Sport | 13:10 / 13.11.2017
21290
6 daqiqa o‘qiladi

Italiya jar yoqasida. Bugun yilning eng muhim o‘yini

Yevropada JCh-2018 yo‘llanmasi uchun pley-off uchrashuvlari davom etmoqda. Bugun bo‘lib o‘tadigan yana bir uchrashuv bilan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan navbatdagi terma jamoa nomi aniq bo‘ladi. Hozircha butun pley-offlarning eng markaziy uchrashuvi deya baholanayotgan uchrashuvda Italiya terma jamoasi shvetsiyaliklar bilan yagona yo‘llanma uchun kurash olib boradi.

JCh-2018 saralash bosqichi, Yevropa
Pley-off bosqichi

Italiya – Shvetsiya

Uchrashuv bo‘lib o‘tadigan stadion: «San-Siro» (Juzeppe Meatstsa)
Boshlanish vaqti: 14 noyabrga o‘tar kechasi soat 00:45 (Toshkent vaqti bilan)
Bosh hakam: Antonio Mateo Laos (Ispaniya)

Bugun butun dunyo futbol muxlislarining e'tibori aynan mana shu uchrashuvga qaratilishi shubhasiz. JCh-2018 saralash bosqichi doirasidagi navbatdagi yo‘llanma Milanda o‘ynaladi va unda Italiya terma jamoasi Shvetsiyani qabul qiladi. Uchrashuvga bo‘lgan qiziqishning oshishiga yana bir sabab sifatida dastlabki uchrashuvda qayd etilgan hisobni keltirib o‘tishimiz mumkin.

Stokholmda kechgan birinchi uchrashuvda shvedlar kichik hisobda g‘alaba qozonishdi va javob uchrashuvi oldidan ustunlikka ega bo‘lib olishdi. O‘z uyida darvozasi daxlsizligini saqlab qolgani uchun ham skandinaviyaliklarning imkoniyati ancha oshdi. Agar ular bugun Milanda gol kiritishni uddalay olishsa, Italiya yo‘llanmani qo‘lga kiritishi uchun kamida 3ta gol bilan javob qaytarishi lozim bo‘ladi. «Skuadra Adzurra» vakillari bunga tayyormi?

Eng qiziq tomoni, Italiya terma jamoasi 1958 yilgi jahon chempionatidan so‘ng muntazam ravishda to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida ishtirok etib kelmoqda. Agar bu uchrashuvda vazifa uddalay olinmasa, 60 yillik muntazamlikka ko‘chgan an'ana barham topishi mumkin. Yana bir qiziq tomoni, Italiya to‘rt karra jahon chempioni bo‘lib turib ham JChda ishtirok eta olmagan ilk terma jamoaga aylanishi mumkin. Buni esa tasavvur qilish juda qiyin albatta.

Uchrashuv oldi qiziqarli faktlar:

Ikki jamoa o‘zaro shu kunga qadar 25 uchrashuv o‘tkazgan bo‘lib, Italiya terma jamoasi 12 marta zafar quchgan, 7 uchrashuvda esa Shvetsiya terma jamoasining qo‘li baland kelgan, 6 uchrashuvda durang qayd etilgan.

Italiyaliklar o‘z uyida Shvetsiya terma jamoasiga qarshi 1983 yildan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelishmoqda. Bundan 34 yil muqaddam Neapolda qo‘lga kiritilgan g‘alaba (3:0) Shvetsiya uchun mehmonda qo‘lga kiritilgan yagona g‘alaba bo‘lib qolmoqda.

Italiya terma jamoasi so‘nggi beshta uchrashuvdan buyon bittadan ortiq gol kirita olmayapti: Isroil va Albaniya 1:0 hisobida mag‘lub etilgan bo‘lsa, Makedoniya bilan 1:1 durang qayd etildi. Ispaniya va Shvetsiya terma jamoalari darvozasi esa ishg‘ol etilmadi.

JCh-2006da to‘rtinchi marta JChda zafar quchgan Italiya terma jamoasi shundan so‘ng ketma-ket ikki mundialda ham guruh bosqichidan nariga o‘ta olmagan.

JChda Italiya terma jamoasi o‘tkazgan so‘nggi 6 uchrashuvning faqat bittasida g‘alaba (Angliyani 2014 yilda mag‘lub etgan) qozona olgan xolos.

Shvetsiya esa so‘nggi ikki jahon chempionatida ham ishtirok eta olmagan.

Taxminiy tarkiblar
Italiya terma jamoasida sariq kartochkalari ko‘payib ketgani uchun Marko Verratti uchrashuvda maydonga tusha olmaydi. Qolgan chiziqlarda esa muammo yo‘qligini ko‘rishimiz mumkin:

Italiya: Buffon, Bardzali, Bonuchchi, Kellini, Darmian, Kandreva, Parolo,  De Rossi, Veratti, Immobile, Belotti.
Shvetsiya: Olsen, Kraft, Lindelyof, Grankvist, Avgustinson, Forsberg, Ekdal, Yohansson, Larsson, Berg, Toyvonen.

Nima kutish mumkin?

Hozirgi Italiya terma jamoasining eng kuchli futbolchilari bu – raqib hujumini buzuvchilar, to‘xtatuvchilar va darvozabon. Hujumda yuqori sport  formasiga kirib olgan «Latsio» hujumchisi Immobile, yosh iqtidorli Andrea Belotti va qanot vingerlari Lorentso Insine, Federiko Bernardeski va Stefan ash-Shaaraviy bo‘lishiga qaramasdan jamoa yuqori samaradorlik ko‘rsata olmayapti. Terma jamoa saralash bosqichida 21ta gol kiritgan bo‘lsada, ularning 9tasi Lixtenshteyn terma jamoasi darvozasiga kiritilgan. Yuqorida eslangani kabi, jamoa so‘nggi beshta rasmiy uchrashuvda atigi uchta gol kiritishning uddasidan chiqdi.

Shvetsiyaga qarshi uchrashuvda esa jamoa anchadan buyon eplay olmayotgan ishini bajarishiga to‘g‘ri keladi. Chunki, bu safar bitta gol Italiyani faqat qo‘shimcha daqiqalar, yoki penaltilar seriyasiga yetaklab borishi mumkin - Shvetsiya gol urmasa.

Ibrahimovich terma jamoadan ketgach, Shvetsiya terma jamoasi biroz kuchsizlangan bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, mehmondagi uchrashuvlarda jamoa unchalik ishonchli ko‘rinmayapti. Joriy siklda ular mehmonda faqatgina autsayderlar — Lyuksemburg va Belarusdan ustun kelishgan. Faqatgina mana shu fakt Italiya terma jamoasi muxlislarini biroz xotirjam qilishi mumkin. Agar ular Italiyani yo‘lda qoldirib keta olishsa, tarixiy natijalardan biri qayd etilishi mumkin.

Qiziq ma'lumot

Italiya terma jamoasi so‘nggi marta katta musobaqalarni o‘tkazib yuborishi 1992 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda «Skuadra Adzurra» Shvetsiya maydonlarida bo‘lib o‘tgan Yevropa chempionatiga yo‘llanma ola bilmagan. Bu safar endi Shvetsiya terma jamoasining o‘zi Italiyani 60 yillik tanaffusdan so‘ng mundialdan mahrum qilishi mumkin.

Azamat Murodov tayyorladi

Mavzuga oid