ko‘rinishini qoralamog‘imiz zarur. Qiziq, Tramp va mer De Blazio darhol bu hodisani terakt deb e'lon qilishdi, ammo Las-Vegasdagi qirg‘indan keyin «terrorizm» so‘zi bir marta ham ishlatilmagandi. Jinoyatni ikki xil standart bilan baholashmoqda», — degan professor RT jurnalistiga.

«AQSh terror bilan urushga trillionlab dollarlarni sarflamoqda»

Amerika hukumati terrorchilarga qarshi kurash uchun trillionlab dollar sarflamoqda, ammo AQSh fuqarolari o‘zlarini ekstremistik xavfdan xoli deb hisoblay olmaydi. Bu haqda siyosatshunos Pol Martin o‘z fikrlarini bildirgan.

«Biz Amerika armiyasi uchun bu yili qariyb trillion dollar ajratdi, 2001 yili 11 sentabridan buyon «terror bilan urush» uchun sarflangan mablag‘lar miqdori 6 trillion dollarga yetdi. Har bir soliq to‘lovchi amerikalik boshiga — 23 ming dollardan. Lekin biz bu sarflardan keyin o‘zimizni xavfdan xoli seza olayapmizmi? Menimcha yo‘q», — degan ekspert.

Uning fikricha, Amerika hukumati pullarni armiyaga emas, bunday voqealarning oldini olishga qaratilgan haqiqiy dasturlarga sarflashi kerak — kambag‘allikka qarshi kurash, ta'lim sifatini yaxshilash va diniy bag‘rikenglikka erishish.

«Biz Yaqin Sharqda tinch aholini bombalab, fuqarolik infratuzilmasini vayron etmoqdamiz. Buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita amalga oshirmoqdamiz», — degan amerikalik siyosatshunos.

 

Mavzuga oid