Fan-texnika | 20:20 / 06.11.2017
13465
9 daqiqa o‘qiladi

Avtotest markaziy o‘quv majmuasida mediatur o‘tkazildi

Foto: Avtotest

Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash tizimining ajralmas qismi bo‘lgan yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash eng muhim davlat vazifalaridan biri sanaladi. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shu jumladan, haydovchi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu tariqa, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari hisobga olingan holda, respublika qonunchiligida transport vositasi tezlik rejimiga talablar kuchaytirildi, boshqaruv vaqtida haydovchi e’tiborini chalg‘ituvchi mobil aloqa qurilmalaridan foydalanishga, avtotransport salonida turli videotizimlarga taqiq qo‘yildi, shuningdek, haydovchi va yo‘lovchilarning xavfsizlik kamarini majburiy taqishi, avtotransport vositasida tibbiy yordam to‘plamining majburiy mavjudligi va ichidagi narsalar, o‘t o‘chirgich, avariyaviy to‘xtash belgisi, nur qaytaruvchi jilet bo‘yicha norma kiritildi.

Shuningdek, yo‘lovchilar va yuklarni tashish bilan shug‘ullanadigan transport vositalarining texnik holatiga bo‘lgan talablar kuchaytirildi, murakkab transport yo‘llari va kesishmalarining muhandislik yechimlari, qarama-qarshi polosaga chiqib ketishga xalaqit beruvchi ajratuvchi qurilmalar, transportning yo‘l chetidagi ariqqa chiqib ketish imkoniyatini kamaytiradigan maxsus yo‘l jihozlarining o‘rnatilishi bo‘yicha choralar ko‘rildi.

Joriy yilning mart oyidan boshlab Toshkentda kompyuterlashtirilgan yo‘l harakati xavfsizligini boshqarish tizimi foydalanishga topshirildi, uning ayrim qismlari ba’zi viloyat markazlarida amalga oshirilmoqda. Darvoqe, huquqni muhofaza qilish organlari vakillarining ommaviy axborot vositalarida qilgan chiqishlarida ta’kidlanishicha, tizim ishlashining faqatgina birinchi oyi yakuni bo‘yicha jihozlangan chorrahalarda Yo‘l harakati qoidalarining buzilishi soni bir necha barobarga kamaygan. 

Yo‘lovchilar va yuklarni tashishda YTH soni kamayganiga qaramasdan, ushbu toifadagi haydovchilar uchun YHQga rioya qilish tartibi yetarli darajada emas. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda yo‘lovchi va yuklar tashuvchi transport vositalarining haydovchilari aybi bilan 972 YTH ro‘y bergan, ularda 352 kishi halok bo‘ldi, 962 kishi jarohatlandi. Ushbu haydovchilar toifasida aniqlangan yo‘l harakati qoidalari buzilishining umumiy soni 3 890 ni tashkil qildi.

Shu bilan birga, yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash tizimiga ta’sirning eng samarali shakli – bu YHQ talablarini qo‘llash va avtotransport vositalarini boshqarishning amaliy ko‘nikmalari bo‘lib, ularning asoslari haydovchilik avtomaktablarda olinadi.

O‘qitishning innovatsion uslublarini joriy etish orqali yo‘l harakati, fuqarolar hayoti va sog‘ligi xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarini ogohlantirish bo‘yicha choralarni kuchaytirish, shuningdek, yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar malakasini oshirish tartibini takomillashtirish maqsadida IIV tashabbusi bilan 2017 yilning 4 sentabrida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining «Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 693-son Qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2018 yil 1 yanvardan boshlab yuqorida qayd etilgan shaxslar tomonidan «Avtotest» o‘quv majmualari negizida har 2 yilda bir marta malaka oshirish kurslaridan o‘tish tartibi o‘rnatildi.

«Avtotest» kompaniyasi bu jarayonning nisbatan yosh ishtirokchisi (birinchi avtomaktab 2015 yilning sentabrida ochildi, dasturiy mahsulotlar va maxsus adabiyotlarni ishlab chiqish – 2012 yilning boshidan) bo‘lgani holda, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash ishiga ijobiy hissa qo‘shmoqda. Kompaniyaning faoliyat sohasi – haydovchi kadrlarni tayyorlash jarayonida ishtirok etish, aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini olib borish, zamonaviy o‘quv-uslubiy mahsulotlarni ishlab chiqish.

Kompaniya rivojlanish strategiyasi aniq bir prinsiplarga asoslangan, ular orasida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash manfaati ustuvorligi, foydali xalqaro tajribani e’tiborga olgan holda haydovchi kadrlarni sifatli tayyorlashni tashkil etish, ta’limning zamonaviy uslublari, ilm-fan va texnika yutuqlarini qo‘llash, bor bo‘lgan muammolar hamda istiqbolli rivojlanish yo‘nalishlarini muhokama qilishda ochiqlik kabilar bor.  

