O‘zbekiston | 20:40 / 03.11.2017
16599
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev yana 3 davlat bosh vazirlarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 noyabr kuni MDH Hukumat rahbarlari kengashining Toshkent shahrida o‘tgan navbatdagi majlisida ishtirok etgan Qirg‘iziston Bosh vaziri Sapar Isoqov, Armaniston Bosh vaziri Karen Karapetyan hamda Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yoqub Eyubov bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Qirg‘iziston Bosh vaziri Sapar Isoqov bilan muloqotda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalar jadal rivojlanayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi. 

Foto: prezident.uz

So‘nggi oylarda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi o‘zaro tashriflar va ularning samaralari ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik bosqichiga ko‘tardi. 

Qabul qilingan qaror va erishilgan kelishuvlarning keng miqyosda amalga oshirilishini ta'minlash masalasi, tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiyani rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. 

Armaniston Bosh vaziri Karen Karapetyan bilan uchrashuvda o‘zaro aloqalarning mavjud salohiyati va keng imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi. 

Foto: prezident.uz

Davlatimiz rahbari tomonidan o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni, avvalo, savdo-iqtisodiy sohadagi aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Qo‘shma Hukumutlararo komissiyaning samarali faoliyatini ta'minlash muhimligi ta'kidlandi. 

Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yoqub Eyubov bilan O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo, energetika, transport va tranzit sohalari, shuningdek, boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi. 

Foto: prezident.uz

Kutilayotgan oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlarning iqtisodiy kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi ta'kidlandi. 

Qirg‘iziston, Armaniston va Ozarbayjon hukumatlari rahbarlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va o‘z davlatlari rahbarlarining ezgu tilaklarini yetkazdi. 

Ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish va mustahkamlash, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yangi aniq mazmun bilan boyitish yo‘lidagi faol hamkorlikdan tomonlar manfaatdor ekani ta'kidlandi.

Mavzuga oid