«Avtotest» kompaniyasi o‘qitishning yangi namunadagi uslublari, shakllari, texnologiyalari va tashkil etilishi namoyish etiluvchi ixtisoslashtirilgan forumlarning doimiy ishtirokchisi. «Avtotest 1.0», «Avtotest 2.0», «Avtotest 3.0» innovatsion mahsuloti xorijiy hamkorlarning ijobiy mulohazalari hamda baholariga ega, 2013 yilda esa Toshkentda tashkil etilgan «Best soft Uzbekistan» ko‘rgazmasida «Dasturiy mahsulot – yil markasi» nominatsiyasida g‘olib deb tan olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida ko‘rsatilgan Qarori ijrosi doirasida, 2017 yilning 6 noyabr kuni Avtotest markaziy o‘quv majmuasida O‘zbekistonning barcha mintaqalarida avtotransport vositalari haydovchilarining malakasini oshirish Markazlari ochilishiga tayyorgarlikka bag‘ishlangan mediatur o‘tkazildi.

Tadbir davomida mediatur ishtirokchilari yaratilgan shart-sharoitlar, moddiy-texnika, o‘quv-uslubiy bazalar, shuningdek, o‘qituvchilarning darajasi va malakasi bilan tanishdilar.

Tadbirda «Intranet» axborot-kommunikatsiya muhiti yordamida o‘quvchilar va o‘qituvchilar tarkibining qatnashishi yuzasidan qat’iy monitoring nazorati jarayoni ko‘rib chiqildi. Auditoriya mashg‘ulotlarining o‘tkazilishi ham real vaqt rejimidagi audio va videokuzatuv yordamida nazorat qilinadi.

Haydovchilar malakasini oshirish zarurligi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. YHXDX matbuot xizmati rahbarining ta’kidlashicha: «Yo‘l harakati xavfsizligini oshirish maqsadida, hamda IIV, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat raqobat qo‘mitasi, O‘zbekiston Avtomobil va daryo transport agentligi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan takliflarni tanqidiy o‘rgatish natijalari bo‘yicha, 2018 yilning 1 yanvaridan yuridik shaxslar avtotransport vositalarini boshqaruvchi shaxslar malakasini oshirish tartibi, «Avtotest Report» MChJ o‘quv majmuasini O‘zbekiston Respublikasida ushbu malakani oshirish faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha maxsus huquqqa ega kompaniya sifatida belgilagan holda joriy etish lozimligi haqida qaror qabul qilindi».

- O‘quv jarayoni anchadan beri 20 yillik stajga ega haydovchilar yodida bo‘lgan holatda emas. Biz o‘quv jarayonida multimedia vositalaridan faol foydalanamiz. Mashg‘ulotlarda o‘qituvchi planshetni ishlatadi, kurslar uchun maxsus ishlab chiqilgan Avtotest 3.0 dasturidan annimatsion 3D roliklar esa har bir o‘quv auditoriyasida o‘rnatilgan katta ekranlar va proyektorlarda ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, o‘qituvchilar, metodistlar, psixologlardan iborat bo‘lgan mutaxassislar ekspertlik guruhi tomonidan o‘qitishning noyob interfaol uslubi ishlab chiqildi, unda barcha ishtirokchilar ta’limga qamrab olinadi. Har bir eshituvchiga Avtotest 3,0 videoma’ruzalari bo‘lgan disk hamda tarqatiladigan materialga ega ish daftarlari taqdim etiladi, - deydi «Avtotest Report» MChJ bosh direktori.

Tadbirda alohida ta’kidlanishicha, Avtotest Markazlarni yaratish va rivojlantirishga 25 milliarddan ortiq so‘m yo‘naltirmoqda hamda bir mingtadan oshiq ish o‘rinlari tashkil etilmoqda. Barcha Markazlar o‘qitishning innovatsion uslublarini joriy etish uchun zamonaviy qurilmalar bilan jihozlanadi, ular hozirda O‘zbekistonda analoglarga ega emas.

-  Kurslar ishtirokchilarini qabul qilib olishga Toshkentning Mirobod, Chilonzor, Shayxontohur tumanlaridagi markazlar to‘liq tayyor va jihozlandi. Jihozlar, mebel sotib olindi va Qoraqalpog‘iston, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Toshkent viloyatlaridagi Markazlarni jihozlash bo‘yicha kompleks ishlar keng olib borilmoqda, - deya aytib o‘tdi malaka oshirish bo‘yicha Departament direktori Mamanbiy Omarov.

Ishlab chiquvchilar kurslarni sig‘imli va maksimal samarali qilishgan. Ular faqat bir hafta davom etadi. O‘qitish qiymati ham maqbul - eng kam ish haqining 2 barobari. Haydovchilarning malakasini oshirish uchun to‘lov ish beruvchining o‘z mablag‘lari hisobidan, budjet tashkilotlarida esa - budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid